Iqtisodiyot
Avstriya biznes delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrif buyuradi
O‘zbekistonning Avstriyadagi elchisi Baxtiyor Ibragimov Avstriya moliya vaziri o‘rinbosari, tog‘-kon sanoati masalalari departamenti rahbari Andreas Rayxardt bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda Avstriya Moliya vazirligi rahbariyati boshchiligidagi biznes delegatsiyaning shu haftada tashrif buyurishi masalalari muhokama qilindi.
Muloqot jarayonida tashrifning tashkiliy va mazmuniy jihatlari kelishib olindi. Andreas Rayxardt O‘zbekiston va Avstriya o‘rtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy sohalarda aloqalar yildan yilga rivojlanib borayotganini ta’kidlab, bo‘lajak tashrif hamkorlikning rivojlanishiga mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishini bildirdi.
Mazkur o‘tkaziladigan tashrif davomida Avstriyaning yetakchi kompaniyalari vakillari bilan G2B va B2B formatdagi uchrashuvlar tashkil etiladi.
O‘zbekistonning Venadagi elchixonasi ishlab chiqqan dasturiga ko‘ra, Andreas Rayxardt va mamlakatning bir qator vazirlik, idoralar va tashkilotlari o‘rtasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ularda misni qayta ishlash, gidroenergetika, “yashil” energetika, kimyo sanoati, “aqlli qishloq xo‘jaligi”ni joriy etish, tog‘-kon sanoati, biznes-konsalting, savdo-sotiq, jamoat hamda transport xavfsizligi, havo harakatini va tabiiy ofatlarni boshqarish sohalarida hamkorlikni jadallashtirish masalalari muhokama etiladi.
Shuningdek, delegatsiyasi a’zolari 26–28 noyabr kunlari poytaxtda bo‘lib o‘tadigan “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi”, “Transkaspiy transport yo‘lagi va ulanish bo‘yicha investorlar forumi” hamda AgroExpo Uzbekistan xalqaro ko‘rgazmasida ham qatnashishi ko‘zda tutilgan.