Sport
Avstraliya eronlik besh nafar futbolchi qizga boshpana bermoqda
Avstraliyada o‘tgan xalqaro turnirda eronlik futbolchi qizlar milliy madhiyani kuylashdan bosh tortdi. Ularning besh nafari boshpana so‘radi va Avstraliya hukumat idoralari ularni himoya ostiga oldi.
Vatanida milliy madhiyani kuylashdan bosh tortgani uchun ta’qibga uchrash xavfi ostida qolgan Eron ayollar terma jamoasining besh nafar futbolchisi Avstraliyada boshpana oladi. Bu haqda 10 mart, seshanba kuni Avstraliya ichki ishlar vaziri Toni Berk ma’lum qildi. Uning aytishicha, u bir kun avval kechqurun ularning humanitar viza olish uchun bergan arizalarini imzolagan. Shuningdek, u Avstraliya politsiyasi sportchi qizlarni “xavfsiz joy”ga joylashtirganini aytdi.
9 mart, dushanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp omma oldida Avstraliyani eronlik futbolchi qizlarga boshpana berishga chaqirdi. Ular Isroil va AQShning Erondagi urushi boshlanishidan oldin Osiyo kubogida ishtirok etish uchun Avstraliyaga kelgan edi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, ularni vatanga qaytarmaslik kerak, chunki u yerda ularni “juda katta ehtimol bilan” o‘lim kutayotgan bo‘lishi mumkin. Amerika prezidenti agar Avstraliya sportchi qizlarga boshpana bermasa, buni AQSh amalga oshirishini va’da qildi. Uning aytishicha, u bu mavzuni Avstraliya bosh vaziri Entoni Albaneze bilan muhokama qilgan.
Keyinroq Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida Avstraliya hukumat organlari besh nafar sportchiga boshpana berishni ma’qullagani, boshqalar esa o‘z navbatini kutayotganini yozdi.
“Besh nafari allaqachon joylashtirildi, qolganlari esa yo‘lda. Biroq ayrimlar qaytishi kerak, deb hisoblamoqda, chunki ular oilalarining xavfsizligidan xavotirda, jumladan, agar ular qaytmasa, oila a’zolariga tahdidlar bo‘lishi mumkin”, — dedi Oq uy rahbari. U yana Avstraliya bosh vaziri “bu juda nozik vaziyatni yaxshi boshqarayotgani”ni qo‘shimcha qildi.
Janubiy Koreyaga qarshi o‘yin oldidan madhiya ijro etilgan vaqtda futbolchi qizlar jim turgan edi. Eron televideniyesi bu holatni “hayosizlikning eng yuqori cho‘qqisi” deb atagan. Keyingi o‘yinlar oldidan esa ular mamlakat madhiyasini ijro etdi.
CNN Spors telekanali ma’lumotiga ko‘ra, Eron ayollar terma jamoasining kamida yetti nafar sportchisi milliy jamoa joylashgan hududni tark etgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, ulardan besh nafari Avstraliya politsiyasi tomonidan himoya ostiga olingan. Qolgan ikki ayolning taqdiri haqida hozircha hech qanday ma’lumot yo‘q.
Eron ayollar futbol terma jamoasi 8 mart, yakshanba kuni Osiyo kubogi guruh bosqichidagi so‘nggi uchrashuvida Filippinga mag‘lub bo‘ldi. Odatda, guruh bosqichidan chiqib ketgan jamoalar chempionat o‘tkazilayotgan mamlakatni bir necha kun ichida tark etadi.