Sport
“Aston Villa” Yevropa ligasi g‘olibiga aylandi
Angliyaning “Aston Villa” klubi UYeFA Yevropa ligasi finalida Germaniyaning “Frayburg” jamoasini 3:0 hisobida mag‘lub etib, musobaqa g‘olibiga aylandi. Birminhemliklar shu tariqa klub tarixida ilk bor mazkur turnir kubogini qo‘lga kiritdi.
Final uchrashuvi Turkiyaning Istanbul shahridagi “Tuprash” stadionida bo‘lib o‘tdi. Hisob 41-daqiqada ochildi — “Aston Villa” yarim himoyachisi Yuri Tilemans burchak to‘pidan keyin raqib darvozasini ishg‘ol qildi.
Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan vaqtda hujumchi Emiliano Buendiya ingliz klubining ustunligini ikki baravarga oshirdi. Uchrashuvning 58-daqiqasida esa Morgan Rojyers jamoasining uchinchi golini kiritib, yakuniy hisobni o‘rnatdi.
“Frayburg” yarim finalda Portugaliyaning “Braga” klubini ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 4:3 hisobida mag‘lub etgan edi. “Aston Villa” esa ushbu bosqichda “Nottinhem Forest”dan 4:1 hisobida ustun kelgan.
“Aston Villa” uchun bu so‘nggi 44 yil ichidagi ilk yirik Yevropa trofei bo‘ldi. Klub bundan avval 1982 yilda Yevropa chempionlar kubogini qo‘lga kiritgan va finalda Germaniyaning “Bavariya” jamoasini 1:0 hisobida mag‘lub etgan edi.
“Frayburg” esa o‘z tarixida birinchi marta Yevropa klub musobaqasi finalida ishtirok etdi.
UYeFA Yevropa ligasi 1971 yildan buyon o‘tkazib kelinadigan musobaqa bo‘lib, Yevropa chempionlar ligasidan keyingi nufuzi bo‘yicha ikkinchi yirik klub turniri hisoblanadi.