Jamiyat
Asli o‘zbekistonlik bo‘lgan shaxs Isroildagi raketa zarbasida halok bo‘ldi
Isroilda kelib chiqishi o‘zbekistonlik bo‘lgan shaxs raketa zarbasi qurboni bo‘ldi. Bu xabarni O‘zbekistonning Isroildagi elchixonasi tasdiqladi.
So‘nggi kunlarda ayrim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda 2026-yil 9-mart kuni Isroilning Yexud shahrida qurilish maydonida sodir bo‘lgan raketa hujumi oqibatida halok bo‘lgan shaxs haqida xabarlar tarqalmoqda.
Halok bo‘lgan 62 yoshli Rustam G‘ulomov O‘zbekistonda tug‘ilib voyaga yetgan. U 2017-yilda O‘zbekiston fuqaroligidan chiqqan bo‘lib, so‘nggi 14 yil davomida Isroilda yashab kelgan va mazkur davlat fuqaroligini olgan.
11-mart holatiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari jarohat olgani haqida Elchixonaga xabar kelib tushmagan.
Ayni paytda Isroil hududida vaziyat keskinligicha saqlanib qolayotganini inobatga olgan holda, Elchixona ushbu mamlakatda vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan yoki doimiy yashab kelayotgan barcha vatandoshlarimizni o‘z hayoti va sog‘lig‘ini asrash maqsadida ogohlantirish signallariga jiddiy munosabatda bo‘lishga va xavfsizlik talab va qoidalariga qat’iy rioya qilishga yana bir bor chaqirib qoladi.