Sport
«Arsenal» Madriddan durang bilan qaytdi
«Atletiko» va «Arsenal» o‘yinida gollar faqat penaltidan urildi. Yana bir 11 metrlik jarima zarbasi esa VAR aralashuvi bilan bekor qilindi.
Seshanba oqshomida Parijda «PSJ» va «Bavariya» o‘rtasida bo‘lib o‘tgan yorqin o‘yindan keyin ko‘pchilik Madriddagi juftlik o‘yini juda zerikarli bo‘lishini va har ikki jamoa o‘ta himoyaviy taktika qo‘llashini taxmin qilayotgandi. Amalda esa o‘yinda hujumlar va golli vaziyatlar yetarlicha bo‘ldi, faqat dastlabki yarimfinal o‘yinidan farqli o‘laroq, bu o‘yinda himoyachilar va darvozabonlar yaxshi harakat qilishdi, natijada jamoalar faqat penalti orqali gol ura olishdi.
«Atletiko» – «Arsenal» 1:1
Gollar: Yokeresh, 44 – penalti (0:1). Alvares, 56 – penalti (1:1)
«Atletiko»: Oblak, Gansko, Pubil, Rudjyeri, Liorente, Kardozo (Molina, 88), Koke, Lukman, Simeone (Le Norman, 46), Grizmann, Alvares (Baena, 77)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Inkapiye, Uayt (Moskera, 86), Rays, Subimendi, Edegor (Eze, 57), Martinelli (Saka, 68), Madueke (Gabriel Jyezus, 68), Yokeresh (Trossar, 68)
Ogohlantirish: Gansko, 78
«Arsenal» o‘yindan oldin UYeFAdan «Metropolitano» stadionidagi maysa balandligini o‘lchab ko‘rishni so‘radi. Maysa balandligi esa 26-30 millimetr chiqdi – bu normadan yuqori. O‘yin boshlanganida esa mezbonlar maysani ko‘proq sug‘orib qo‘yishgani ma’lum bo‘ldi – futbolchilar maydonda tez-tez toyib keta boshlashdi.
O‘yinning katta qismi teng kurashlar ostida kechdi: muxlislar ko‘plab zarbalar va paslar bloklanishi, tig‘iz himoya va pozitsion hujumlarga, shuningdek, standart vaziyatlarga guvoh bo‘lishdi.
Birinchi bo‘lim oxirlarida «Arsenal» hisobda oldinga chiqib oldi. 42-daqiqada madridliklar himoyachisi David Gansko jarima maydoni ichida Viktora Yokereshni ortdan turtib yiqitdi, shvetsiyalik forvard gazonga quladi.
O‘yin bosh hakami Danni Makkeli 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi va jabrlanuvchining o‘zi Yan Oblak darvozasi tomon qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi.
Viktor Yokeresh birinchi bo‘limda to‘pga jami 10 marta tegindi (Opta ma’lumotiga ko‘ra, barchadan kamroq), ammo o‘z maqsadiga erishdi. U YeChL yarimfinalida gol urgan ilk shvetsiyalikka aylandi. Zlatan Ibrahimovich chorakfinaldan keyingi bosqichlarda ura olmagan: 2010 yilda «Barselona» safida «Arsenal» darvozasiga dubl qayd etgan, «PSJ» safida 2013 yilda «Barsa» darvozasiga va 2016 yilda «Siti» darvozasiga gollar urgan.
Tanaffusdan keyin esa madridliklar o‘yinni kuchaytirishdi va vaqti-vaqti bilan «Arsenal»ni jarima maydoniga qamab qo‘ya boshladi. 56-daqiqada esa hisob tenglashdi – yana penaltidan. Markos Liorente jarima maydoni tashqarisidan to‘pni to‘xtatmay zarba berdi, to‘p gazondan avval Ben Uaytning tizzasiga, u yerdan bilagiga bordi.
Bosh hakam avvaliga penalti belgilamagandi, ammo VAR uning qarorini o‘zgartirdi. Xulian Alvares nuqtada adashmadi – 1:1. Bu argentinalik hujumchining Chempionlar ligasidagi 14 o‘yinda urgan 10-goli bo‘ldi – bunaqa sermahsullik «Atletiko» tarixida ilk bor kuzatilmoqda. Bu mavsumda faqat Harri Keyn (13) va Kiliana Mbappeda (15) ko‘proq. Ammo Alvares o‘yin davomida Eberechi Eze bilan to‘qnashuv vaqtida jarohat oldi va o‘yinni davom ettira olmadi. U javob o‘yinida qatnashishi ham so‘roq ostida.
O‘yin oxirlariga yaqin «Arsenal»da ikkinchi penalti uchun imkoniyat yuzaga keldi. Gansko bu safar jarima maydoni ichida Ezening oyog‘ini bosib oldi, ingliz hujumchisi to‘pga birinchi bo‘lib ulgurgandi va hakam darhol 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi.
Ammo videoassistentlar bilan uzoq maslahatlashuvdan keyin qarorini o‘zgartirdi.
O‘yinning qolgan qismida darvozalar daxlsizligi saqlanib qoldi.
«Arsenal» hamon YeChLda mag‘lubiyatga uchramayapti. Va juda kam gol o‘tkazmoqda
Londonliklar bu mavsumda ishonchli o‘ynashga urg‘u qaratmoqda.
● «Arsenal» YeChLda hali yutqazmadi. Umumiy guruh bosqichida sakkiz o‘yinda sakkiz g‘alaba qayd etilgandi. Pley-offda duranglar qayd etilishi boshlandi, ammo bu sovrin sari yurishni davom ettirishga xalal bermayapti. Safardagi durang ham navbatdagi qadamga aylandi.
● «Arsenal» YeChL pley-offida atigi ikkinchi bor gol o‘tkazib yubordi. 1/8 finalning birinchi o‘yinida «Bayyer» maydonida ham 1:1 hisobi qayd etilgandi, javob o‘yini mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. «Sporting» esa londonliklar jamoasiga ikki o‘yinda ham gol urolmadi.
● «Arsenal» YeChLda «Atletiko»dan ilk bor gol o‘tkazdi. Londonliklar joriy mavsumda guruh bosqichida o‘z maydonida kechgan o‘yinda 4:0 hisobidagi g‘alabaga erishgandi. Undan oldin jamoalar faqat 2017/18 yillar mavsumida Yevropa ligasida to‘qnashgandi.
● Aprel oyi «Atletiko» uchun og‘ir kechdi: jamoa so‘nggi o‘n o‘yinda 6 bor yutqazdi. YeChLda «Tottenhem» va «Barsa»ga qarshi javob o‘yinlarida mag‘lubiyat qayd etildi, ammo ikki holatda ham ikki o‘yin natijasiga ko‘ra keyingi bosqichga o‘tdi.
● «Arsenal»ning vaziyati ham madridliklarnikidan yaxshiroq emas: jamoa so‘nggi sakkiz o‘yinidan to‘rttasida mag‘lub bo‘lgan. Ammo shundan ikkitasi Angliya ligasi kubogi va Angliya kubogi kabi ikkinchi darajali turnirlarda qayd etilgan, yana ikki mag‘lubiyat tufayli jamoa APLdagi peshqadamlikni xavf ostida qoldirgan.