Sport
Argentinada dunyodagi ikkinchi yirik futbol stadioni paydo bo‘ladi
«River Pleyt» klubiga tegishli «Monumental» stadioni sig‘imini 100 mingdan oshirish reja qilinmoqda.
Argentinaning «River Pleyt» klubi o‘ziga tegishli «Monumental» stadionini kengaytirish loyihasini boshlaganini e’lon qildi.
Arena sig‘imini hozirgi 85 mingdan 101 ming tomoshabinga oshirish rejalashtirilgan.
«Bu tarixiy kun. «River Pleyt» sport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, rivojlantirish va yetakchilik qilish yo‘lini davom ettirmoqda, stadionning Amerikadagi eng yirik va ahamiyatli maqomini mustahkamlab, yangi jahon standartini o‘rnatmoqda», dedi klub prezidenti Stefano di Karlo.
Qurilish ishlari aprel oyida boshlanishi rejalashtirilgan. Loyiha o‘nta yetakchi qurilish kompaniyasi ishtirokida tanlov asosida amalga oshiriladi. Ishlarning taxminiy qiymati 100 million dollardan oshadi va rekonstruksiya qilishning umumiy davomiyligi taxminan 36 oyni tashkil etadi.
Ishlar yakunlangach, «Monumental» dunyodagi ikkinchi eng katta futbol arenasiga aylanadi. Nominal jihatdan eng katta futbol stadioni Pxenyandagi «Birinchi May Rungrado» stadioni (114 ming o‘rinli) bo‘lib qolmoqda, ammo u oxirgi marta 2017 yilda futbol o‘yinlariga mezbonlik qilgan. Rekonstruksiyadan so‘ng faol foydalanilayotgan arenalar orasida Barselonadagi «Kamp Nou» (105 ming o‘rinli) yetakchilik qilyapti.
«Monumental» stadioni 1938 yilda qurilgan. Uning arenasida jahon chempionati finali (1978), shuningdek, ikkita Amerika Kubogi finali (1987 va 2011) va Libertadores Kubogi finali (2024) o‘tkazilgan. «Monumental» 2030 yilgi jahon chempionati o‘yinlaridan biriga mezbonlik qilishi rejalashtirilgan.