Iqtisodiyot

AQShga Erondagi urush qanchaga tushyapti?

Published

on


Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilchilari hisob-kitoblariga ko‘ra, Eronga hujumning dastlabki 100 soati davomida AQShning harbiy xarajatlari 3,7 mlrd dollarni tashkil etgan. Bu kuniga o‘rtacha 891,4 mln dollarga teng. Fiskal tahlilchi Kent Smetters umumiy iqtisodiy zarar 210 mlrd dollargacha yetishi mumkinligi haqida yozdi. Urush davomiyligi ham Tramp aytgandek 4 hafta emas, balki sentabrgacha cho‘zilishi mumkin. 

Foto: U.S. Navy photo via DVIDS

Har qanday siyosiy ziddiyat, qurolli to‘qnashuv va urushlar ijtimoiy-iqtisodiy yo‘qotishlarga olib kelib, insoniyat taraqqiyotining bir necha yillar ortda qolishiga sabab bo‘ladi. Xususan, AQSh va Isroilning Eronga hujumi ham har ikki tomon uchun jiddiy moliyaviy zarar keltiryapti. Hali rasmiy ma’lumotlar e’lon qilinmagan bo‘lsa-da, amerikalik tahlilchilar harbiy harakatlarning mamlakat iqtisodiyotiga qanchaga tushayotganini hisoblashni boshladi.

Urush AQShga qanchaga tushyapti?

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) tahlilchilari hisob-kitoblariga ko‘ra, harbiy operatsiyaning dastlabki 100 soati davomida AQSh 3,7 milliard dollar sarflagan. Bu kuniga o‘rtacha 891,4 million dollarni tashkil etadi. Muammo faqat summaning kattaligida emas. Asosiy masala bu xarajatlarning katta qismi davlat budjetida ko‘zda tutilmagan. Taxminan 3,5 milliard dollar budjetdan tashqari xarajatlarga to‘g‘ri keladi.

«AQSh qo‘shinlari arzonroq o‘q-dorilarga o‘ta boshlagani hamda Eron tomonidan dron va raketa hujumlari keskin kamaygani sabab xarajatlar pasayishi mumkin. Biroq kelajakdagi xarajatlar asosan operatsiyalar intensivligi va Eronning javob zarbalari samaradorligiga bog‘liq bo‘ladi», deya qayd etgan CSIS ekspertlari.

Mutaxassislar dastlabki 100 soatdagi xarajatlarni uchta asosiy kategoriya bo‘yicha baholagan:

Operatsion xarajatlar – taxminan 196 million dollar. Shundan 178 million dollari budjetdan, qolgan qismi budjetdan tashqari xarajatlar;

O‘q-dorilar zaxirasini to‘ldirish – taxminan 3,1 milliard dollar. Ushbu xarajatlarning bir senti ham budjetda ko‘zda tutilmagan;

Jangovar yo‘qotishlarni qoplash va infratuzilmani ta’mirlash – qariyb 350 million dollar. Bu ham budjetda ko‘zda tutilmagan xarajat.

AQSh Mudofaa vazirligi davom etayotgan operatsiyalar haqida juda kam tafsilotlarni oshkor qilyapti. Avvalgi Yaqin Sharq kampaniyalarida har kuni zarbalar haqida hisobot berilgan yoki muntazam statistik ma’lumotlar e’lon qilib borilgan. Ayni paytda Mudofaa vazirligi kunlik operatsiyada qatnashayotgan texnika va taxminiy zarba nishonlari sonini taqdim etadi, ammo batafsil tafsilotlar cheklangan.

Umumiy zarar 210 mlrd dollarga yetishi mumkin

AQShning Eron bilan urushi mamlakat iqtisodiyotiga 210 milliard dollargacha zarar yetkazishi mumkin. Bu haqda Penn Wharton Budget Model rahbari, fiskal tahlilchi Kent Smetters ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, harbiy mojaro allaqachon xalqaro savdo, global energiya bozorlari va benzin narxlarini beqarorlashtira boshlagan.

Ayni paytdagi hisob-kitoblarga ko‘ra, urush AQSh iqtisodiyotiga taxminan 115 milliard dollar zarar yetkazishi prognoz qilinyapti. Ammo mojaroning davomiyligi va ko‘lamiga qarab umumiy yo‘qotishlar miqdori 50 milliard dollardan 210 milliard dollargacha yetishi mumkin.

Donald Tramp ham urush iqtisodiyot uchun xavf tug‘dirayotganini tan olgan. U Fors ko‘rfazidagi muhim o‘tish yo‘llari orqali harakatlanayotgan energiya tankerlari uchun hukumat tomonidan kafolatlangan sug‘urta va harbiy-dengiz kuzatuvini taklif qilyapti.

Iqtisodiy yo‘qotishlardan tashqari, harbiy kampaniyaning o‘zi yana 65 milliard dollargacha mablag‘ talab qilishi mumkin.

Urush qancha davom etadi?

Iqtisodiy zarar miqdori birinchi navbatda harbiy harakatlar qancha muddat davom etishiga bog‘liq bo‘ladi. Tramp o‘z bayonotida urush 4 hafta davom etishi mumkinligini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu vaqt Eronning asosiy raketa tizimlari va harbiy infratuzilmasini yo‘q qilish uchun yetarli bo‘lishi kerak.

Oq uy qisqa muddat haqida gapirayotgan bo‘lsa-da, Politico nashrining ichki hujjatlarga tayanib yozishicha, urush uzoqroq vaqtga cho‘zilishi mumkin. AQSh Markaziy qo‘mondonligi Pentagondan Eronga qarshi operatsiyalarni kamida 100 kun va ehtimol sentabrgacha qo‘llab-quvvatlash uchun Florida shtatidagi shtab-kvartirasiga qo‘shimcha harbiy razvedka xodimlarini yuborishni so‘ragan.

Shuningdek, Pentagon mintaqaga ko‘proq havo hujumidan mudofaa vositalarini yuborishga harakat qilyapti. Ayniqsa, so‘nggi yillarda ishlab chiqilgan kichik hajmli va nisbatan arzon dronlarga qarshi tizimlar jo‘natilishi rejalashtirilyapti, degan Politico gaplashgan AQSh rasmiysi. Tramp jamoasi Erondagi urushning keng ko‘lamli oqibatlarini «to‘liq oldindan ko‘ra olmagan». Nashr yana bir belgi sifatida Yaqin Sharqdan diplomatik xodimlarni evakuatsiya qilish uchun qo‘shimcha resurslar ajratayotganini keltiradi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version