Dunyodan
AQSh va Isroilning Eronga hujumi xalqaro huquq doirasida emas
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron 3 mart kuni xalqqa murojaat qilib, Yaqin Sharqdagi vaziyat keskinlashganini ma’lum qildi. U mintaqada boshlangan harbiy mojarolar butun dunyo xavfsizligiga ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidladi.
Prezident Makronning ta’kidlashicha, hozirgi inqiroz uchun asosiy javobgarlik Eron Islom Respublikasidir. U Eron hukumatini yadro dasturini ishlab chiqishda, ballistik raketa imkoniyatlarini kengaytirishda va mintaqaviy qurolli guruhlarni qo‘llab-quvvatlashda aybladi.
Shu bilan birga, Fransiya rahbarlari AQSh va Isroilning Eronga qarshi boshlagan harbiy amaliyotlari xalqaro huquq doirasida amalga oshirilmaganini ta’kidlab, vaziyatni diplomatik yo‘l bilan hal qilish zarurligini bildirdi.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Fransiya hozirda mintaqadagi harbiy bazalari, diplomatik vakolatxonalari va fuqarolari xavfsizligini kuchaytirmoqda. Hozirda Yaqin Sharq mamlakatlarida bo‘lgan 400 mingga yaqin frantsuz fuqarolarini evakuatsiya qilish boshlandi.
Makron Fransiya ittifoqdoshlari Qatar, Quvayt, Birlashgan Arab Amirliklari, Iordaniya va Iroqning xavfsizligini ta’minlash uchun choralar ko‘rayotganini aytdi. Shu maqsadda mintaqaga qo‘shimcha harbiy kuchlar, jumladan, havo hujumidan mudofaa tizimlari va qiruvchi samolyotlar kiritilmoqda.
Fransiya prezidenti, shuningdek, “Sharl de Goll” aviatashuvchi kemasi boshchiligidagi harbiy-dengiz kuchlari O‘rta yer dengiziga yo‘l olganini ma’lum qildi.
Prezident Makronning taʼkidlashicha, hozirgi vaziyatdagi asosiy maqsad vaziyatning yanada keskinlashuviga yoʻl qoʻymaslik va mintaqada diplomatik muzokaralarni qayta boshlash orqali barqaror tinchlikka erishishdir.