Dunyodan
AQSh va Eron urushni tugatish bo’yicha kelishuvga yaqinlashmoqda – Axios
Qo’shma Shtatlar va Eron o’rtasidagi urushni tugatish bo’yicha muzokaralar muhim bosqichga yetdi.
Axiosning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish va keyingi keng qamrovli muzokaralar uchun asos yaratishi mumkin bo‘lgan bir sahifalik anglashuv memorandumi loyihasi bo‘yicha kelishib olishga yaqin turibdi.
Xabar qilinishicha, manfaatdor tomonlar ayni paytda bir qator asosiy masalalar bo‘yicha yakuniy javoblarni kutishmoqda. Rasmiy kelishuv hali imzolanmagan bo’lsa-da, bu holat muzokaralar boshlanganidan beri natijaga eng yaqin holat sifatida ko’rilmoqda.
Memorandum Eronning yadroviy boyitishiga moratoriy qo‘yish, AQSh sanksiyalarini bosqichma-bosqich olib tashlash va muzlatilgan mablag‘larni qaytarish kabi shartlarni o‘z ichiga oladi. Ormuz bo‘g‘ozi orqali kemalar harakatiga cheklovlarni yumshatish ham kelishuvning asosiy qismidir.
Hujjat imzolangandan keyin 30 kunlik muzokaralar davri boshlanadi. Bu davr mobaynida tomonlar yadroviy dasturlar, sanksiyalar va bo‘g‘oz bo‘ylab faoliyatlar bo‘yicha batafsil kelishuvlarni yakunlashi kutilmoqda. Muzokaralar Islomobod yoki Jenevada bo’lishi mumkin.
Eng munozarali masalalardan biri yadroviy boyitish davri bo’lib qolmoqda. AQSh uzoq muddatli taqiqni talab qildi, Eron esa qisqaroq muddatga taqiqlashni taklif qildi. Hozirda 12-15 yillik variantlar muhokama qilinmoqda.
Shu bilan birga, Eronning yadroviy qurol ishlab chiqmaslik majburiyati, xalqaro tekshiruvlarni kuchaytirish, boyitilgan uranni Erondan olib chiqish kabi masalalar ham kun tartibida.
Ayni paytda muzokaralarga siyosiy omillar ta’sir o‘tkazmoqda. AQSh rasmiylarining ta’kidlashicha, Eron rahbariyatida yagona pozitsiya shakllanmagan. Shu sababli, hatto dastlabki kelishuvga erishish ham oson bo’lmasligi mumkin.
Shunga qaramay, kuzatuvchilar muzokaralardagi muvaffaqiyat AQShning Hormuz bo‘g‘ozidagi harbiy bosimini vaqtincha pasaytirganini aytadi.
Umuman olganda, tomonlar o‘rtasidagi ushbu hujjat mintaqada harbiy harakatlarni to‘xtatish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishi mumkin. Biroq mustahkam tinchlikka erishish kelajakdagi muzokaralar natijasiga bog‘liq.