Dunyodan
AQSh va Eron muhim kelishuvga erishdi
AQSh va Eron muzokarachilari tinchlik va yadroviy muzokaralarni boshlash uchun 60 kunlik anglashuv memorandumi loyihasiga kelishib oldilar. Bu haqda AQShning ikki rasmiy vakili va boshqa manbaga tayanib, Axios nashri xabar berdi.
Nashr manbalariga ko‘ra, hujjat Ormuz bo‘g‘ozi orqali bojxona to‘lovlarisiz va hibslarsiz bepul o‘tishni nazarda tutadi. Eron, shuningdek, 30 kun ichida dengiz yo‘llarini minalardan tozalash majburiyatini oldi.
Loyihaga ko’ra, Qo’shma Shtatlar Eron bilan aktivlarini ozod qilish va sanksiyalarni yumshatish haqida gaplashishi kerak. Memorandumda, shuningdek, Eronga insonparvarlik yordamini olishni boshlash imkonini beruvchi mexanizm haqida ham aytilgan.
Axios maʼlumotlariga koʻra, AQSh prezidenti Donald Tramp va Eron yetakchilari oʻzaro anglashuv memorandumi loyihasini hali maʼqullamagan.
24 may kuni prezident Donald Tramp tinchlik shartnomasi loyihasi deyarli kelishib olinganini aytdi. Eron muzokarachilar yozma ravishda xabar berganini tasdiqladi. Bir kun avval AQSh prezidenti Eron bilan muzokaralar jarayonidan noroziligini bildirib, yangi harbiy harakatlar ehtimoliga shama qilgan edi.