Iqtisodiyot

AQSh “Rosneft”ning Germaniyadagi shu’ba kompaniyasini sanksiyalardan chiqaradi

Published

on


Bloomberg xabar berishicha, AQSh Moliya vazirligi Rossiya neft konserni “Rosneft”ning Germaniyadagi bo‘linmasini sanksiyalar rejimiga kiritmaslik bo‘yicha qaror tayyorlamoqda. Bu Germaniyadagi neftni qayta ishlash korxonalari uchun xavf-xatarlarni kamaytiradi.

Foto: Patrick Pleul / Reuters

Bloomberg agentligi xabardor manbaga tayanib 4 mart, chorshanba kuni ma’lum qilishicha, AQSh ma’muriyati Rossiyaning “Rosneft” neft konserniga qarashli Germaniyadagi shu’ba kompaniyani sanksiyalardan muddatsiz ozod etish niyatida. Manba aytishicha, AQSh Moliya vazirligining qarori 6 mart kuni kutilmoqda, biroq muddatlar o‘zgarishi ham mumkin.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya konsernining Germaniyadagi shu’ba kompaniyasiga nisbatan amaldagi istisno (ya’ni sanksiyalardan chiqarish)ni uzaytirish GFRdagi neftni qayta ishlash korxonalari ishida uzilishlar bo‘lishi xavfini kamaytiradi. Hozir Yaqin Sharqdagi mojaro keskinlashuvi jahon energetika bozorlarini beqarorlashtirmoqda.

Germaniya 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi fonida “Rosneft”ning mahalliy shu’ba kompaniyalarini ishonchli boshqaruvchi nazoratiga o‘tkazgan. Aktivlar qatorida Germaniya sharqidagi Shvedt shahrida joylashgan PCK neftni qayta ishlash zavodidagi ulush ham bor — u poytaxt hududi uchun yonilg‘i yetkazib berishda muhim ta’minotchi hisoblanadi.

Oktyabr oyida Reuters agentligi Vashington Berlinni yozma ravishda “Rosneft”ning Germaniyadagi aktivlarini AQShning yangi energetika sanksiyalaridan istisno etgani haqida xabardor qilganini bildirgan edi.

GFR Iqtisodiyot vazirligi 4 mart kuni bayonot berib, AQSh tomonidan kuzda joriy etilgan sanksiyalar Germaniyadagi shu’ba kompaniyalarga qaratilmaganini ma’lum qildi — chunki ular ishonchli boshqaruvga topshirilgani natijasida Rossiyadagi tuzilmadan ajratilgan. Vazirlik bayonotida: “Tegishli Amerika ruxsatnomasini imkoni boricha ertaroq uzaytirish maqsadida, biz AQShning vakolatli idoralari bilan yaqin va juda konstruktiv muloqot olib bormoqdamiz”, — deyiladi.

AQShning tegishli idorasi OFAC ushbu vaziyatni inobatga olgan holda, kuzdayoq tezkor javob qaytarib, General License deb ataladigan umumiy litsenziyani e’lon qilgan. Bu litsenziya Germaniyadagi shu’ba kompaniyalar AQSh sanksiyalariga tushib qolmasligini kafolatlaydi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version