Dunyodan
AQSh rasmiylari Eron qirolining o’g’li bilan yashirincha uchrashdi
Axios nashrining xabar berishicha, AQSh prezidentining maxsus vakili Stiven Uitkoff 1979 yilda hokimiyatdan ag‘darilgan Eron qiroli Muhammad Rizo Pahlaviyning o‘g‘li shahzoda Rizo Pahlaviy bilan yashirincha uchrashgan.
Suhbat tafsilotlari oshkor etilmadi, biroq Uitkoff va Pahlaviy Eronda davom etayotgan hukumatga qarshi namoyishlarni muhokama qilgani taxmin qilinadi.
Hozirda AQShda yashovchi 65 yoshli Rizo Pahlaviy namoyishchilarni Eronning yirik shaharlarini bosib olishga chaqirmoqda. 11 yanvar kuni Fox News telekanaliga bergan intervyusida u Eronga qaytishga tayyorligini aytdi. Sobiq qirolning o‘g‘li AQShni Eron Islom Respublikasidagi tuzumni ag‘darish uchun keskin choralar ko‘rishga chaqirmoqda.
Axiosga ko‘ra, Oq uy o‘zini valiahd shahzoda deb da’vo qilayotgan Rizo Pahlaviyni muhim siyosiy o‘yinchi deb hisoblamaydi. Tramp ma’muriyati rasmiylari Erondagi ba’zi namoyishchilarning Rizo Pahlaviyni qo’llab-quvvatlaganidan hayron bo’lishdi. Uitkoff bilan uchrashuv Oq uyning Rizo Pahlaviyga munosabati o‘zgarganidan darak berishi mumkin.
Ma’lumot uchun: Erondagi ommaviy norozilik namoyishlari 2025-yil 28-dekabr kuni Tehrondagi Katta bozorda boshlandi, u yerda ko‘plab savdogarlar giperinflyatsiya va narxlarning oshishiga qarshi norozilik sifatida eshiklarini yopdilar. Namoyishlar tezda butun mamlakat bo’ylab tarqaldi. Iqtisodiy talablar bilan boshlangan norozilik harakati siyosiy harakatga aylandi.
G‘arb matbuoti inson huquqlari tashkilotlariga tayanib, namoyishlar chog‘ida yuzlab odamlar halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Avval xabar qilinganidek, AQSh prezidenti Donald Tramp ommaviy norozilik namoyishlari davom etar ekan, Eronga qarshi jiddiy harbiy choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirgan edi.
Bir chora sifatida Prezident Tramp Eron Islom Respublikasi bilan biznes yurituvchi davlatlarga 25 foizlik boj joriy qildi.
AQShning Erondagi diplomatik vakolatxonasi AQSh fuqarolarini zudlik bilan mamlakatni tark etishga chaqirdi.