Dunyodan
AQSh Oliy sudi yuz minglab muhojirlar taqdiriga daxldor qaror chiqardi.
AQSh Oliy sudi prezident Donald Tramp ma’muriyati mamlakatda qonuniy istiqomat qilayotgan 350 ming gaitilik va 6 ming suriyalikni gumanitar himoyadan zudlik bilan mahrum qilishi mumkinligi haqida qaror chiqardi.
Avvalroq quyi sud prezidentning muhojirlarni vaqtincha himoyalangan maqomdan (TPS) mahrum qilish haqidagi farmonini bloklagan edi. 1990 yilda Kongress tomonidan kiritilgan dastur deportatsiya xavfi ostida bo’lgan muhojirlarni himoya qilishga qaratilgan.
Oliy sud qarori immigratsiya organlariga ko‘proq vakolatlar beradi. Shu nuqtai nazardan, bu qaror Trampning immigratsiya bo‘yicha navbatdagi g‘alabasi sifatida ko‘rilmoqda.
Hozirda 17 mamlakatda 1,3 millionga yaqin odam vaqtinchalik himoyaga ega. Gaitiliklarga bu maqom birinchi marta 2010 yilda dahshatli zilziladan keyin berilgan edi. Mamlakatdagi qurolli guruhlarning zo‘ravonliklari tufayli 1 milliondan ortiq odam o‘z uyini tashlab ketishga majbur bo‘lganidan keyin bu himoya muddati bir necha bor uzaytirildi.
Suriyaliklar bu maqomga 2012-yilda fuqarolar urushi tufayli erishgan.
2025-yil yanvar oyida Oq uyga qaytganidan beri Tramp 17 mamlakatdan 13 tasida TPS maqomini olib tashlashga harakat qildi. Oliy sudning so‘nggi qarori ushbu sa’y-harakatlarni davom ettirish uchun huquqiy asos yaratadi.
Qaror, shuningdek, hali ham TPS maqomiga ega bo’lgan to’rtta davlat vakillariga ham tegishli: Salvador, Livan, Sudan va Ukraina, chunki ularning kafolatlari joriy yilda tugaydi.
Avval xabar qilinganidek, ayni damda Qo‘shma Shtatlar ham siyosiy boshpana so‘ragan xorijlik fuqarolarni qabul qilishni to‘xtatmoqda.
Joriy yilning boshida Qo’shma Shtatlar 75 davlat fuqarolariga immigratsion vizalar berishni to’xtatdi.
2025-yil sentabrida Tramp ma’muriyati chet elliklar uchun immigratsion bo‘lmagan vizalar, jumladan B1/B2 turistik vizalar berish tartib-taomillarini kuchaytirdi.
2025-yil may oyida Oq uy Qo‘shma Shtatlarda o‘qish uchun ariza topshirgan barcha xalqaro talabalar ijtimoiy tarmoqlardagi ma’lumotlar tekshiruvidan o‘tkazilishini e’lon qildi. Vashington AQShning butun dunyodagi elchixonalariga majburiy tekshiruvga tayyorgarlik ko’rish maqsadida yangi talaba vizalari uchun rejalashtirilgan suhbatlarni bekor qilishni buyurdi.
2025-yilning 4-iyunida Tramp ma’muriyati Afg‘oniston, Chad, Kongo, Ekvatorial Gvineya, Gaiti, Somali va Eron kabi 12 davlat fuqarolari uchun AQSh eshiklarini yopdi va ikki hafta o‘tib, AQShga kirishi taqiqlangan davlatlar ro‘yxatiga yana 36 davlat qo‘shildi.