Dunyodan
AQSh Davlat departamenti Isroilga 151 million dollarlik havo bombalarini sotishga ruxsat berdi
AQSh Davlat departamenti Isroilga 151,8 million dollarlik havo bombalarini sotishga ruxsat berdi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.
Maʼlumotlarga koʻra, Isroil hukumati 12 mingta BLU-110A/B havo zarbalarini sotib olish uchun ariza bergan. Shartnoma bo’yicha asosiy pudratchi Texasda joylashgan Repcon USA bo’ladi. Bombalarning bir qismi AQSh harbiy ta’minot omborlaridan yetkaziladi.
BLU-110A/B 1000 funtlik umumiy maqsadli aviatsiya bombasidir. AQSh dengiz kuchlari va dengiz piyodalari tomonidan keng qo’llaniladi.
AQSh Davlat kotibi Marko Rubio bu qarorni “favqulodda vaziyat” deb baholadi. Uning qayd etishicha, vaziyat Isroilga mudofaa mahsulotlarini zudlik bilan sotishni talab qiladi.
Natijada, kelishuv AQSh qurol eksportini nazorat qilish to’g’risidagi qonun ostidagi oddiy jarayonni, ya’ni Kongress tekshiruvini chetlab o’tgan holda ma’qullandi.
2026 yil yanvar oyining oxiriga kelib, AQSh Davlat departamenti Isroil bilan umumiy qiymati 6,5 milliard dollardan ortiq bo’lgan uchta yirik harbiy kelishuvni tasdiqladi.
Jumladan, JLTV yengil-taktik harbiy mashinalari va uskunalari (1,98 milliard dollar), AH-64E Apache hujum vertolyotlari (3,8 milliard dollar) va qo‘shimcha harbiy yuklar (740 million dollar).
Qaror Yaqin Sharqda davom etayotgan keskinlik fonida AQShning Isroilga harbiy yordami ko‘payganini bildiradi.