Sport
APLda derbi, Italiyada grandlar to‘qnashuvi. Uikenddagi asosiy o‘yinlar anonsi
Angliyada Husanov Manchester derbisida, Turkiyada esa Shomurodov va Fayzullayev Istanbul derbisida maydonga tushishi mumkin.
Kichik tanaffusdan so‘ng yana klublar futboli qaytdi. Tabiiyki, har doimgidek, bu dam olish kunlari ham muxlislarni bir qator qiziqarli to‘qnashuvlar kutmoqda. Habi Alonso boshqaruvidagi «Real» Ispaniyada dastlabki jiddiy sinovga duch kelsa, Italiyada navbatdagi «klasiko», Angliyada Manchester derbisi. Albatta, boshqa uchrashuvlar ham nazardan chetda qolmasligi kerak, zero kelasi hafta boshlanadigan Chempionlar Ligasi oldidan top-klublar so‘nggi repetitsiyani amalga oshiradi. Quyida eng e’tiborli besh o‘yin haqida batafsil.
«ReAL SOSIYeDAD» – «ReAL» MADRID (13 sentabr, 19:15)
La Ligada faqat ikki jamoa uch turdan so‘ng 100 foizlik natijani qayd etgan va ulardan biri Madridning «Real» klubidir. Jamoa mavsumni og‘ir boshlagan bo‘lsa-da, hozirgacha ochko yo‘qotmadi. To‘g‘ri, taqvim ham «Real» uchun ancha qulay kelgani, hozircha yagona safar o‘yini ham liga debyutanti «Oviyedo»ga qarshi kechganini ta’kidlash kerak. Aytish mumkinki, Habi Alonsoning Ispaniyadagi ilk jiddiy sinovi Sosiyedadda bo‘ladi va qizig‘i, Alonsoning o‘zi futbolchi sifatida faoliyatini aynan mana shu klubda boshlagan hamda jamoa safida yuzdan ortiq uchrashuvda ishtirok etgan. Qaysidir ma’noda bu uchrashuvni Habining o‘z uyiga qaytishi deb ham ayta olamiz.
Jiddiy sinov deyilganining sababi, «Estadio Munisipal de Anoeta» – grand klublar uchun doim qiyin stadion bo‘lib kelgan. Madridliklar bu yerda oxirgi ikki o‘yinni o‘z hisobiga yozib qo‘ygan bo‘lsa-da, minimal hisob qayd etilgan, hech qachon oson bo‘lmagan. Shuningdek, muxlislar jamoalar o‘rtasidagi so‘nggi Ispaniya kubogi yarimfinalini ham yaxshi eslasa kerak. O‘z maydonida 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lgan basklar Madridda shou uyushtirishgan – qo‘shimcha bo‘limlarning oxirida Ryudiger urgan golgina hisobni (4:4) tenglashtirib, mezbonlarni finalga olib chiqqandi. Xullas, «Sosiyedad» top-raqiblarga qarshi qanday o‘ynashni yaxshi biladi.
Buning ustiga an’anaviy ravishda terma jamoalar bilan bog‘liq yig‘inlardan keyingi tur yetakchi klublarga noqulaylik tug‘dirishi ma’lum. Chunki o‘rtamiyona jamoalarda turli terma jamoa a’zolari nisbatan kamroq bo‘ladi va navbatdagi o‘yinga ko‘ngildagidek tayyorgarlik ko‘rish mumkin. «Real» esa deyarli hamma futbolchisini terma jamoalar ixtiyoriga jo‘natgandi. Yaxshiki, jamoaning sobiq ustozi Karlo Anchelotti «Real»ga yana bir kichik yaxshilik qildi – birorta sobiq shogirdini Braziliya yig‘iniga chaqirmadi. Shuningdek, bu uchrashuvdan uch kun o‘tib «Real» Chempionlar Ligasi doirasidagi ilk o‘yinini «Marsel»ga qarshi o‘tkazishini ham eslatib o‘tish kerak.
Jarohatlarga kelsak, mezbonlar tarkibida «Jirona»dan yaqinda tranfser qilingan Yanxel Errera yangi sheriklariga yordam bera olmaydi. Shuningdek, Orri Oskarssonda ham kichik jarohat bor. Alonso esa Kamavinga va Bellinghemning yordamidan foydalana olmaydi.
Uch turdan so‘ng yangi murabbiy Serxio Fransisko qo‘l ostida hali birorta ham g‘alaba qozona olmagan «Sosiyedad» kuchli raqibni mag‘lub etib, o‘ziga bo‘lgan ishonchni qaytarib oladimi yoki «Real» g‘alabali yurishini davom ettiradimi?
«YuVeNTUS» – «INTeR» (13 sentabr, 21:00)
«Yuventus» ikki uchrashuvda ham o‘z darvozasini daxlsiz saqlagan holda g‘alaba qozondi va turnir jadvalini boshqarib bormoqda. Bu sizga nimanidir eslatmayaptimi? O‘tgan mavsumda ham «Yuventus» ilk golini 7-turga kelibgina o‘tkazib yuborgan, hatto yanvar oyigacha mag‘lubiyat nimaligini bilmagandi. Ammo juda ko‘p duranglar turinliklarni chempionlik poygasidan erta chiqarib yubordi. Bu safar ham shunday bo‘ladimi yoki Tyudor Mottaning xatolaridan kerakli saboq chiqarganmi? «Inter»ga qarshi o‘yin ko‘p savollarga javob beradi, zero tarkib va salohiyat bo‘yicha milanliklar baribir A Seriyaning eng kuchli jamoasi sanaladi.
«Inter» mavsumni Turinning boshqa bir jamoasi «Torino» ustidan yirik (5:0) g‘alaba bilan boshlagan bo‘lsa-da, kutilmaganda o‘tgan turda «Udineze»ga o‘z maydonida yutqazib qo‘ydi (1:2). Hammasi oson boshlangan o‘yin kutilmaganda mehmonlarning gollari bilan davom etdi va hisobni tenglashtirishni Kivu shogirdlari uddalay olmadi.
Bu bir kutilmagan qoqilishmidi yoki jamoada hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar bormi, buni «Yuventus»ga qarshi o‘yinda bilib olamiz. Odatda murabbiy almashganda har bir muvaffaqiyatsiz o‘yinning salbiy ta’siri odatdagidan ko‘proq bo‘ladi, futbolchilarda shubhalar paydo bo‘lishni boshlaydi. O‘zi katta futbolda murabbiylik faoliyatini shu yil fevralida boshlagan Kristian Kivu uchun albatta, har bir natija bosim nuqtayi nazaridan juda ahamiyatli bo‘lishi tabiiy.
Taxminiy tarkiblarga kelsak, «Inter»da yo‘qotishlar yo‘q, jangovar tarkibda. Hatto so‘nggi transfer sifatida olib kelingan Manuel Akanji ham muhim o‘yinda debyut qilishi mumkin. «Yuventus» esa Konseysau yordamidan foydalana olmaydi. O‘tgan yilgi shu raqiblar o‘rtasida Turinda kechgan uchrashuvda aynan Chiko masalani hal qilgan yagona golni urgandi. Shuningdek, Andrea Kambiaso «Parma»ga qarshi o‘yinda hakam tomonidan chetlatilgandi. U ham diskvalifikatsiya tufayli o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Arkadiush Milik esa doimgidek jarohatda.
O‘zaro o‘yinlarga qaralsa, Turindagi uchrashuvlar «Inter» uchun oson kechmasligini ko‘ramiz. A Seriya doirasidagi so‘nggi 15 o‘yinda «Inter» faqat ikki marta g‘alaba qozona olgan. Ularning ham bittasi 2012 yilga to‘g‘ri keladi. Yuqorida eslangan Chiko yagona golni urgan uchrashuvdan avvalgi ikki to‘qnashuv bir xil – 1:1 hisobida yakuniga yetgan. O‘tgan mavsum Milanda bo‘lib o‘tgan o‘yinda esa 4:4 hisobi qayd etilgandi.
Bu uchrashuvdan keyin har ikki jamoani kelasi hafta Chempionlar Ligasi kutib turibdi. «Inter» Niderlandiyada «Ayaks» mehmoni bo‘lsa, «Yuventus» Turinda «Borussiya»ni qabul qiladi.
«BeShIKTOSh» – «ISTANBUL BOShOQSheHIR» (13 sentabr, 22:00)
Birdaniga ikki o‘zbekistonlik transfer qilingan jamoa mamlakatning eng kuchli klublaridan biriga qarshi derbida to‘p suradi. Afsuski, «Boshoqshehir» mavsumni kutilganidek boshlay olmadi, aks holda nafaqat biz uchun, balki Turkiya Superligasining ham markaziy o‘yini bo‘lishi mumkin edi.
«Istanbul Boshoqshehir» mavsum startidagi ikki o‘yinini ham o‘z maydonida durang bilan yakunladi. Raqiblar «Qayserispor» va «Eyupspor» bo‘lgani e’tiborga olinsa, qoniqarsiz start. Hammasidan ham Ruminiyaning «KSU Krayova» jamoasiga qarshi pley-off o‘yinlarini boy berib, Konferetsiyalar ligasi kubogi yo‘llanmasidan quruq qolishi ham muxlislarni ranjitdi. «Beshiktosh»ga qarshi o‘yin o‘ziga yarasha prinsipial, ham derbi sifatida, ham nihoyat jamoa o‘zini ko‘rsatib, maqsadlari jiddiy ekanini nafaqat transferlar bilan, balki munosib o‘yin bilan ham isbotlashi kerak.
Katta klub sifatida «Beshiktosh»ning muammolari ham kattaroq. Avval jamoa «Lozanna»ga qarshi javob o‘yinida yutqazib, yevrokuboklardan chiqib ketdi va Ole Gunnar Sulsherni iste’foga chiqardi. Odatda murabbiy almashishi hech bo‘lmasa ilk o‘yinlarda emotsional ko‘tarilishga sabab bo‘ladi va ko‘p jamoalar shu davrda ijobiy natijalar qayd etishadi. Ammo jamoa Sergen Yalchin qo‘l ostiga o‘tganidan keyin ham tuzalmadi – «Alaniyaspor» maydonidagi o‘yin mezbonlarning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. Xullas, «Beshiktosh»da ham muxlislari qarshisida o‘z aybini yuvishga imkoniyat – «Istanbul» ustidan chiroyli g‘alaba.
Hamyurtlarimizga kelsak, Eldor Shomurodov so‘nggi besh o‘yinda muntazam ravishda boshlang‘ich tarkibda tushdi va oxirgi uch o‘yinni to‘liq o‘tkazdi. Abbos Fayzullayev esa nihoyat «Eyupspor»ga qarshi o‘yinda birinchi marta asosiy tarkibdan joy oldi va 70-daqiqada almashtirildi. Abbos ham, Eldor ham ushbu o‘yinda ilk daqiqalardan maydonga tushmasligi mumkin, zero har ikkisi ham O‘zbekiston tarkibida o‘rtoqlik o‘yinlarida harakat qilishdi. Devi Zelke, Brnich, Turuj kabi hujumchilar terma jamoalar yig‘inlarida ishtirok etishmagan. Shunday bo‘lsa-da, hamyurtlarimizga ishonch bildirilishini kutib qolamiz.
«ATLeTIKO» – «VILYaRReAL» (13 sentabr, 23:55)
Raspadori, Almada, Baena, Rudjyeri kabi ancha qiziqarli xaridlarni amalga oshirgan «Atletiko» kutilmaganda Simeone davridagi eng yomon startni qayd etdi – 3 o‘yin, 2 ochko. Holbuki, raqiblar ancha osonroq edi – «Espanyol», «Elche» va «Alaves». Undan ham alamlisi, har uch o‘yinda ham «Atletiko» tezkor gol urib hisobni ochgandi. Lekin Simeone qo‘lyozmalariga ters ravishda ustunlikni saqlab qolish amalga oshmay qoldi.
«Vilyarreal» esa aksincha. Agar «Selta»ga qarshi o‘yinning 90+4-daqiqasida mezbonlar hisobni tenglashtirmaganda, ayni paytda jamoa 100 foizlik ko‘rsatkich bilan birorta ham gol o‘tkazmagan holda turnir jadvali peshqadami bo‘lib turgan bo‘lardi. Dastlabki ikki o‘yinni jamoa umumiy 7:0 hisobida o‘z foydasiga hal qilgandi. Albatta, boshqa tomonini ham aytish kerak, «Vilyarreal» dastlabki turlarni o‘z maydonida o‘tkazgan, ilk safar o‘yini esa yuqorida eslangan «Selta»ga qarshi uchrashuv edi.
Bu safar ham «Vilyarreal» safarda to‘p suradi. Ammo aytish mumkinki, «Metropolitano» ushbu jamoa uchun u qadar qo‘rqinchli emas. Avvalgi natijalar bundan dalolat qilib turibdi. Aynan Madridda o‘tgan oxirgi 14 uchrashuvning yarmidan ko‘pida mehmonlar ochko olib ketishga muvaffaq bo‘lgan. «Atletiko» ushbu raqibga qarshi oxirgi besh uy o‘yinida atigi bir marta g‘alaba qozona olgan, xolos. «Vilyarreal» hisobida ham bitta g‘alaba bor, uch uchrashuv durang bilan yakuniga yetgan. O‘tgan mavsumda jamoalar o‘rtasidagi ikkala o‘yin ham durang bilan tugagan.
Tarkiblarga to‘xtaladigan bo‘lsak, Diyego Simeone yangi transferi Aleks Baenaning yordamidan foydalana olmaydi. 24 yoshli yarimhimoyachi dastlabki turda «Espanyol»ga qarshi o‘yinda jarohat olib maydonni tark etgandi. Shuningdek, Tiago Almadaning ham ishtiroki so‘roq ostida. Mehmonlar tarkibida Jyerar Moreno to‘liq tiklanib ulgurgani yo‘q.
«Atletiko»ni kelasi haftada ham muhim o‘yin kutib turibdi. Madridliklar YeChL 1-turi doirasida «Liverpul» maydoniga safar qiladi.
«MANCheSTeR SITI» – «MANCheSTeR YuNAYTeD» (14 sentabr, 20:30)
Manchester derbisi har qanday mavsumda APL markaziy uchrashuvi sanalsa-da, turnir jadvali nuqtayi nazaridan yana biroz soyada – jamoalarning birgalikda to‘plagan ochkolarini qo‘shsak ham «Liverpul»nikidan kam bo‘lib chiqadi. «MYu»ning muvaffaqiyatsiz starti avvaldan taxmin qilingan bo‘lsa, 1-turdan keyin «Manchester Siti» ancha yaxshi taassurot qoldirgan, mavsumning asosiy favoritlaridan biri sifatida tilga olinayotgandi.
Bunday holat aslida bu uchrashuvga qiziqishni yanada oshiradi. «MYu»ning yaxshi o‘yini va salbiy natijalari orasidagi muvozanat qayerda? «Manchester Siti»ning inqirozi bu mavsum ham davom etadimi? O‘zaro o‘yin yo‘l-yo‘lakay mana shu savollarga ham javob axtarish bilan birga, muvaffaqiyatsizlikka uchragan murabbiyga bosimni kuchaytirib yuboradi. Pep Gvardiolaning kursisi Amorimniki kabi qimirlamayotgan bo‘lsa-da, qatorasiga uchinchi muvaffaqiyatsiz o‘yin «Pepning davri o‘tdimi?» qabilidagi savollarni kuchaytirib yuborishi tabiiy. So‘nggi sakkiz oy davomida 10 nafarga yaqin yangi futbolchilarni tarkibiga qo‘shib olgan «Manchester Siti»ning qayta qurish ishlari qay shaklda davom etishi albatta, natijalarga ham bog‘liq. Qatorasiga ikki yil chempionlik poygasida bo‘lmaslik Pepning murabbiylik tarixida ilk marta sodir bo‘ladi.
Yangi futbolchilar haqida aytdik, ammo jarohatlar to‘lqini boshlanganini ham qayd etish kerak. Atigi ikki hafta oldin jamoada futbolchi haddan tashqari ko‘pligidan noligan Pep Gvardiola endi matbuot anjumanida ixtiyorida juda kam futbolchi qolganini aytmoqda. Terma jamoalar yig‘inlaridan oldin kichik jarohatlar olgan Gvardiol, Husanov, Foden, Kovavich kabi futbolchilarning tarkibga qaytgani bilan birga, masalan, Omar Marmush terma jamoadagi o‘yinida jarohat oldi va bir necha haftaga safdan chiqdi. Shuningdek, Rayan Sherki va Ayt-Nuri ham derbida jamoadoshlariga yordam bera olmaydi. Stounzning holati so‘roq ostida turibdi. Demak, Yoshko Gvardiol qaytgan bo‘lsa-da, u jarohatlangan Ayt-Nurining o‘rnini to‘ldirishi ehtimolini taxmin qilsak, Abduqodir Husanovda nihoyat Manchester derbisida debyut qilish imkoniyati bor. Aprel oyida «Old Trafford»da o‘tgan bahsda Husanov maydonga tushirilmagandi.
Mehmonlar tarkibida Meyson Maunt va Mateus Kunya maydonga tusha olishmaydi. Ular «Byornli»ga qarshi bahsda jarohat tufayli maydonni erta tark etgandi. Ma’lum bo‘lishicha, har ikkisi ham bir necha haftaga safdan chiqqan. Shuningdek, Diogu Dalot terma jamoa yig‘inlaridan kichik jarohat tufayli qaytib kelgandi – u ham derbiga tayyor bo‘lmaydi. Qiziq tomoni, har ikki jamoada ham derbida yangi darvozabonlar debyut qilishi mumkin edi. Amorim Lammens uchun biroz vaqt borligini aytgan bo‘lsa, Pep Gvardiola Janluiji Donnarumma ushbu o‘yinda asosiy tarkibda bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi.
Bevosita, o‘zaro o‘yinlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, qatorasiga to‘rt o‘yindan beri «Siti» «MYu» ustidan asosiy vaqtda g‘alaba qozona olmayapti. Kubok finalida «qizillar» ustun kelgan bo‘lsa, uch oy o‘tib Angliya Superkubogi uchun bahsning asosiy vaqti 1:1 hisobida yakuniga yetgandi. APL doirasidagi o‘yinlarda esa «Etihad»da mehmonlar 2:1 hisobida g‘alaba qozongan, «Old Trafford»dagi bahsda hisob ochilmagandi.
BOShQA O‘YINLAR
13 sentabr. ARSeNAL – Nottinghem Forest (16:30), Haydenhaym – BORUSSIYa D (18:30), NYuKASL – Vulverhempton (19:00), Vest Hem – TOTTeNHEM (21:30), BAVARIYa – Hamburg (21:30), ATLeTIK – Alaves (21:30), Fiorentina – NAPOLI (23:45), Brentford – CheLSI (23:55)
14 sentabr. ROMA – Torino (15:30), Byornli – LIVeRPUL (18:00), ATLALANTA – Lechche (18:00), PSJ – Lans (20:15), MILAN – Bolonya (23:45), BARSeLONA – Valensiya (23:55).