Sport
Angliya Liga Kubogini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbek futbolchisi
Londondagi «Uembli» stadionida Angliya Liga Kubogining final uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bosh sovrin uchun bahsda «Manchester Siti» va «Arsenal» jamoalari o‘zaro to‘qnash kelishdi.
Uchrashuv «Manchester Siti» ning 2:0 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi. O‘yin taqdirini ikkinchi bo‘limda Niko O‘Rayli tomonidan kiritilgan ikkita gol (60 va 64-daqiqalar) hal qildi. Ushbu muvaffaqiyat evaziga «Manchester Siti» o‘z tarixida 9-marta Angliya Liga Kubogi sohibiga aylandi. Endilikda ular mazkur turnirda eng ko‘p zafar quchgan «Liverpul» (10 ta sovrin) rekordiga yaqinlashib oldi — ular orasidagi farq atigi bitta kubokni tashkil etmoqda.
O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov «Manchester Siti» tarkibida maydonga tushib, to‘liq 90 daqiqa harakat qildi. U uchrashuvning 32-daqiqasida Viktor Dyokereshga ishlatilgan qo‘pollik uchun sariq kartochka oldi.
Ushbu g‘alaba orqali Husanov Angliya Liga Kubogini qo‘lga kiritgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi. Bu sovrin himoyachi uchun Angliyadagi birinchi oltin medal hisoblanadi.