Sport
Angliya JCh-2026 uchun «hayratlanarli» tarkibni e’lon qildi
Angliya milliy jamoasining jahon chempionati uchun qaydnomasiga yulduz o‘yinchilar kiritilmadi: Harri Maguayr, Trent Aleksandr-Arnold, Koul Palmer va Fil Foden. Sport matbuoti yakuniy qaydnomani «shok» deb baholamoqda.
Angliya milliy jamoasi ijtimoiy tarmoqda 2026 yilgi jahon chempionati uchun yakuniy tarkibini e’lon qildi.
Bosh murabbiy Tomas Tuxel bir nechta yulduz futbolchilarni, masalan, himoyachilar Harri Maguayr («Manchester Yunayted») va Trent Aleksandr-Arnoldni («Real Madrid»), «Chelsi» yarimhimoyachisi Koul Palmerni va «Manchester Siti» qanot himoyachisi Fil Fodenni tarkibga kiritmadi.
Yakuniy tarkib Angliyada katta norozilik uyg‘otdi. Ingliz ommaviy axborot vositalarida tarkibni «shok» deb atamoqda va murabbiy o‘z qarori bilan hayratda qoldirayotganini ta’kidlamoqda.
Tuxel tanqidga munosabat bildirib, o‘z tanloviga ishonishini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «iste’dodli emas, balki eng yaxshi» tarkibni yig‘gan.
Shunisi e’tiborga loyiqki, dekabr oyida Tuxel FIFA tomonidan 2025 yilning eng yaxshi futbolchisi uchun ovoz berishda Koul Palmerni Harri Keyndan so‘ng ikkinchi o‘ringa qo‘ygan edi.
33 yoshli Maguayr ijtimoiy tarmoqda Tuxelning o‘zini milliy jamoaga chaqirmaslik qaroridan hayratda qolganini va tushkunlikda ekanini yozdi. U 2017 yildan buyon Angliya milliy jamoasining asosiy o‘yinchilaridan biri bo‘lib, 2018 va 2022 yilgi jahon chempionatlarida, shuningdek, bosh murabbiy Garet Sautgeyt qo‘l ostida Yevro-2024 chempionatida ishtirok etgan. U mart oyida Urugvay va Yaponiya bilan o‘rtoqlik o‘yinlariga chaqirilgan edi.
1986 yilgi jahon chempionatidan beri birinchi marta Angliya milliy jamoasi tarkibida «Liverpul» klubining biror futbolchisi bo‘lmaydi, deb yozdi Opta. Milliy jamoada 16 ta klub vakillari to‘plangan, faqat 1962 yilgi Jahon chempionatida bundan ko‘p bo‘lgan (17).
Angliya milliy jamoasining to‘liq tarkibi quyidagicha:
darvozabonlar — Din Henderson («Kristal Pelas»), Jordan Pikford («Everton»), Jyeyms Trafford («Manchester Siti»);
himoyachilar — Den Bern («Nyukasl Yunayted»), Mark Gexi («Manchester Siti»), Ris Jyeyms («Chelsi»), Ezri Konsa («Aston Villa»), Valentino Livramento («Nyukasl Yunayted»), Niko O’Rayli («Manchester Siti»), Jarell Kuansa («Bayyer»), Jyed Spens («Tottenhem Hotspur»), Jon Stounz («Manchester Siti»);
yarimhimoyachilar — Elliot Anderson («Nottingem Forest»), Jud Bellingem («Real Madrid»), Eberechi Eze («Arsenal»), Jordan Henderson («Brentford»), Kobbi Maynu («Manchester Yunayted»), Deklan Rays («Arsenal»), Morgan Rojyers («Aston Villa»);
hujumchilar — Entoni Gordon («Nyukasl Yunayted»), Harri Keyn («Bavariya»), Noni Madueke («Arsenal»), Markus Reshford («Barselona»), Bukayo Saka («Arsenal»), Ayvan Toni («Al-Ahliy»), Olli Uotkins («Aston Villa»).
Jahon chempionati 11 iyundan 19 iyulgacha AQSh, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadi. Angliyaliklar L guruhida Xorvatiya, Gana va Panama bilan o‘ynaydi.