Jamiyat
Andijondagi maktabda ishchilar va o‘qituvchilar texnik spirtdan zaharlandi. Ulardan biri vafot etgan, uch kishi shifoxonada
Ular laboratoriyada saqlanayotgan texnik spirtni iste’mol qilgani aytilgan.
Andijon shahridagi maktablardan birida texnik spirt iste’mol qilinishi oqibatida bir kishi vafot etib, uch kishi zaharlangan holda shifoxonaga yotqizilgan.
«Daryo» nashri o‘z manbasiga tayanib, 22 oktyabrga o‘tar kechasi 36-umumta’lim maktabi binosida «direktor va xo‘jalik ishlari bilan shug‘ullanadigan ayrim xodimlar laboratoriyada saqlanayotgan texnik spirtni iste’mol qilgani, oqibatda maktab xo‘jalik mudiri voqea joyida vafot etgani, direktor esa og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgani» haqida xabar bergan.
Andijon shahar maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi holat yuzasidan bergan izohida aniqlik kiritishicha, hodisa 22 oktyabr kuni sodir bo‘lgan, ushbu holatda maktab direktori vazifasidagi F.R (ayol kishi) ishtirok etmagan, u ishdan so‘ng uyiga qaytgan.
Ma’lum qilinishicha, o‘sha kuni soat 17:00 larda maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha mas’uli, Chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik rahbari, qorovul va bir nafar o‘qituvchi darsdan keyin kechki ovqatlanish jarayonida texnik spirtni iste’mol qilgani aniqlangan.
Xabarda hodisaning boshqa tafsilotlari, jabrlanuvchilarning holati haqida ma’lumot berilmagan.
Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayotbek Shamsiddinovga ko‘ra, hodisa yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Voqea sabablari va boshqa tafsilotlar aniqlanmoqda.
Bosh prokuraturaning Gazeta’ga xabar berishicha, hodisa oqibatda ikki kishi – maktab xo‘jalik mudiri va qorovul vafot etgan.