Jamiyat
Andijonda subsidiya mablag‘lari maqsadsiz sarflanganligi aniqlandi
2023-2024 yillar davomida tadbirkorlik sub’yektlariga ajratilgan jami 7,8 mlrd so‘m miqdoridagi subsidiya mablag‘laridan 2,6 mlrd so‘mi maqsadsiz sarflangan, shundan 1,8 mlrd so‘mlik qismi o‘zlashtirib yuborilgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Andijon viloyatida subsidiya mablag‘larining maqsadli va samarali sarflanishi bo‘yicha o‘rganish o‘tkazildi.
O‘rganish davomida aniqlanishicha, 2023-2024 yillar davomida tadbirkorlik sub’yektlariga ajratilgan jami 7,8 mlrd so‘m miqdoridagi subsidiya mablag‘lardan 2,6 mlrd so‘mi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 22 iyuldagi 307-son qarori talablariga zid ravishda maqsadsiz sarflangan. Shundan 1,8 mlrd so‘mlik qismi o‘zlashtirib yuborilgan.
Jumladan, Baliqchi tumanida 4 ta yuridik shaxs tomonidan 74 nafar kasanachiga 729,6 mln so‘mlik, Ulug‘nor tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 48 nafar kasanachiga 401,3 mln so‘mlik, Jalaquduq tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 25 nafar kasanachiga 247,5 mln so‘mlik, Xonobod shahrida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 10 nafar kasanachiga 204 mln so‘mlik, Qo‘rg‘ontepa tumanida 2 ta yuridik shaxs tomonidan 19 nafar kasanachiga 180 mln so‘mlik va Shahrixon tumanida 1 ta yuridik shaxs tomonidan 9 nafar kasanachiga 69 mln so‘mlik asbob-uskunalar yetkazib berilmaganligi aniqlandi.
Shuningdek, Izboskan tumanida 2 ta yuridik shaxs 79 nafar kasanachiga ajratilgan subsidiya mablag‘lari hisobidan tikuv mashinalarini ta’minotchi sifatida 118 mln so‘m ustama qo‘shgan holda yetkazib bergan.
Kasanachilar bilan mehnat shartnomalari tuzilmagani, amaldagi bandligi ta’minlanmagani va ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmaganligi natijasida 792,3 mln so‘m miqdoridagi subsidiya mablag‘lari maqsadsiz sarflangan.
Shuningdek, ijtimoiy shartnoma shartlarining bajarilishi subsidiya mablag‘lari ajratilgan ro‘yxatdagi kasanachilarning ish bilan bandligini ta’minlanganligi hamda ish haqlarining hisoblanishi soliq organlariga topshirilgan hisobotlari asosida o‘rganilganda qaror talablari buzilishi, ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmaganligi holatlari aniqlandi.
Qaror talabi bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligiga ko‘maklashish bo‘limi xodimlari hamda hokim yordamchilari tomonidan subsidiya mablag‘larini maqsadli sarflanishi yuzasidan monitoring tadbirlari orqali nazorat qilib borish ishlarida ham mas’uliyatsizlik va qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yilgan.
To‘plangan materiallar asosida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.