Jamiyat
Andijonda bozor rastasi quladi: tadbirkorlardan biri jarohat oldi
Xo‘jaobod tumanida kiyim-kechak bozorida savdo rastasi qulagani haqida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar yuzasidan tezkor o‘rganish o‘tkazildi. Tuman hokimligiga ko‘ra, hodisa 21 dekabr kuni soat 11:00 atrofida sodir bo‘lgan va bir nafar tadbirkor tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan.
Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanidagi buyum (kiyim-kechak) bozori hududida savdo rastasi qulagan. Mas’ullar ma’lum qilishicha, holat 2025 yil 21 dekabr kuni soat 11:00 lar atrofida qayd etilgan.
Rasmiy munosabatda ta’kidlanishicha, rastasi tadbirkor tomonidan do‘kon oldiga qo‘lbola usulda qurilgan bo‘lib, talabga javob bermagan. Shuningdek, savdo rastasining yuqori qismiga me’yordan ortiq og‘ir (qishki) kiyimlar ilingani oqibatida konstruksiya qulagan.
Hodisa oqibatida mazkur kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 1 nafar tadbirkor tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan va unga zudlik bilan tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Hozirda jabrlanuvchining ahvoli yaxshi ekani, boshqa jabrlanuvchilar aniqlanmagani bildirilgan.
Ayni paytda hodisa sabablari o‘rganilmoqda.