Jamiyat
Andijonda 5 qavatli uy tomida yong‘in sodir bo‘ldi
Andijon shahrida joylashgan besh qavatli turar joyning tom qismida tungi soatlarda yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in qutqaruvchilar tomonidan qisqa vaqt ichida bartaraf etildi. Hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 14 iyul kuni soat 01:43 da 112 tizimi orqali Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Andijon shahrining Hamdo‘stlik mahallasi, Boburshoh ko‘chasida joylashgan 5 qavatli uyning tom qismi yonayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabar ortidan voqea joyiga qutqaruv bo‘linmalari zudlik bilan yetib borib, yong‘inni tezkorlik bilan o‘chirishga muvaffaq bo‘lgan.
FVVning ta’kidlashicha, yong‘in oqibatida hech kim jarohat olmagan. Shuningdek, yong‘in Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi binosi yonida sodir bo‘lganiga qaramay, boshqarma binosiga hech qanday zarar yetmagan.
Hozirda yong‘inning kelib chiqish sabablari va yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.