Jamiyat
Andijonda 5 mlrd so‘mlik soxta dori mahsulotlari aniqlandi
Andijon shahrida noqonuniy dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish bilan shug‘ullangan yashirin sex faoliyatiga chek qo‘yildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, musodara qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati qariyb 5 milliard so‘mni tashkil etgan.
Ma’lum qilinishicha, Davlat xavfsizlik xizmati va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Andijon shahrida faoliyat yuritgan noqonuniy ishlab chiqarish manzili aniqlangan.
Ushbu obektda 4 ta MChJ tomonidan tegishli litsenziya va sertifikatlarsiz turli xil dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarilgani ma’lum bo‘ldi.
Tadbir jarayonida Simbaby, Doclungc, Leron, Yodigan, Polivit kabi qariyb 100 turdagi mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Shuningdek, mahsulotlarni tayyorlash jarayonida texnologik talablar qo‘pol ravishda buzilgani, sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilmagani qayd etilmoqda.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Mutaxassislar aholini dori vositalarini faqat litsenziyaga ega va ishonchli dorixonalardan xarid qilishga chaqirmoqda.