Iqtisodiyot
Alkogol va tamaki bozorida nazorat tizimi avtomatlashtiriladi
Tadbirkorlar huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori bo‘lganlar, xavfi o‘rtacha bo‘lganlar va xavfi past bo‘lganlar toifasiga ajratiladi.
Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Iste’mol va texnik etil spirti, alkogol hamda tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarishni va ularning aylanmasini nazorat qilish bo‘yicha xavfni tahlil etish avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu nizom alkogol va tamaki mahsulotlari hamda etil spirti ishlab chiqarish va aylanmasi jarayonlarini raqamli nazorat ostiga olishni ko‘zda tutadi.
Nizom talablari alkogol va tamaki mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash, tashish va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi, shuningdek eksport-import faoliyatini amalga oshirayotgan tadbirkorlik sub’yektlariga tatbiq etiladi.
Xavf darajasini tahlil etish jarayonida tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish yoki unga to‘sqinlik qilish qat’iyan taqiqlanadi.
Xavf darajasidan kelib chiqib, tadbirkorlar uch – huquqbuzarlik sodir etish xavfi yuqori bo‘lganlar, xavfi o‘rtacha bo‘lganlar va xavfi past bo‘lganlar toifasiga ajratiladi.
Xavf darajasi yuqori bo‘lmagan tadbirkorlarga esa shaxsiy kabinet orqali ogohlantiruvchi xabarnoma yuboriladi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish tavsiya etiladi.