Iqtisodiyot

Al Kaponedan Gulnora Karimovagacha: “Kir pullar” qanday yuviladi?

Published

on


Har yili dunyo bo‘ylab global yalpi ichki mahsulotning 2 foizidan 5 foizigacha bo‘lgan miqdorda pul yuviladi. Buni summaga chaqsak, real ko‘rsatkich 2,3 trln dollardan 5,8 trln dollargacha yetishi mumkin. Korrupsiya, firibgarlik, odam savdosi kabi jinoiy yo‘llar bilan to‘plangan “qora” pullar qanday qilib “oqartiriladi?” Nega Kayman orollari, Kipr va Britaniya Virjiniya orollari kabi ofshor hududlar dunyo boylarining sevimli manziliga aylangan?

Migel – Lotin Amerikasidagi keng tarmoqli narkokartel rahbari. U jinoyatchilik ortidan millionlab dollar pul to‘plagan.

Andrey esa – yuqori lavozimda ishlovchi amaldor, katta bir tashkilot rahbari. U qurib bitkazilgan uylarga litsenziya beradi. Millionlab dollar aktivlarga ega yirik kompaniyalar Andrey bilan hisoblashishga majbur – qoidasi shunaqa, yo‘qsa qurgan binosini hech kimga sota olmaydi. Uning chet davlatlarda qo‘sha-qo‘sha uy va villalari borligi haqida mish-mishlar yuradi.

Jyek – oxirgi yillarning eng muvaffaqiyatli tadbirkorlaridan biri. Kremniy vodiysidagi texnologik korporatsiyaning milliarder egasi.

Ta’riflaganimiz bu uch xil odamni bitta narsa birlashtirishi mumkin – noqonuniy topilgan daromadlar.

Migelda bankka qo‘yib bo‘lmaydigan bir necha qop pul bor. Andrey pora evaziga boylik to‘plagan, ularni yashirishi kerak. Jyek esa olingan foydasini soliq xizmatidan berkitish haqida o‘ylayapti.

BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili dunyo bo‘ylab global yalpi ichki mahsulotning 2 foizidan 5 foizigacha bo‘lgan miqdorda pul yuviladi. Foizni raqamlar ko‘rinishiga keltiradigan bo‘lsak, real ko‘rsatkich 2,3 trln dollardan 5,8 trln dollargacha yetishi mumkin. Taqqoslash uchun, faqatgina ikkita davlat – AQSh va Xitoyning yalpi ichki mahsuloti 5,8 trln dollarda kattaroq.

Yana bir paradoks shundaki, global moliya tizimi orqali yuviladigan jinoiy daromadlarning atigi 0,2 foizi muzlatiladi va musodara qilinadi. Qolgan 99,8 foizi muvaffaqiyatli tarzda qonuniy iqtisodiyotga aralashtirib yuboriladi.

Xo‘sh, korrupsiya, firibgarlik, odam savdosi kabi jinoiy yo‘llar bilan olingan “qora” pullar qanday qilib “oqartiriladi?” Nega Kayman orollari, Kipr va Britaniya Virjiniya orollari kabi hududlar dunyo boylarining sevimli manziliga aylangan?

“Sodda iqtisodiyot” ruknida bu gal Al Kaponening kirxonalari va Gulnora Karimovadan tortib, Apple’ning “arvoh ofislari”gacha bo‘lgan murakkab sxemalarni oddiy tilda tushuntirib beramiz.

“Kir pullar”ni tozalash

Ko‘pchilik “pul yuvish” atamasining kelib chiqishini AQShda faoliyat olib borgan mafiya sardori Al Kapone nomi bilan bog‘laydi. U o‘tgan asrning 20-yillarida spirtli ichimliklar kontrabandasi, noqonuniy qimor o‘yinlari, fohishabozlik va reketdan bemisl boylik orttiradi. Turli xil manbalarda Al Kaponening yillik daromadi 100 mln dollardan oshgani aytiladi. Bu summa bugungi pul qiymatida taxminan 1,5 milliard dollarga teng.

U paytlarda Amerikada kir yuvish shoxobchalarida tushumlar naqd pulda amalga oshirilar va ularning hisobini yuritish imkonsiz bo‘lgan. Shu sababli Al Kapone boshliq jinoiy uyushma noqonuniy daromadlarni kirxonalarning qonuniy tushumi bilan aralashtirib yuborish maqsadida, ularni sotib oladi. Tarixchilar atamaning so‘zma-so‘z kelib chiqishini aynan shu voqea bilan bog‘laydi. Keyinchalik chikagolik mafiozni baribir qamashadi, ammo qotilliklar va reket uchun emas. Unga soliq to‘lashdan qochish ayblovi qo‘yiladi.

Zamonaviy pul yuvishning haqiqiy “otasi” Al Kaponening zamondoshi – “mafiya hisobchisi” nomi bilan tanilgan Meyyer Lanski hisoblanadi. U Kaponening xatolaridan kerakli xulosalar chiqaradi va pullarni AQSh tashqarisiga yashirish usullarini izlay boshlaydi. 1934 yilda Shveytsariya hukumati mijozlar haqidagi ma’lumotlarni oshkor qilish jinoyat ekanini nazarda tutuvchi “Bank siri to‘g‘risida”gi qonun qabul qiladi. Lanski bundan ustalik bilan foydalandi. U bankda “Meyyer Lanski” nomi ostida emas, balki faqat raqamlar, masalan, “mijoz 4567” ko‘rinishida hisobraqamlar ochadi. AQSh huquq-tartibot idoralari qancha urinmasin, banklar “Bizda bunday ismli mijoz yo‘q” deb javob beraveradi.

Lanski Shveytsariyada pulni yashirishni uddaladi, ammo bu mablag‘larni Amerikaga yana qaytarishi kerak, to‘g‘rimi? Chunki yerto‘lada turgan pul bilan bankda turgan harakatsiz pulning ko‘p ham farqi yo‘q. Natijada tarixdagi eng mashhur pul yuvish zanjiri o‘ylab topiladi.

Mafiya noqonuniy qimorxonalar, spirtli ichimliklar savdosi va reketdan millionlab dollar naqd pul yig‘gan edi. Tabiiyki, bu pullar davlat ro‘yxatidan o‘tmagan. Yig‘ilgan mablag‘ kurerlar orqali, chamadonlarda, yashirin marshrutlar bilan Shveytsariyadagi bank hisoblariga joylanadi. Ma’lum vaqtdan keyin Lanski AQShda to‘liq qonuniy va toza ishlovchi kompaniya ochadi. Masalan, mehmonxona, restoran yoki ko‘chmas mulk agentligi. Bunda Lanski tomoni Shveytsariyadagi bankka “Bizga biznes uchun kredit kerak” deya murojaat qiladi. Bank esa uning o‘ziga tegishli qora pullarini AQShdagi kompaniyasiga rasmiy kredit sifatida o‘tkazib beradi. Soliqchilar va FQB: “Bu mehmonxonani qurishga pulni qayerdan olding?” degan savol berishsa, xotirjamlik bilan obro‘li Shveytsariya bankining rasmiy kredit shartnomasi ko‘rsatiladi.

Albatta, har qanday qarzning foizi bo‘ladi. Lanski mehmonxonadan topgan daromadidan bankka “kredit foizi” to‘laydi. O‘sha paytdagi qonunchilikka ko‘ra, biznes xarajatlari, jumladan, kredit foizlari soliqqa tortilmagan. Natijada pul yana aylanib, ofshor hisobga qonuniy va soliqsiz tarzda yetib boradi. Shu tariqa, Amerikadagi qonunlar chetlab o‘tiladi va “kir pullar” qonuniy tarzda iqtisodiyotga yana qayta olib kiriladi. Moliyaviy sxema shu darajada mukammal ishlaydiki, 80 yil umr ko‘rgan Lanski faqatgina bir marta, atigi 2 oygina qamoq jazosini o‘tagan. FQB uni biror jiddiy firibgarlikda ayblay olmaydi.

“Pul yuvish” atamasining keng miqyosida siyosiy va iqtisodiy leksikonga kirib kelishi XX asrning 70-yillarida AQShni larzaga solgan Uotergeyt mojarosi bilan bog‘liq. Mamlakat prezidenti Richard Niksonning jamoasi saylov kampaniyasini moliyalashtirish uchun yig‘ilgan noqonuniy mablag‘lar izini yo‘qotishga harakat qiladi. Shu madsadda pullar Meksika banklari orqali yashirincha o‘tkaziladi. Jurnalistlar bu jarayonni fosh qilganda, mablag‘larning manbayini yashirish amaliyotini ta’riflash uchun “pul yuvish” atamasini qo‘llashadi. Keyinchalik bu termin ommaviylashib ketdi.

Pul yuvish sxemalari

Yuqorida “qaytarma kredit” sxemasi qanday ishlagani haqida to‘xtalib o‘tgandik. Agar Lanski noqonuniy pullarni yuvishda “velosiped” ixtiro qilgan deb olsak, bugungi kunga kelib “kir pullar”ni o‘zlashtirishning tagiga yetish juda murakkab bo‘lgan o‘nlab “Ferrari” va “Lamborghini” mexanizmlari paydo bo‘lgan, desak mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz.

Yillar davomida banklarga qo‘yiladigan qonunchilik talablari qat’iylashtirildi, shu sabab bank hisoblari orqali pul aylantirishning o‘zi ko‘zlangan natijani bermay qo‘ydi. Kriptovalutalar, ofshor bank tizimlari, darknet va global moliya bozorlari paydo bo‘lishi bilan bunday sxemalar yanada murakkablashdi. Zamonaviy pul yuvish usullari bir-biridan sezilarli darajada farq qilsa-da, ularning aksariyati uchta asosiy bosqichdan iborat bo‘ladi.

Birinchi va eng xavfli bosqich – joylashtirish. Jinoyatchining qo‘lida bir necha qop naqd pul bor. Uni qonuniy moliya tizimiga olib kirish kerak. Buni e’tiborni tortmaydigan qilib amalga oshirish uchun pullar kam-kamdan turli odamlar orqali banklarga qo‘yiladi. Bu usul ulkan mablag‘ni majburiy hisobot chegarasidan past bo‘lgan ko‘plab kichik tranzaksiyalarga bo‘lib tashlashni anglatadi. Buning uchun “pul xachirlari” deb ataladigan odamlardan foydalaniladi. Vositachilarga uyidan turib yoki masofadan ishlash taklif qilinadi, ularning ishi hisobiga kelib tushgan mablag‘larni boshqa hisoblarga o‘tkazishdan iborat bo‘ladi. Yoki bo‘lmasa, mablag‘lar naqd pul ko‘p aylanadigan restoranlar, go‘zallik salonlari, avtomobil yuvish shoxobchalari, kiyim do‘konlari kabi kichik bizneslarga tushum sifatida kiritib yuboriladi.

Tasavvur qiling, yirik korrupsionerda 10 mln dollar naqd pul bor. U kimningdir nomiga bitta restoran ochadi yoki shunday restorani bor odam bilan kelishadi. Aslida restoranga kuniga 50 ta mijoz keladi, ammo qog‘ozda bu raqam 500 ta deb ko‘rsatiladi. Tushumdagi farq esa kir pullar bilan qoplab borilaveradi. Oy oxirida restoran qog‘ozda “juda katta daromad qildi” deb ko‘rsatiladi. Jinoyatchi daromaddan davlatga qonuniy soliq ham to‘laydi. Ertaga u qimmatbaho mashina yoki uy sotib olsa va kimdir pulni qayerdan olding, deb so‘rasa, “men buni restoranimdan topdim, mana hujjatlari, mana solig‘ini ham to‘laganman”, deb aytadi. Shu tariqa, qing‘irlik bilan topilgan 10 mln dollar oqartiriladi. Ya’ni, iflos pullar yuvib, tozalanadi.

Ikkinchi bosqich – izni yo‘qotish. Pul bankka yoki tizimga kirdi, lekin uning manbayi tezda tekshirila boshlanishi mumkin. Bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun mablag‘ tinimsiz aylantiriladi Pul bir bankdan ikkinchisiga, u yerdan chet eldagi ofshor hududlar, masalan, Kipr yoki Kayman orollaridagi maxfiy hisobraqamlarga, so‘ngra qandaydir soxta qobiq kompaniyalarga o‘tkaziladi. Maqsad – pulning birlamchi manbayini topishni imkonsiz holatga keltirish. Shuningdek, bojxona hujjatlari va hisob-fakturalarni soxtalashtirish sxemasidan ham foydalaniladi. Masalan, eksport qilinadigan tovarlar narxini sun’iy oshirish yoki kamaytirish qonuniy to‘lov niqobi ostida millionlab dollarlarni yashirin ko‘chirishga imkon beradi. Ba’zi hollarda “arvoh yuklar”dan foydalaniladi, ya’ni yuk uchun hujjatlar rasmiylashtiriladi, pul o‘tkaziladi, lekin jismonan hech qanday tovar chegarani kesib o‘tmaydi.

Bugungi kundagi raqamli davrda kriptovalutalar ham pullar izini yo‘qotishda ideal vositaga aylandi. Ammo bunda ham nozik jihatlar bor. Masalan, Bitcoin garchi raqamli va yashirindek tuyulsa ham, aslida uning har bir harakati internetdagi ochiq daftar, ya’ni blokcheynda o‘zidan iz qoldiradi. Aynan shu izni uzib yuborish uchun jinoyatchilar “mikserlar” deb ataladigan dasturlardan foydalanishadi. Bunda yuzlab odamlarning pullari bitta katta “qozon”ga tashlanadi. Bu yerda kimdir jinoyatchi, kimdir shunchaki o‘z xaridini yashirmoqchi bo‘lgan oddiy odam. Dastur qozondagi barcha pullarni bir-biriga qo‘shib yuboradi, qismlarga bo‘ladi va yaxshilab aralashtirib tashlaydi. Natijada qaysi tanga kimga tegishli ekanini aniqlash imkonsiz holatga kelib qoladi. Keyin mikser har bir odamga o‘zi kiritgan pul miqdorini mutlaqo boshqa odamlarning tangalaridan yig‘ib, yangi hamyonlarga tarqatib beradi.

Agar dastlabki ikki bosqich muvaffaqiyatli yakunlansa, uchinchi bosqich – integratsiyaga imkoniyat paydo bo‘ladi. Chiqib ketgan pullar qonuniy tarzda mamlakatga yana qayta boshlashi mumkin. Jinoyatchi bu pullarga rasmiy ravishda yirik ko‘chmas mulk sotib olishi yoki zavod qurishi mumkin. Shu tariqa, jinoyatchi go‘yoki xalqqa foydasi tegayotgan “muvaffaqiyatli va boy investor”ga aylanadi. Bunda qaytarma kreditlar va soxta shartnomalardan foydalaniladi.

Ofshor hududlar

Ofshor – kompaniyalarni boshqa davlatlarda tashkil etish orqali mulk egaligini yashirish. Masalan, kimningdir Fransiyada mulki bor, biroq tashkiliy jihatdan unga boshqa davlatdagi kompaniya orqali egalik qiladi. Odatda bu usul bilan mulkning egasini aniqlash murakkablashadi, soliq to‘lashdan qochiladi. Masalan, korrupsioner amaldor Andrey ofshor hududda kompaniya ochmoqchi, bu ishni hattoki uning pasporti va shaxsiy ma’lumotlarisiz ham amalga oshirish mumkin. Hujjatlarda rahbar sifatida mahalliy fuqaro “Jon Smit” ko‘rsatiladi, yuz millionlab dollar pul aylanayotgan kompaniyaning asl egasi kimligini esa faqat mahalliy advokatlarning birigina bilishi mumkin. Agar biror davlatning prokuraturasi rasmiy xat yuborib: “Shu kompaniya kimga tegishli va uning hisobida qancha pul bor?” deb so‘rasa, odatda ofshor hududlar javob berishdan bosh tortadi. Bu tijorat va bank siri degan vaj bilan xaspo‘shlanadi. Ofshorda kompaniya ochish shunchalik oson va arzonki, bitta odam u yerda o‘nlab sun’iy kompaniyalar tashkil qilib, kir pullarni ular o‘rtasida tinimsiz aylantirishi mumkin. Bu kompaniyalarning na ofisi, na ishchisi bo‘ladi – ular faqat qog‘ozda mavjud.

Kayman orollari, Kipr, Britaniya Virjiniya orollari, Panama, Singapur – dunyodagi eng mashhur ofshor zonalar hisoblanadi. Bu davlatlar qonunchiligida kompaniyalarga o‘z egasi shaxsini ochiqlashga oid talablar qat’iy emas, korporativ soliqlar past yoki umuman yo‘q.

Masalan, Kayman orollarida korporativ soliq, daromad solig‘i yoki mulk solig‘i umuman undirilmaydi. Hukumat daromadining katta qismi import bojlari, litsenziya to‘lovlari, ish ruxsatnomalari hisobidan shakllanadi. Bu yerda 30 mingdan ortiq investitsiya fondlari ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular 16 trillion dollardan ortiq aktivlarni boshqaradi. Dunyodagi ofshor xedj-fondlarining qariyb 75 foizi aynan shu yerda joylashgan.

Yoki Britaniya Virjiniya orollarini olaylik. Dunyodagi eng ko‘p yashirin kompaniyalar aynan shu yerda ochiladi. Chunki tashkilotlarning haqiqiy egasini yashirish va kompaniyani juda tez rasmiylashtirish imkoniyati bor.

Kipr esa Yevropa Ittifoqiga a’zo davlat bo‘lgani uchun Rossiya, MDHning boshqa mamlakatlari va Yaqin Sharq biznesmenlari uchun juda qulay hudud. Soliqlar past, bank tizimi orqali pullarni Yevropa Ittifoqi bo‘ylab qonuniy aylantirish imkoniyati bor.

Umuman olganda, ofshor hududlarda birovning nomiga firma ochib, tashkilotning haqiqiy egasini osongina yashirish mumkin. Soliq stavkasi degan tushuncha ham yo‘q. Masalan, yiliga 100 million dollar sof foyda ko‘rgan kompaniya o‘z mamlakatida 12-20 foiz, ya’ni 15-20 million dollar soliq to‘lashi kerak bo‘lsa, ofshorda atigi 500 yoki 1000 dollar miqdorida yillik “litsenziya haqi” to‘laydi xolos. Foyda miqdori qancha bo‘lishidan qat’i nazar, to‘lov miqdori o‘zgarmaydi. Bundan tashqari, rivojlangan davlatlarda har bir kompaniya yil yakunida pulni qayerdan olgani va nimaga sarflagani haqida moliyaviy hisobot berishi kerak; ofshor hududlarda esa bunday talab yo‘q.

O‘z-o‘zidan savol paydo bo‘lishi mumkin: agar ofshorlar iqtisodiyotga katta zarar keltirayotgan bo‘lsa, nega xalqaro tashkilotlar yoki qudratli davlatlar bu “qora tuynuklar”ni butunlay yopib tashlamaydi? Buning o‘ziga xos sabablari bor.

Birinchidan, ofshorlardan faqat jinoyatchilar yoki korrupsionerlar foydalanmaydi. Dunyodagi eng yirik, qonuniy ishlayotgan megakorporatsiyalar ham soliqlarni kamaytirish uchun bunday hududlarga doimiy tarzda murojaat qilishadi. Aynan ularning kuchli lobbisi va qudrati bunday hududlarni doimiy ravishda siyosiy maydonda himoya qilib turadi. Ikkinchidan, Panama hujjatlari kabi global surishtiruvlar shuni ko‘rsatdiki, qaror qabul qiluvchi jahon elitasining o‘zi ham boyliklarini aynan shunday hududlarda saqlaydi. Tabiiyki, hech kim “xavfsiz hamyoniga” zarba beruvchi qonunlarni faol qo‘llab-quvvatlamaydi.

Mashhur pul yuvish keyslari

Pul yuvish bilan bog‘liq jinoyatlar haqida gap ketganda, Gulnora Karimova nomini tilga olmaslik imkonsiz. Butun dunyoga “korrupsiya malikasi” nomi bilan tanilgan O‘zbekiston birinchi prezidentining to‘ng‘ich qiziga uchta telekommunikatsiya kompaniyasidan 865 million dollar miqdorida pora olish va keyinchalik bu poralarni AQSh moliya tizimi orqali yuvish ayblovi qo‘yilgandi. Poralar ofshor kompaniyalarga “konsalting xizmatlari ko‘rsatish”, “ilmiy izlanishlar” yoki “mahalliy kompaniya aksiyalarini sotib olish” degan soxta shartnomalar asosida o‘tkazib berilgan. To‘plangan mablag‘larning bir qismi Buyuk Britaniya va Fransiyadan Dubay hamda Hongkonggacha cho‘zilgan hududlarda qimmatbaho ko‘chmas mulklarni sotib olish, shuningdek, zargarlik buyumlari xaridi uchun sarflanadi.

Shunga o‘xshash holat qo‘shni Qozog‘istonda ham yuz bergan. 2022 yilning boshidagi “Qonli yanvar” voqealaridan keyin mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning jiyani Qayrat Sotiboldiga nisbatan ish ochildi. U “Qozoqtelekom” va Transport xizmati markazi kabi davlat kompaniyalaridan katta miqdordagi mablag‘larni o‘zlashtirgani ayon bo‘ldi. U buning uchun ofshor hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalardan foydalangan. Xususan, “Qozoqtelekom”ning qariyb 29 foiz ulushini amalda o‘zi egalik qiladigan va Lyuksemburgda ro‘yxatdan o‘tgan Skyline Investment kompaniyasiga o‘tkazib oladi. Natijada millionlab dollar pullar bosqichma-bosqich mamlakatdan olib chiqib ketiladi. Qozoq amaldori bu pullarga BAA, Fransiya, Turkiya kabi mamlakatlarda ko‘chmas mulklar xarid qiladi. Bundan tashqari, uning pullariga 200 million dollardan ortiq qiymatdagi eksklyuziv zargarlik buyumlari sotib olingan. Sotiboldi pul yuvish keysi bo‘yicha uzoq muddatli qamoq jazosidan qutulib qolish maqsadida tergov organlari bilan kelishishga rozi bo‘lgan va u olib chiqib ketgan 1,5 mlrd dollardan ortiq pullar mamlakatga qaytarilgan.

Ulkan soliq yukini kamaytirish maqsadida global darajadagi eng katta kompaniyalar ham turli xil xiylalardan foydalanib keladi. Masalan, Apple 2004–2014-yillar davomida Yevropada milliardlab dollar foyda ko‘rgan bo‘lsa-da, deyarli soliq to‘lamagan. Bu – Irlandiya qonunlaridagi tuynuklardan foydalanib amalga oshirilgan. Parijda, Berlinda yoki Rimda iPhone sotib olinsa ham, shartnoma bo‘yicha pul to‘g‘ridan to‘g‘ri Irlandiyada ochilgan Apple Sales International nomli kompaniya hisobiga kelib tushgan, ya’ni hamma pul bir joyga jamlangan. Bu kompaniya esa qog‘ozda ikkiga bo‘lib qo‘yiladi. Birinchisi – Apple’ning Irlandiya filiali: binosi mavjud, bir necha xodim ishlaydigan tashkilot. Ikkinchisi – “arvoh” bosh ofis: na binosi, na xodimi bor fiktiv tuzilma. Faqatgina qog‘ozda mavjud bo‘lgan bu kompaniya Apple’ning Amerikadan tashqaridagi barcha intellektual mulk huquqlariga egalik qilgan.

Irlandiya qonunchiligiga ko‘ra, kompaniya mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, uning boshqaruvi chet eldan turib amalga oshirilsa, soliq rezidenti hisoblanmaydi. Apple menejerlari “arvoh” ofisni AQShdan turib boshqarishadi. Amerika qonunchiligiga ko‘ra, kompaniya mamlakat ichkarisidan boshqarilsa ham, agar tashkilot boshqa davlatda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa, u AQShda soliq to‘lashi shart emas. Shu tariqa, milliardlab pul aylanadigan ofis Irlandiya ko‘zida amerikalik, AQSh ko‘zida esa irlandiyalik bo‘lib qoladi. Ya’ni u soliq to‘lash nuqtayi nazaridan hech qaysi davlatga tegishli emas.

Bu sxemada Irlandiyadagi haqiqiy filial yillik hisobotlariga ko‘ra yuzlab milliard dollar foyda ko‘radi, lekin jami foydaning 99,9 foizini patent va logotipdan foydalangani uchun “arvoh ofisga” o‘tkazib beradi. Boshqacha ayganda, Irlandiyadagi filial 1 mlrd yevro foyda ko‘rgan bo‘lsa, shundan 999 mln 600 ming yevroni “patentdan foydalangani uchun” “arvoh” ofisga o‘tkazib yuboradi. Natijada soliqqa tortilishi mumkin bo‘lgan atigi 400 ming yevro qoladi. Irlandiyada rasmiy soliq stavkasi – 12,5 foiz va bu 400 ming yevrodan undiriladi. To‘langan soliqni dastlabki 1 mlrd yevro foydaga nisbatan hisoblasangiz, jami to‘langan soliq 0,005 foizni tashkil etadi.

Bu sxema keyinchalik juda katta mojaroga sabab bo‘ldi. Sud ishi qariyb 10 yil davom etdi va Apple’ga 13 mlrd dollar jarima yuklanishi bilan tugadi.

Shunga o‘xshash sxema Facebook tomonidan ham qo‘llangan. Kompaniya o‘zining AQSh, Yevropa va Yaponiyadagi ulkan daromadlarini avval Irlandiyadagi filialiga yig‘adi. Keyin barcha mablag‘ soliq yuki bo‘lmagan Kayman orollariga yo‘naltiriladi. Buni sezib qolgan AQSh Soliq boshqarmasi Facebook’ni sudga beradi. Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, kompaniya dasturlari, patent va boshqa huquqlarini Irlandiyaga o‘tkazayotganda ataylab narxni juda arzon qilib ko‘rsatgan. Bu nayrang ortidan kompaniya 54 milliard dollar foydani yashirishda ayblanadi. Facebook davlatning qattiq bosimi va ulkan jarima xavfi ostida 2020 yil oxirida o‘zining Irlandiya–Kayman sxemasidan butunlay voz kechishga majbur bo‘ldi.

Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oxirgi yillarda dunyo bo‘ylab pul yuvish va noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi qonunchilik kuchaytirildi, talablar qattiqlashdi. Shunga qaramay, bu amaliyot hali ham global jinoyatchilikning muhim tarkibiy qismi bo‘lib qolyapti.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version