Jamiyat
Aholini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari qachon e’lon qilinishi aytildi
O‘zbekistonda aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining ikkinchi bosqichi — an’anaviy, ya’ni xonadonma-xonadon yurib ma’lumot to‘plash jarayonlari davom etmoqda.
Ro‘yxatga olish — keng ko‘lamli va katta hajmdagi ma’lumotlar to‘planadigan umummilliy tadbir bo‘lib, barcha ma’lumotlar yig‘ilgandan keyin ularni qayta ishlash, tekshirish va tahlil qilish ma’lum vaqt talab qiladi. Qayd etilishicha, ayrim xorijiy davlatlar tajribasida natijalar 2–3 yil mobaynida qayta ishlanib, shundan keyin e’lon qilinganini ko‘rish mumkin.
Bizda esa ma’lumotlarni kiritish jarayonining o‘zidayoq mantiqiy nazorat mexanizmi joriy etilgani ya’ni, real vaqt rejimida ogohlantirishlar orqali xato va kamchiliklar darhol tuzatib borilayotgani hisobiga ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonini sezilarli darajada tezlashtiradi.
Shu asosda dastlabki natijalar joriy yilning 1-iyuliga qadar, yakuniy va to‘liq tahlil qilingan rasmiy ma’lumotlar esa 2027-yil 1-iyuliga qadar e’lon qilinishi rejalashtirilgan.
O‘z navbatida, aholidan, ro‘yxatga olish jarayonlarida faol ishtirok etib, o‘zi va oilasi haqida to‘g‘ri hamda to‘liq ma’lumot taqdim etishlari so‘ralmoqda.