Jamiyat

Aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi – Prezident

Published

on


Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi murojaatlarning 64 foiziga, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi 61 foiziga, Transport vazirligi 58 foiziga yechim berish o‘rniga yuzaki javob berish bilan cheklangan. Umuman, bunday misollar barcha vazirliklarda borligi qayd etildi.

Xalq qabulxonalari yangi ochilganida murojaatlarning 90-95 foizi shikoyat shaklida bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib, 60-65 foizga tushdi.

«Bugun odamlarning dunyoqarashi o‘zgarib, shaxsiy masalada emas, mahallasidagi sharoitni yaxshilash yuzasidan taklif berishni afzal ko‘ryapti. Lekin muammosi hal bo‘lmagan odamlar rahbarlar qabulini tashkil qilib berishni Prezidentdan so‘rayapti.

Endi bu tizim o‘zgaradi. Hokimlar arizada ko‘tarilgan masalani hal qilishning o‘zi bilan cheklanmaydi. Aksincha, muammoning kelib chiqish sababi bilan ishlashi kerak», – dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois, sohada yangi tizim joriy qilinib, Xalq qabulxonalari faqatgina ariza qabul qiluvchi organ emas, balki hududdagi muammolarni diagnostika qiladigan markaz bo‘lishi belgilandi. 

Prezidentimiz, o‘z navbatida, yangi tizim qanday ishlashini Qarshi shahri misolida tushuntirib berdi.

O‘tgan yili Xalq qabulxonasiga Qarshi shahri aholisidan kelib tushgan 11 mingta murojaat tahlil qilindi.

Misol uchun, Qarshi shahridagi 255 nafar odam aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab yurganining sabablari o‘rganilganda ularning 193 nafari kasb-hunari bor bo‘lgani bilan ishsiz ekani, yana 62 nafari daromadini kamaytirib ko‘rsatayotgani aniq bo‘ldi.

Bu jarayonda hokimlik, banklar va hokim yordamchilari, shahar bandlik va MIB bo‘limlari birgalikda ishlab, fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qiladi, ishsizlarni hududdagi sanoat va servis korxonalaridagi vakant o‘rinlarga joylashtiradi. Xorijda ishlash istagida bo‘lgan aliment to‘lovchilar bilan uch tomonlama shartnoma tuzib, til va kasbga o‘rgatib, xorijga yuqori daromadli ishlarga yuboradi.

Shahar soliq inspeksiyasi esa Bosh prokuratura departamenti bilan birgalikda daromadini yashirib kelayotganlarning faoliyatini «soyadan» chiqaradi.

Shunda aliment to‘lovchilar qaramog‘ida bo‘lgan 700 ga yaqin bolaning moddiy ta’minoti o‘zgarishi ta’kidlandi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version