Sport
Ahmadaliyev «Monstr»ga qarshi. Boks muxlislarini yil jangi kutmoqda
O‘zbekistonlik bokschining mutlaq jahon chempioni, yengilmas Naoya Inouega qarshi imkoniyatlari qanday?
14 sentabr kuni Yaponiyaning Nagoya shahridagi «IG Arena»da professional boks oqshomi o‘tkaziladi. Turnirning asosiy voqeasi ikkinchi yengil vazn toifasida (-55,2 kg) amaldagi mutlaq jahon chempioni, bugungi kundagi eng mashhur yaponiyalik bokschi Naoya Inouening titul himoyasi uchun ringga ko‘tarilishi bo‘ladi. Unga bu gal o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev raqiblik qiladi.
Yil jangi
Bu o‘zbekistonlik boks ixlosmandlari uchun Isroil Madrimovning 2024 yil avgustida Terens Kroufordga qarshi o‘tkazgan jangi bilan bir maqomdagi tarixiy katta jang hisoblanadi.
Naoya Inoue – hozirda dunyoning eng nomdor va kuchli bokschilaridan biri hisoblanadi. U professional boksda to‘rtta vazn toifasida titullarni qo‘lga kiritgan, ikki vazn toifasida mutlaq jahon chempioniga aylanib, boks tarixida bu borada Terens Krouforddan keyingi ikkinchi bokschi bo‘lgan, keyinroq ularning kampaniyasiga Oleksandr Usik ham qo‘shildi. Ya’ni bugungi kunda shu uch bokschi jahonning eng kuchli bokschilari sanaladi. Nufuzli The Ring jurnalining Pound for pound reytingida ham Inoue Usik va Krouforddan keyin uchinchi o‘rinda qayd etilgan.
Yaponiyalik bokschi kichik vazn toifasiga xos bo‘lmagan tarzda nokaut mashinasiga aylangani ham e’tiborga molik. U profi boksda shu vaqtgacha 30 jang o‘tkazib, barchasini g‘alaba bilan yakunlagan, 27 ta jangda raqiblarni nokautga uchratgan.
Inoue Saul «Kanelo» Alvares yoki Tayson Fyuri darajasidagi jahon superyulduziga aylanishi mumkin edi, ammo aksar janglarini AQSh yoki Yevropada emas, vatani Yaponiyada o‘tkazadi. Shunga qaramay, Naoining janglari doimo diqqat markazida bo‘ladi va ko‘plar uni zamonaning eng yaxshi bokschisi deb ataydi.
Kamtar «Monstr»
Foto: Hiro Komae/AP/TASS
Naoya Inoue 32 yoshiga qadar boksda katta yo‘lni bosib o‘tgan. Yaponiyalik vunderkind bejiz «Monstr» laqabini olmagan. U havaskor boksdaligidayoq o‘zining tajovuzkor uslubi hamda jismoniy imkoniyatlari bilan boshqalardan ajralib turardi va uning kelajagi porloq bo‘lishiga hech kim shubha qilmasdi.
Inoue havaskor boksda 18 yoshigacha 81 ta jang o‘tkazishga ulgurgan va 75 jangda g‘alaba qozongan. Havaskor boksda raqibni nokautga uchratish kamyob hodisa, lekin Inoue uchun bu qoida ishlamaydi, u 48 jangni muddatidan oldin o‘z foydasiga hal qilgan. Taqqoslash uchun, Deontey Uaylder havaskor boksdagi 24 g‘alabadan faqat to‘rttasida raqiblarini nokautga uchratgan, Entoni Joshuada bu ko‘rsatkich – 45 jangda 25 taga teng.
Inoue 2012 yil Londondagi Olimpiya o‘yinlarida qatnashishi mumkin edi, ammo Ostonadagi saralash turniri finalida qozog‘istonlik Birjan Jakipovga yutqazgach, havaskor boksga qo‘l siltaydi va professional boksga o‘tib ketadi. Va 13 yildan buyon jahon arenalarida yengil vazn toifalarida unga teng raqib topilmayapti. Bu vaqt ichida u 22 bor jahon chempionligi tituli uchun jang qilib, barchasida g‘alaba qozongan.
Ahmadaliyevda imkoniyat bormi?
Foto: Christian Petersen/Getty Images
Murodjon Ahmadaliyev Naoya Inouega qarshi ikki yil oldin ringga chiqishi mumkin edi. Ekspertlar o‘shandayoq Ahmadaliyev yaponiyalik pancherga jiddiy raqobat ko‘rsata olishini aytishgan. Murodjon 2023 yilga qadar WBA va IBF kamarlari sohibi edi. Ammo 2023 yil aprelida u filippinlik Marlon Tapalesga qarshi himoya jangida hakamlarning bahsli qarori tufayli yutqazib qo‘yadi. Natijada Inouega qarshi mutlaq jahon chempionligi uchun jang qilish huquqini Tapales qo‘lga kiritadi, 2023 yil dekabrida o‘tkazilgan jangning 10-raundida nokautga uchrab yutqazadi.
Tabiiyki, Naoya navbatdagi himoya jangida ham favorit hisoblanmoqda. Ammo u qadar yaqqol emas. Ahmadaliyev – Tapales yoki boshqa raqiblardan farqli o‘laroq, mutlaq jahon chempioni qarshisiga butkul boshqacha vazifalar qo‘yadigan bokschidir. O‘zbekistonlik sportchi professional ringda Inouega (30) qaraganda ikki barobar kamroq jang (15) o‘tkazgan, ammo havaskor boksda katta natijalarga erishgan, jahon chempioni va Olimpiada sovrindoriga aylangan. Murodjon oyoqda yaxshi ishlaydi, keraksiz zarbalar almashinuviga kirishmaydi va faqat o‘zining total ustunligini his qilgandagina hal qiluvchi zarbani berishga harakat qiladi. U o‘z janglarida so‘nggi raundgacha kuch saqlab qoladi.
U faoliyati davomida nokautga uchramagan, uni nokdaun holatiga tushirish ham oson ish emas. Shu bilan birga, yaponiyalik bokschi ringga yiqilib turadi. 2019 yil Butunjahon boks superseriyasi finalida esa filippinlik Nonito Doner uni qattiq savalagan, burni singan, ko‘zi ko‘karib ketgan, ammo iroda ko‘rsatib, yakunda hakamlar qaroriga ko‘ra g‘alaba qozongan.
U so‘nggi vaqtlarda ham yuqori vazn toifasiga o‘tishi munosabati bilan zarbasi kuchliroq raqiblarga jang qilishiga to‘g‘ri kelmoqda, ochiq jang o‘tkazish uslubi tufayli qiynalmoqda va nokdaun holatiga tushib qolmoqda. Xususan, 2024 yil mayida meksikalik Luis Neri, 2025 yil mayida esa boshqa bir meksikalik Ramon Kardenas uni nokdaun holatiga tushirdi, ammo ikki holatda ham yaponiyalik bokschi jangni davom ettirish uchun o‘zida kuch topdi va yakunda bu raqiblarni nokautga uchratdi. Shuning uchun, Murodjon dastlabki raundlarda shunday imkoniyatga ega bo‘ladigan bo‘lsa, tezda finish qilishi kerak bo‘ladi.
Qolaversa, o‘zbek bokschisining chapaqayligi ham ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin. Inouening karerasida chapaqay raqiblar bo‘lgan va yaponiyalik bokschi doim bunday raqiblarga qarshi qiynalgan.
Bundan tashqari, Ahmadaliyevning yuqori darajadagi intizomi va janglarga to‘g‘ri yondashuvini ham ta’kidlash joiz. Misol uchun, bokschi Inoue bilan jangdan deyarli bir oy oldin, iqlimga moslashishga maksimal darajada ulgurish uchun Yaponiyaga ko‘chib o‘tdi.
Inouening o‘zi ham uni faoliyatidagi eng og‘ir sinovlardan biri kutayotganini tan olgan. U tasavvur qilish mumkin bo‘lgan eng kuchli da’vogarlardan biri uning oldiga kelishini juda yaxshi his qilib turibdi. Jang juda «qaynoq» kechishi kutilmoqda – Murodjon amalda hech narsa yo‘qotmaydi, qolaversa, o‘zbekistonlik mutlaq jahon chempioni bilan bunday maqomli jangni anchadan beri kutayotgandi.
Gonorarlar
O‘rtaga WBC, WBO, IBF va WBA (Super) yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionlik kamarlari qo‘yilgan.
Bundan tashqari, bokschilar katta miqdorda gonorarga ega bo‘ladi – jang mukofot jamg‘armasi 20 mln dollarni tashkil etadi. Jang natijasidan qat’i nazar Inoue 75 foiz, Ahmadaliyev 25 foiz ulushga ega bo‘ladi. Ya’ni Inoue 15 mln dollar gonorar va translatsiyadan 4 mln dollar miqdorida daromadga (Pay-per-view) ega bo‘ladi. Ahmadaliyev uchun 5 mln gonorar hamda 1 mln dollar PPV ulushi ko‘zda tutilgan.
Natijada, Murodjon Ahmadaliyev jami 6 mln ishlab oladi. Bu uning professional faoliyatidagi eng katta gonorari hisoblanadi.
Albatta, «Monstr»ning kuzirlari ko‘proq. U tajriba darajasi, shu jumladan, chempionlik darajasi bo‘yicha da’vogardan yaqqol ustun. U o‘zbekistonlik raqibidan ko‘ra mashhurroq bo‘lgan raqiblarini osonlik bilan yakson etgan. Qolaversa, uyda devorlar va hakamlar ham yordam beradi. Ammo Ahmadaliyevda imkoniyat bor va u kamida raqobatli jang ko‘rsatadi. Va bu jangni o‘tkazib yubormaslik kerak.