Mahalliy

Abituriyentlar uchun qabul jarayoni boshlandi

Published

on


O‘zbekistonda 2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul jarayoni bugun, 5-iyundan boshlanadi. Prezidentning PF-81-son farmoniga muvofiq, bakalavriatga qabul ikki bosqichli tartib asosida tashkil etiladi.

«Avval test, so‘ng tanlov» tamoyiliga asoslangan tizimning birinchi bosqichida abituriyentlar 5-iyundan 25-iyunga qadar «my.uzbmb.uz» platformasi orqali test sinovlarida ishtirok etish uchun ro‘yxatdan o‘tadi.

Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida abituriyentlar fanlar majmuasi, ta’lim tili va test topshirish hududini tanlaydi. Alohida iqtidor talab etiladigan yo‘nalishlarga hujjat topshiruvchilar esa qo‘shimcha ravishda ta’lim yo‘nalishi hamda kasbiy yoki ijodiy imtihon o‘tkaziladigan oliygohni belgilaydi.

Oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari iyul-avgust oylarida o‘tkaziladi. Abituriyentlar test natijalarini imtihon o‘tkazilgan kunning ertasigayoq bilishi mumkin.

Qabulning ikkinchi bosqichi barcha imtihonlar yakunlanganidan keyin boshlanadi. Ushbu jarayon 15 kun davom etadi va abituriyentlar oliy ta’lim muassasasi, ta’lim yo‘nalishi, ta’lim shakli hamda tanlov ustuvorligini belgilaydi.

Talabalikka tavsiya etilganlar ro‘yxati qabulning ikkinchi bosqichi to‘liq yakunlanganidan keyin bir hafta ichida Bilimni baholash agentligining rasmiy saytida e’lon qilinadi.

Shuningdek, alohida iqtidor talab etuvchi ta’lim yo‘nalishlariga hujjat topshirgan abituriyentlar uchun kasbiy va ijodiy imtihonlar belgilangan tartibda tashkil etiladi.

Texnikumlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar oliygohlarga qabulning yakuniy natijalari e’lon qilingach, 10 kun ichida texnikum, mutaxassislik va ta’lim shaklini tanlaydi. Ularning natijalari ham bir hafta muddatda Bilimni baholash agentligi tomonidan e’lon qilinadi.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version