Sport
Abdusattorov va Sindorov O‘zbekiston sharafini jamoaviy JChda himoya qiladi
O‘zbekiston shaxmat terma jamoasi 16–22-iyun kunlari Gonkongda bo‘lib o‘tadigan jamoaviy jahon chempionatida kuchli tarkib bilan ishtirok etadi. Bu haqda FIDE ma’lum qildi.
O‘zbekiston terma jamoasi tarkibidan dunyoning yetakchi shaxmatchilaridan biri Nodirbek Abdusattorov, jahon toji uchun da’vogar Javohir Sindorov, shuningdek Nodirbek Yakubboyev va Shamsiddin Vohidovlar o‘rin olgan.
Shu bilan birga, sobiq jahon chempioni Rustam Qosimjonov ham jamoa safida dona suradi.
Turnirda jami 43 ta jamoa va 300 dan ortiq shaxmatchi qatnashadi. Asosiy favoritlar qatorida WR Chess va Xitoyning Dragon Chilling jamoalari ham bor.
WR Chess jamoasi safida jahonning sobiq chempioni Magnus Karlsen ishtirok etadi. Shuningdek, Fabiano Karuana, Maksim Vashe-Lagrav, Yan-Kshishtof Duda, Xou Ifan va Aleksandra Kostenyuk ham mazkur jamoa tarkibida o‘ynaydi.
Dragon Chilling jamoasi esa Din Lijen, Vey I, Yuy Yani, Jyuy Venjyun va Ley Tinje kabi yulduz shaxmatchilarni jamlagan.
Musobaqaning umumiy mukofot jamg‘armasi 500 ming yevroga teng. Shundan 310 ming yevro rapid, 190 ming yevro esa blits bahslarida g‘oliblar o‘rtasida taqsimlanadi.