Sport
Abduqodir Husanov APLda transfer narxi eng ko‘p oshgan futbolchilar o‘ntaligiga kirdi
Endi u Osiyoning eng qimmat futbolchisi, shuningdek, sobiq sovet mamlakatlari orasida eng qimmat APL futbolchisi hisoblanadi.
Transfermarkt portali Angliya Premer-ligasi (APL) futbolchilarining bozor qiymatini yangiladi.
«Manchester Siti» va O‘zbekiston milliy jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov 15 million yevroga qimmatladi va endi portal tomonidan 50 million yevroga baholanmoqda. Ushbu sakrash tufayli o‘zbekistonlik futbolchi bozor qiymati eng ko‘p o‘sgan APL 10 nafar futbolchisi qatoriga kirdi.
22 yoshli markaziy himoyachi 2025 yilda Fransiyaning «Lans» klubidan «Manchester Siti»ga o‘tgan edi. Joriy mavsumda u 37 ta o‘yinda maydonga tushdi. Transfermarkt ta’rifiga ko‘ra, Husanov «ingliz futboliga muvaffaqiyatli moslashdi va so‘nggi oylarda «shaharliklar» tarkibida asosiy rollardan birini o‘ynadi».
Natijada Husanov Osiyoning eng qimmat futbolchisiga, shuningdek, sobiq sovet mamlakatlari orasida eng qimmat APL futbolchisiga aylandi.
Eng qimmatlagan 10 nafar APL futbolchisi ro‘yxati:
Eli Krupi («Bornmut») – 70 million yevro (+30 million yevro).
Rayan Sherki («Manchester Siti») – 90 million yevro (+5 million yevro).
Niko O’Rayli («Manchester Siti») – 70 million yevro (+20 million yevro).
Kobbi Maynu («Manchester Yunayted») – 70 million yevro (+20 million yevro).
Rayan («Bornmut») – 60 million yevro (+20 million yevro).
Elliot Anderson («Nottingem Forest») – 75 million yevro (+15 million yevro).
Igor Tiago («Brentford») – 65 million yevro (+15 million yevro).
Abduqodir Husanov («Manchester Siti») – 50 mln yevro (+15 mln yevro).
Mateush Fernandesh («Vest Hem») – 50 million yevro (+15 million yevro).
Uilyam Osula («Nyukasl») – 28 million yevro (+13 million yevro).
Eng qimmat APL futbolchilari ro‘yxatida «Manchester Siti» hujumchisi Erling Holand 200 million yevro bilan birinchi o‘rinni egallab turibdi.
Ayni paytda Husanov O‘zbekiston milliy jamoasi bilan birga 11 iyun kuni start oladigan jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Guruh bosqichida o‘zbekistonliklar Portugaliya, Kongo DR va Kolumbiya bilan o‘ynaydi.