Sport
Abbos penalti ishladi, Eldor uni golga aylantirdi
Eldor Shomurodov gol+pas tizimida yaqqol peshqadamlik qilmoqda – uning hisobida 16ta gol va 4ta golli uzatma bor.
Foto: Facebook / ibfk2014
Turkiya Superligasi 23-tur doirasidagi “Alanyaspor” — “Istanbul Boshoqshehir” o‘yini 1:2 hisobida mehmonlar foydasiga yakunlandi.
Uchrashuvning 14-daqiqasida Devi Zelke hisobni ochgan bo‘lsa, 44-daqiqada yarimhimoyachi Abbos Fayzullayev ishlagan penaltini hujumchi Eldor Shomurodov golga aylantirdi. O‘zbekistonlik futbolchilar 70- va 71-daqiqada zaxiraga olindilar.
Mezbonlar 67-daqiqada hisobni qisqartirishga muvaffaq bo‘ldilar.
Bugungi gol bilan Eldor Shomurodov to‘purarlar bahsida “Trabzonspor” hujumchisi Pol Onuachuga yetib oldi. Shomurodov gol+pas tizimida yaqqol peshqadamlik qilmoqda – uning hisobida 16ta gol va 4ta golli uzatma bor.
“Istanbul Boshoqshehir” Turkiya Superligasida 23 o‘yindan so‘ng 36 ochko bilan 6-o‘rinda bormoqda.