Iqtisodiyot
«O‘zmilliybank» AJ O‘zbekiston emitentlari orasida birinchi bo‘lib Xitoy kapital bozoriga 250 mln dollarlik obligatsiyalar chiqarmoqchi
2026 yil 9–10 sentyabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Xitoy Xalq Respublikasining Gonkong maxsus ma’muriy hududiga tashrifi doirasida «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ («O‘zmilliybank» AJ) va «China International Capital Corporation» (CICC) Osiyo kapital bozorida hamkorlik qilish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.
«Bir makon, bir yo‘l» tashabbusining 11-sammiti doirasida tomonlar Gonkong fond birjasida Xitoy yuani va O‘zbek so‘mida umumiy qiymati 250 million AQSh dollari ekvivalentiga teng bo‘lgan xalqaro obligatsiyalarni chiqarish hamda ularni Gonkong fond birjasida listingdan o‘tkazishni nazarda tutuvchi bitimni imzoladilar.
Erishilgan kelishuv «O‘zmilliybank» AJning Osiyo kapital bozoriga ilk bor chiqishini anglatadi hamda bankning xalqaro qarz olish geografiyasini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Mazkur kelishuvning amalga oshishi bankning moliyalashtirish manbalari va valyuta tarkibini diversifikatsiya qilish, xalqaro investorlar doirasini kengaytirish hamda O‘zbekistondagi ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun Osiyo kapital bozori resurslarini jalb qilish imkonini beradi.
Rejalashtirilayotgan mazkur emissiya «O‘zmilliybank» AJning xalqaro kapital bozorlaridagi izchil faoliyatining navbatdagi bosqichi hisoblanadi. 2020 yildan buyon bank London va Vena fond birjalarda umumiy qiymati 1,13 milliard AQSh dollarini tashkil etuvchi uchta obligatsiya emissiyasini amalga oshirgan.
Mazkur kelishuv 2026 yilga mo‘jallangan davlat investitsiya dasturini amalga oshirish doirasida imzolangan bo‘lib. Ushbu dasturga muvofiq, «O‘zmilliybank» AJ zimmasiga O‘zbekistondagi ustuvor loyihalarni amalga oshirish uchun yetakchi xalqaro moliya institutlaridan jami 1,5 mlrd AQSh dollari ekvivalentidagi mablag‘larni jalb etish vazifasi yuklatilgan.
Imzolangan kelishuv O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi moliyaviy-iqtisodiy hamkorlikni izchil kengaytirish borasidagi amaliy natijalardan biri bo‘lib, mazkur hamkorlik so‘nggi yillarda ikki davlat yetakshilarining uzoqni ko‘zlagan siyosati va strategik qarashlari tufayli yangi bosqichga ko‘tarildi.
Ikki tomonlama munosabatlarda savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 18 milliard AQSh dollariga yaqinlashdi. Yaqin yillarda mazkur ko‘rsatkichni 30 milliard AQSh dollariga yetkazish maqsad qilib olindi. Amaldagi qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli qariyb 60 milliard AQSh dollarini tashkil etib, O‘zbekistonda 6 mingdan ortiq qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.
Shu nuqtai nazardan, Xitoyning yetakchi moliya institutlari bilan hamkorlik kengayib, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun kapital jalb qilishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. «O‘zmilliybank» AJning CICC bilan erishgan kelishuvi mazkur yo‘nalishdagi amaliy qadamlardan biri bo‘lib, O‘zbekistonning Osiyo kapital bozorlaridagi ishtirokini kengaytirish, moliyalashtirish manbalarini diversifikatsiya qilish hamda mamlakat iqtisodiyotiga uzoq muddatli resurslarni jalb etishga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, «O‘zbekiston Respublikasi Tashqi Iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik tizimli ahamiyatga ega bank hisoblanadi. 2025 yil yakuniga ko‘ra, bank aktivlari 12 milliard AQSh dollaridan, kredit portfeli 9 milliard AQSh dollaridan, jami kapitali esa 1,6 milliard AQSh dollaridan oshgan.
China International Capital Corporation (CICC) 1995 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Xitoyning yetakchi investitsiya banklaridan biri hisoblanadi. Kompaniya investitsiya banking, kapital bozorlari va aktivlarni boshqarish sohalarida xizmatlar ko‘rsatadi hamda Gonkong, Singapur, London va Nyu-York kabi xalqaro moliya markazlarida o‘z faoliyatini amalga oshiradi.
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
