Iqtisodiyot
Prezidentning tadbirkorlar bilan muloqoti bo‘yicha tezkor shtab tuzildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga tadbirkorlar bilan navbatdagi ochiq muloqotga tayyorgarlikning borishi yuzasidan axborot berildi.
Mamlakatimizda an’anaga aylangan ushbu muloqot tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalarni bevosita o‘rganish, ularga amaliy yechim topish va ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bo‘lajak oltinchi ochiq muloqotga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida 15-maydan boshlab 50 dan ortiq vazirlik va idora vakillaridan iborat respublika shtabi tashkil etilgan. Shtab 24/7 rejimda uzluksiz faoliyat yuritmoqda.
Koll-markaz va rasmiy botlar orqali tadbirkorlardan 6 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning 4,2 mingdan ziyodi ijobiy hal etildi, 1,8 mingga yaqinini ko‘rib chiqish davom etmoqda.
Tayyorgarlik doirasida mas’ul tashkilotlar tomonidan 750 dan ziyod uchrashuv o‘tkazilib, ularda 8,8 mingdan ortiq tadbirkor ishtirok etdi va 3,5 mingdan ziyod taklif hamda masalalar bildirildi.
Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan 130 dan ortiq uchrashuvda esa 5,7 mingdan ziyod tadbirkor qatnashib, 1,5 mingga yaqin masalani o‘rtaga tashladi. Aniqlangan muammolarni tubdan hal qilish va amaldagi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda takliflar ishlab chiqilmoqda.
Shu bilan birga, respublika bo‘yicha 5 ming 72 nafar tadbirkor o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazildi. U orqali korxonalar samaradorligi, investitsiya va infratuzilma ta’minoti, soliq ma’murchiligi, tashqi savdo hamda sud-huquq sohasidagi masalalar o‘rganildi.
So‘rov ishtirokchilarining 93 foizini mahalliy xususiy korxonalar tashkil etdi. Unda savdo, xizmat ko‘rsatish, sanoat, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalari qamrab olindi.
Tahlillar korxonalarda mehnat unumdorligini oshirish va tannarxni pasaytirish bo‘yicha hali katta imkoniyatlar borligini ko‘rsatdi. Raqamli platformalar, sun’iy intellekt, energiya tejamkor texnologiyalar, yangi mahsulot va ishlab chiqarish usullarini joriy etgan korxonalarda sotuv, raqobatbardoshlik, ish haqi va investitsiya ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lmoqda.
Xususan, kamida uchta samaradorlik chorasini joriy etgan korxonalarda tannarxni pasaytirish ehtimoli 4,1 barobar, ish haqini yuqori sur’atda oshirish imkoniyati 2,1 barobar ko‘p. Biroq bunday choralarni uch va undan ortiq yo‘nalishda qo‘llayotgan korxonalar ulushi atigi 11,6 foizni tashkil etgan. 28,5 foiz korxona esa bu borada birorta ham chora ko‘rmagan.
Korxonalarning 51 foizida so‘nggi davrda yangi mahsulot, xizmat yoki innovatsiya joriy etilmagan, modernizatsiya ishlari amalga oshirilmagan. 40 foiz korxona oxirgi bir yilda umuman investitsiya kiritmagan, 29 foizida kelgusi bir yil uchun ham bunday reja mavjud emas. Kredit foizlarining yuqoriligi, garovni past baholash, hujjatlarning ko‘pligi va kredit rasmiylashtirish muddatlarining uzoqligi asosiy to‘siqlar sifatida ko‘rsatilgan.
So‘rov natijalariga ko‘ra, korxonalarning 38 foizi tannarxni pasaytirish choralarini ko‘rmagan. 53 foizida mahsulot va xizmatlar tannarxi oshgan. Bunga asosan xomashyo narxi, energiya va logistika xarajatlarining ko‘payishi sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, 43 foiz korxona energiya tejash choralarini ko‘rmagan, 49 foizi qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanmaydi.
Infratuzilma ta’minoti ham tadbirkorlarni qiynayotgan asosiy masalalardan biri bo‘lib qolmoqda. So‘rovnomada tadbirkorlar tez-tez uzilishlar, kuchlanish va bosimning pastligi, limit hamda tariflar bilan bog‘liq masalalarni qayd etgan.
So‘rov ishtirokchilari soliq ma’murchiligi bo‘yicha muhim islohotlar amalga oshirilganini e’tirof etgan holda, tekshiruvlar o‘tkazish va qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish bilan bog‘liq jarayonlarda mavjud muammolarni ko‘rsatib o‘tgan. Shu bilan birga, tadbirkorlarning 94 foizi barqarorlik reytingi amaliyotining ular faoliyatiga ta’sirini yuqori baholagan.
So‘rovda qatnashgan korxonalarning 22,3 foizi tashqi savdo bilan shug‘ullanadi. Xorijlik mijoz topish, mahsulotni sertifikatlash, logistika, moliyaviy vositalar, bojxona jarayonlari, bozor haqida ma’lumot va marketing ko‘nikmalarining yetishmasligi eksportdagi asosiy to‘siqlar sifatida ko‘rsatilgan.
Sud-huquq sohasida malakali yuridik yordam olish imkoniyati va davlat xaridlari shaffofligi ijobiy baholangan. Ayni paytda tadbirkorlarning 73 foizi majburiy ijrodagi byurokratik jarayonlar biznesga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini bildirgan.
Davlatimiz rahbari kelib tushgan murojaatlar va so‘rov natijalarini hududlar hamda sohalar kesimida chuqur tahlil qilib, tadbirkorlik rivojiga to‘sqinlik qilayotgan tizimli muammolar bo‘yicha aniq yechimlar ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Korxonalar samaradorligini oshirish, innovatsiya va energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish, kredit va infratuzilma masalalarini hal qilish, soliq ma’murchiligini takomillashtirish, eksportchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda tadbirkorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish yuzasidan takliflar tayyorlash topshirildi.
Ochiq muloqotda ko‘tariladigan har bir masala bo‘yicha aniq yechim, uni amalga oshirish mexanizmi, mas’ullar va muddatlarni belgilash vazifasi qo‘yildi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
