Sport
Osiyo Kubogidagi g‘oliblik real imkoniyatmi yoki orzu?
2027 yilgi Osiyo Kubogi O‘zbekiston milliy terma jamoasi uchun navbatdagi yirik musobaqa emas. Bu turnir so‘nggi yillarda mamlakatda amalga oshirilgan futbol islohotlarining haqiqiy samarasini ko‘rsatadigan muhim mezonga aylanishi mumkin. O‘zbekiston yaqinda mustaqilligining 35 yilligini nishonlaydi. O‘tgan vaqt ichida sportga va ayniqsa futbolga davlat darajasida katta e’tibor qaratildi. Shunday ekan, bu e’tibor natijasini ko‘raydigan vaqt ham keldi, deb bemalol aytish mumkin.
O‘zbekiston futboli tarixida birinchi marta jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani tasodif emas. Bu natija bir necha yil davomida davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan futbol islohotlari, infratuzilmaga yo‘naltirilgan sarmoyalar, yoshlar akademiyalari faoliyati va boshqaruv tizimidagi o‘zgarishlarning mantiqiy davomidir.
Ammo eng katta savol hali ham ochiq qolmoqda: bu o‘sish Osiyo Kubogida chempionlik uchun yetarlimi?
Davlat siyosati o‘z samarasini bermoqda
So‘nggi yillarda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida futbolni rivojlantirish davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu jarayon faqat kattalar futboli bilan cheklanib qolmadi.
Yangi futbol akademiyalari tashkil etildi, bolalar va o‘smirlar futboliga e’tibor kuchaytirildi, hakamlik tizimi takomillashtirildi, VAR texnologiyasi joriy qilindi, futbol sohasini raqamlashtirish bo‘yicha alohida qarorlar qabul qilindi. Superliga klublarining moliyaviy barqarorligini ta’minlash, iqtidorli futbolchilarni aniqlash va xorijda o‘ynayotgan futbolchilarni qo‘llab-quvvatlash ham ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.
Bu o‘zgarishlar natijasida O‘zbekiston nafaqat kuchli terma jamoaga, balki xalqaro musobaqalarni qabul qilish imkoniyatiga ega futbol mamlakatiga ham aylanmoqda. 2027 yilgi U-17 Osiyo chempionatiga mezbonlik huquqining qo‘lga kiritilishi ham xalqaro futbol tashkilotlarining mamlakat infratuzilmasiga bo‘lgan ishonchini ko‘rsatadi.
Oltin avlod shakllandi
Hozirgi terma jamoa O‘zbekiston mustaqillik tarixidagi eng kuchli tarkiblardan biri sifatida baholanmoqda.
Yevropa chempionatlarida o‘ynayotgan futbolchilar soni ortdi. Eldor Shomurodov kabi tajribali yetakchilar bilan bir qatorda yosh avlod ham xalqaro maydonda tobora ko‘proq tajriba to‘plamoqda. “Manchester Siti”dagi Abduqodir Husanov Yevropaning yetakchi himoyachilaridan hisoblanadi. Muhammadali O‘rinboyev Belgiyaning “Antverpen”ida o‘ynamoqda, Abbosbek Fayzullayev Shomurodov bilan birga Turkiyaning “Bashakshehiri”da to‘p suryapti. Yaqindagina Jahongir O‘rozov Qozonning “Rubin” klubi safiga o‘tdi. Shuningdek Portugaliyaning “Braga” jamoasida faoliyatini boshlagan Sayfiddin Sodiqov va Sadriddin Hasanovlardan ham umid katta.
Eng muhimi, terma jamoada avlodlar almashinuvi og‘riqsiz kechmoqda. Ilgarigi yillarda bir-ikki yetakchi futbolchiga qaram bo‘lgan jamoa endi har bir chiziqda raqobatga ega. Bu esa uzoq davom etadigan turnirlarda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.
Chempionlik uchun nima yetishmayapti?
Shunga qaramay, Osiyo Kubogida g‘olib chiqish oson vazifa emas. Qit’ada Yaponiya, Janubiy Koreya, Eron, Avstraliya kabi muntazam ravishda jahon darajasida raqobatlashayotgan terma jamoalar mavjud.
O‘zbekiston ular bilan nafaqat texnika yoki jismoniy tayyorgarlik, balki hal qiluvchi uchrashuvlardagi psixologik barqarorlik, katta turnir tajribasi va sovuqqonlik borasida ham raqobatlasha olishi lozim.
Jahon chempionatiga chiqish bilan Osiyo Kubogida chempion bo‘lish o‘rtasida katta farq bor. Birinchisi saralash bosqichida barqarorlikni talab qilsa, ikkinchisi qisqa muddatli pley-offlarda har bir xatoning bahosi juda yuqori bo‘lgan musobaqadir.
Real imkoniyat yoki orzu?
Endi bevosita Osiyo Kubogida g‘alaba qozonish maqsadiga kelsak. Agar bu savol besh-olti yil avval berilganida, javob aniq edi – orzu.
Bugun esa vaziyat mutlaqo o‘zgargan.
O‘zbekiston endi Osiyo Kubogiga sensatsiya qilish uchun emas, chempionlik uchun da’vogar sifatida bormoqda. Bu maqom jahon chempionatiga chiqish, futbol infratuzilmasining rivojlanishi va davlat tomonidan izchil qo‘llab-quvvatlanayotgan islohotlar natijasida qo‘lga kiritildi.
Albatta, O‘zbekistonni turnirning asosiy favoriti deb aytishga hali erta. Ammo chempionlik uchun kurashadigan 4-5 jamoa qatorida bo‘lish – tabiiy voqelikdir.
Shu ma’noda, “Osiyo Kubogida g‘oliblik orzumi?” degan savolga javob ham o‘zgardi.
Endi bu orzu emas.
Bu – amalga oshishi mumkin bo‘lgan real maqsaddir. Faqat to‘g‘ri tayyorgarlik, to‘g‘ri strategiya va hal qiluvchi bahslarda xarakter namoyish etilsa bo‘lgani, Osiyo Kubogi bizniki bo‘ladi!
Bizga tarixdagi ilk mundial yo‘llanmasini taqdim eta olgan yigitlar bu ishning ham uddasidan chiqa olishlariga ishonamiz!
Sport
Parashaxmatchilarimiz tarixiy natija bilan Toshkentda tantanali kutib olindi
Bugun Toshkent vokzalida O‘zbekiston parashaxmat terma jamoasi a’zolari tantanali kutib olindi. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan 3-Parashaxmat olimpiadasida yurtimiz sharafini munosib himoya qilgan sportchilarni keng jamoatchilik, yoshlar va ommaviy axborot vositalari vakillari qarshiladi.
Musobaqada jami 41 ta jamoa ishtirok etdi. O‘zbekiston parashaxmat terma jamoasi 11 ochko jamg‘arib, o‘z tarixida ilk bor shohsupaning uchinchi pog‘onasidan joy oldi.
Hal qiluvchi 7-turda sportchilarimiz Isroil terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Muhim uchrashuv 2,5:1,5 hisobida O‘zbekiston foydasiga yakunlandi. Ana shu g‘alaba terma jamoamizga bronza medalini qo‘lga kiritish imkonini berdi.
Ushbu natija nafaqat parashaxmatchilarimiz, balki butun o‘zbek sporti uchun muhim tarixiy voqea bo‘ldi. Sportchilarimizning matonati, irodasi va musobaqa davomidagi qat’iyati munosib e’tirofga sazovor.
Toshkent vokzalidagi tantanali kutib olish marosimida ham sportchilarga bildirilgan samimiy ehtirom va qo‘llab-quvvatlov ularning ushbu g‘alabasi yurtimizda katta ahamiyat kasb etayotganini yana bir bor namoyon etdi.
O‘zbekiston parashaxmat terma jamoasini tarixiy bronza medali bilan tabriklaymiz! Sportchilarimizga kelgusi musobaqalarda ham yangi zafarlar tilaymiz.
Sport
Bahodir Jalolov IBF reytingida yuqoriladi
Xalqaro boks federatsiyasi (IBF) barcha vazn toifalari uchun sportchilarning reytingini yangiladi.
Unga ko‘ra, superog‘ir vazn toifasida Bahodir Jalolov 6 dan 4-o‘ringa ko‘tarildi.
Jalolov so‘nggi jangini 2026-yil 9-may kuni Agron Smakichiga qarshi o‘tkazib, texnik nokaut hisobiga g‘alaba qozongan va rekordini 17–0 (15 tasi nokaut)ga yetkazgandi.
Hozirda IBF kamari Filip Xrgovichda, reytingni esa Frank Sanches boshqarmoqda, keyingi o‘rinlarda: Entoni Joshua (3) va Jalolov (4-o‘rin).
Taniqli insayder Den Rafael tarqatgan xabarga ko‘ra, Jalolov navbatdagi jangini Daniel Dyubua — Fabio Uordli 2 jang kechasi doirasida Londonda mahalliy bokschi Solomon Dakres (10-1, 3 nokaut)ga qarshi o‘tkazadi. Jalolov (Top Rank) va Dakres (Queensberry) promouterlari kelishuvga erishgan deyiladi xabarda.
Superog‘ir vazn toifasidagi bokschilar reytingi (IBF, top-10):
1. Frank Sanches (Kuba)
2. O‘rin bo‘sh
3. Entoni Joshua (Buyuk Britaniya)
4. Bahodir Jalolov (O‘zbekiston)
5. Tayson Fyuri (Buyuk Britaniya)
6. Deontey Uaylder (SShA)
7. Mozes Itauma (Buyuk Britaniya)
8. Richard Riakpore (Buyuk Britaniya)
9. Kichik Richard Torres (AQSh)
10. Jastis Hani (Avstraliya).
Sport
«Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» qancha pul ishlaydi?
«Paxtakor», «Neftchi» va «Nasaf» klublari 2026/2027-yilgi mavsumda Osiyo klublar musobaqalarida yurtimiz sharafini himoya qilmoqda. «Paxtakor» va «Neftchi» OFK Chempionlar ligasi Elit (Elite) turnirida, «Nasaf» OFK Chempionlar ligasi 2 musobaqasida ishtirok etmoqda.
Jamoalarga turnirdagi ishtiroki, har bir g‘alabasi hamda keyingi bosqichlarga yo‘l olgani uchun OFK tomonidan yirik miqdorda mukofot pullari ajratiladi.
«Paxtakor» va «Neftchi» nufuzli Elit turnirning asosiy (liga) bosqichida qatnashgani uchun kafolatlangan 800 ming AQSh dollaridan qo‘lga kiritadi. Bundan tashqari, ushbu musobaqada jamoalar har bir g‘alaba uchun qo‘shimcha 100 ming dollar bonus ishlab olishlari mumkin. Klublarning umumiy daromadi ular qayd etadigan natijalar va g‘alabalar soniga qarab oshib boradi.
Musobaqaning pley-off bosqichida ham mukofot pullari sezilarli darajada yuqori. OFK Chempionlar ligasi Elit turnirida 1/8 finalga yo‘l olgan klubga 200 ming dollar, chorak final ishtirokchisiga 400 ming dollar, yarim finalga chiqqan jamoaga esa 600 ming dollar mukofot puli taqdim etiladi.
Musobaqa g‘olibi — turnir chempioni 10 million dollarlik bosh sovrinni qo‘lga kiritadi. Finalda mag‘lub bo‘lgan jamoaga 4 million dollar mukofot puli to‘lanadi. Bir so‘z bilan aytganda, «Paxtakor» va «Neftchi» musobaqada qancha uzoqqa borsa, shuncha ko‘p daromad oladi — bu mablag‘ bir necha million dollarga yetishi mumkin.
«Nasaf» OFK Chempionlar ligasi 2 turnirini guruh bosqichidan boshlaydi. Ushbu bosqichda qatnashgani uchun qarshiliklarga kafolatlangan 300 ming dollar mukofot puli ajratiladi. Bundan tashqari, guruhdagi har bir g‘alaba uchun 50 ming dollardan qo‘shimcha bonus to‘lanishi ko‘zda tutilgan.
OFK Chempionlar ligasi 2 turnirining pley-off bosqichida sovrinlar quyidagicha taqsimlanadi: 1/8 finalga chiqqan klub 80 ming dollar, chorak finalga yo‘l olgan jamoa 160 ming dollar, yarim final ishtirokchisi esa 240 ming dollar mukofot oladi.
Turnir g‘olibiga 2,5 million dollar, finalchiga 1 million dollar mukofot puli beriladi. Shunday qilib, «Nasaf» ham musobaqadagi muvaffaqiyatli natijalari evaziga boshlang‘ich 300 ming dollarni (bir necha) million dollargacha ko‘paytirish imkoniyatiga ega.
Sport
«Paxtakor» so‘nggi daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan chiqardi
«Paxtakor» klubi Elit Osiyo chempionlar ligasi asosiy bosqichini durang bilan boshladi.
Jiddada turnirning amaldagi g‘olibi «Al-Ahli» klubiga qarshi o‘ynagan paxtakorchilar 86-daqiqada hisobni ochishdi. Ammo asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda javob goli o‘tkazib yuborildi.
«Paxtakor» keyingi o‘yinni 12-oktyabrda Toshkentda Saudiya Arabistonining «Al-Qodisiya» klubiga qarshi o‘tkazadi.
Elit OChL. G‘arb mintaqasi. 1-tur
14-sentyabr, Jidda, «King Abdullah Sports City» stadioni
Al-Ahli – Paxtakor 1:1
Gollar: Firas al-Buraykan (90+3) — Flamarion (86)
Bosh hakam: Abdulla Jamaliy (Kuvayt)
Al-Ahli: Eduard Mendi, Ibrahima Diabi (Valentin Atangana 62), Galeno (Meshal Al-Mutayriy 53), Said Baattia, Ivan Toni (Firas Al-Buraykan 68), Mateus Martins, Merix Demiral (Muhammad Sulaymon 68), Saad Balobaid, Rayan Hamid, Solih Abu Alshamat, Naif Masud (Eduard Spersyan 46)
Paxtakor: Vladimir Nazarov, Zaid Tahsin (Murtazo Puraliganji 46), Dilshod Saitov, Ibrohim Ibragimov, Akmal Mozgovoy (Muhammadali Dilshodbekov 88), Dostonbek Hamdamov (Flamarion 68), Bashar Resan, Abdurauf Bo‘riyev, Ayman Husayn (Stiven Chinedu 69), Sherzod Nasrullayev (Hojiakbar Alijonov 78), Muhammadrasul Abdumajidov
Ogohlantirishlar: Ibrohim Ibragimov (63), Solih Abu Alshamat (64)
Eslatib o‘tamiz, kecha Elit Osiyo chempionlar ligasi 1-turida Farg‘onaning «Neftchi» klubi o‘z maydonida «Eyr Fors» ustidan 1:0 hisobida ustun kelgandi.
Sport
Butunjahon shaxmat olimpiadasi mash’alasi O‘zbekistonga keltiriladi
Hindistonda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi oldidan an’anaviy Mash’ala estafetasi marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosimda FIDE prezidenti vazifasini bajaruvchi Vishvanatan Anand va Hindiston shaxmat federatsiyasi prezidenti Nitin Narang olimpiada mash’alasini o‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarovga tantanali ravishda topshirdi.
Endilikda ramziy olov Samarqandda bo‘lib o‘tadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga yetkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining boshlanishiga 2 kun qoldi.
-
Jamiyat5 days ago
Ehtiyojmand oilalarni baholash, ishlaydigan onalarga nafaqa va vaucher tizimi — ijtimoiy himoyada qanday o‘zgarishlar kutilmoqda?
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasidagi o‘zbekistonliklar bilan uchrashdi
-
Jamiyat5 days ago
Bugun O‘zbekistonda havo harorati biroz ko‘tariladi
-
Jamiyat4 days ago
Samarqand Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati institutlarini birlashtirgan muloqot maydoniga aylandi
-
Mahalliy3 days ago
Nima uchun eski buyumlardan voz kechish qiyin?
-
Iqtisodiyot4 days ago
Ekspertlarning 51 foizi inflyasiya 2027–2028-yillarda 5 foizga tushishini prognoz qilmoqda
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev Kallibek Kamalovning xonadoniga tashrif buyurdi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev bugun Qoraqalpog‘istonga boradi
