Jamiyat
Toshkentda kuyindi hidining paydo bo‘lishiga ob-havo sharoitining o‘zgarishi sabab bo‘lgani aytildi
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahri hokimligi tasarrufidagi Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan «Maxsustrans» qattiq maishiy chiqindilar poligonida tabiiy yong‘in yuz bergan.
Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi Toshkentning turli hududlarida kuygan hid va tutun kuzatilgani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlar bo‘yicha rasmiy munosabat berdi.
Aholining ma’lumotlariga ko‘ra, hid Yashnobod, Bektemir, Yakkasaroy, Shayxontohur tumanlarida, shuningdek, poytaxtning markaziy qismida sezilgan.
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent shahri hokimligi tasarrufidagi Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan «Maxsustrans» qattiq maishiy chiqindilar poligonida tabiiy yong‘in yuz bergan.
“Hozirda vaziyat to‘liq nazorat ostida, yong‘in bartaraf etilgan. Poligonda rekultivatsiya hamda tuproq bilan qoplash ishlari olib borilmoqda”, deyiladi munosabatda.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi mutaxassislarining ma’lumotiga ko‘ra, Toshkentda kuyindi hidining paydo bo‘lishiga ob-havo sharoitining o‘zgarishi sabab bo‘lgan. Kun davomida poligonda ochiq alangalar o‘chirilgan bo‘lsa-da, chiqindilarning ayrim qismlarida ichki tutash (cho‘g‘lanish) davom etgan. Natijada havoga tutun va mayda zarrachalar ajralishda davom etgan.
Kechga qadar shaharda deyarli shamol bo‘lmagan. Biroq soat taxminan 19:00 dan keyin shamol keskin kuchayib, janubi-sharq tomondan — poligon joylashgan hududdan poytaxt tomon esa boshlagan.
Aynan shu vaqtda havo sifati monitoringi stansiyalari PM2.5 va PM10 mayda dispers zarrachalari konsentratsiyasi oshganini qayd etgan. Shaharning turli tumanlarida yashovchi fuqarolar esa tutun va kuyindi hidini sezganliklarini ma’lum qilishgan.
Jamiyat
O‘zbekistonda Jahon islom sivilizatsiyasi alyansi tashkil etiladi
Alyans xalqaro tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari, fanlar akademiyalari, muzeylar, kutubxonalar, arxivlar, islom qo‘lyozmalari markazlari, tadqiqot institutlari hamda boshqa ixtisoslashgan tashkilotlarni birlashtiradi.
Foto: O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida Jahon islom sivilizatsiyasi alyansi tashkil etiladi.
Xabar qilinishicha, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilari 10 ta muhim tashabbusni qamrab olgan deklaratsiyani bir ovozdan qabul qildi. 40 dan ortiq davlatning 300 ga yaqin xorijiy ishtirokchilari deklaratsiyaga muvofiq Jahon islom sivilizatsiyasi alyansini tashkil etish tashabbusini bir ovozdan ma’qulladi.
Alyans xalqaro tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari, fanlar akademiyalari, muzeylar, kutubxonalar, arxivlar, islom qo‘lyozmalari markazlari, tadqiqot institutlari hamda boshqa ixtisoslashgan tashkilotlarni birlashtiradi.
Qayd etilishicha, alyansning asosiy maqsadi uzoq muddatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy, ta’limiy, madaniy, muzey va raqamli loyihalarni amalga oshirish, bilim va ilg‘or tajriba almashinuvini rag‘batlantirish, shuningdek, islom sivilizatsiyasining jahon madaniy va intellektual merosining ajralmas qismi sifatidagi bunyodkorlik salohiyatini asrash, ilmiy o‘rganish, ommalashtirish va keng namoyon etishga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirishdan iborat.
Jamiyat
Atamalar komissiyasi yangi so‘z va atamalar ro‘yxatini e’lon qildi
Ro‘yxatdan 41ta so‘z o‘rin olgan bo‘lib, jumladan, breket – tishsim, brend – xosnom, mikser – qorg‘ich, suflyor – shivirchi, xeshteg – kalitso‘z, xostel – qo‘noquy deyilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi o‘zbek tili qoida va me’yorlari asosida shakllantirilgan hamda rasmiy muomalaga kiritiladigan yangi so‘z va atamalar ro‘yxatini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, Atamalar komissiyasi tomonidan turli fan va faoliyat sohalariga oid atamalar muntazam ravishda tahlil qilinib, ularning milliy til me’yorlariga mos muqobillari ishlab chiqilmoqda hamda belgilangan tartibda rasmiy iste’molga kiritilmoqda.
“Ushbu jarayon o‘zbek tilining ilmiy va rasmiy uslubdagi imkoniyatlarini kengaytirish, terminologik tizimni milliylashtirish, atamalarning yagona me’yor asosida qo‘llanishini ta’minlash hamda davlat tilining nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ro‘yxatda turli sohalarga oid xorijiy o‘zlashmalarning ilmiy asoslangan, o‘zbek tili qoida va me’yorlari asosida shakllantirilgan hamda rasmiy muomalaga kiritiladigan o‘zbekcha muqobillari berilgan.
Ilova qilingan ro‘yxatdan 41ta so‘z o‘rin olgan bo‘lib, jumladan, breket — tishsim, brend — xosnom, datchik — sezgich, dedlayn — so‘ngmuddat, mikser — qorg‘ich, suflyor — shivirchi, xeshteg — kalitso‘z, xostel — qo‘noquy deyilgan.
Jamiyat
Bug‘doydan bo‘shagan yerlarni yoqib yuborgan 172 kishiga 212,5 mln so‘m jarima solindi
Bug‘doydan bo‘shagan yerlarni yoqish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar aerokosmik ma’lumotlardan foydalangan holda aniqlanmoqda.
Foto: Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi
Ekopolitsiyaning hududiy organlari tomonidan o‘tkazilgan nazorat tadbirlari va «O‘zbekkosmos» agentligi tomonidan kosmik suratlarni qayta ishlash va tahlil qilish orqali 744 ta bug‘doydan bo‘shagan yer maydonlarida yonish holatlari bo‘yicha 172 nafar huquqbuzarga 212,5 mln so‘m miqdorida ma’muriy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, 652,3 mln so‘m tabiatga yetkazilgan zarar hisoblangan.
Bundan tashqari, dala va aholi punktlarida ang‘iz, xazon va shox-shabbalarni yoki o‘simliklarning boshqa qoldiqlarini yoqib yuborish, shuningdek, qurilish chiqindilarini yoqish bilan bog‘liq holatlarning oldini olish bo‘yicha olib borilgan nazorat tadbirlari davomida bugungi kun holatiga 9 821 ta huquqbuzarlik holati aniqlanib, bayonnomalar rasmiylashtirilgan.
Jamiyat
Nonushta depressiv alomatlarni kamaytirishi ma’lum bo‘ldi
Har kuni nonushta qilish nafaqat salomatlikni yaxshilaydi, balki o‘smirlarda depressiv alomatlar xavfini kamaytiradi.
Bu xulosaga xitoylik olimlar bir yarim yil davomida 2500 dan ortiq maktab o‘quvchilarini kuzatgandan so‘ng kelishdi. Tadqiqot natijalari Nutrients jurnalida chop etildi.
Tadqiqotda Shanxaydan 2502 nafar o‘smir ishtirok etdi. Tadqiqot boshida va taxminan 18 oydan so‘ng, tadqiqotchilar o‘quvchilarning nonushta qilish chastotasi, qancha uxlashlari va ularda depressiya belgilari bor-yo‘qligini baholadilar. Kuzatuv davrida har kuni nonushta qiladigan o‘smirlarning ulushi 81,1 foizdan 76,1 foizgacha kamaydi.
Shu bilan birga, depressiv alomatlarning tarqalishi 15,3 foizdan 18,5 foizgacha, uyqusizlikning tarqalishi esa 89,5 foizdan 92,9 foizgacha oshdi.
Tahlil shuni ko‘rsatdiki, har kuni nonushta qilish hayotning keyingi bosqichlarida depressiv alomatlar paydo bo‘lish xavfini kamaytirishi, shuningdek, uyqu davomiyligini uzaytirishi bilan bog‘liq. Bundan tashqari, uyqu va ruhiy salomatlik o‘rtasida ikki tomonlama bog‘liqlik aniqlandi: uyquning yetarli emasligi depressiv alomatlar ehtimolini oshirdi va depressiv alomatlarning o‘zi keyinchalik uyqu davomiyligining qisqarishi bilan bog‘liq edi.
Mualliflar nonushta miya faoliyati uchun muhim bo‘lgan ozuqa moddalari orqali, shuningdek, organizmning sirkadiyalik ritmlarini qo‘llab-quvvatlash orqali kayfiyatga ta’sir qilishi mumkinligini ta’kidlaydilar.
Jamiyat
Energetika tizimidagi ayrim rahbarlar ishdan olindi
Respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishida Toshkent shahridagi ayrim podstansiyalarda kuzatilgan nosozliklar va ular oqibatida yuzaga kelgan avariyaviy uzilishlar tanqidiy muhokama qilindi.
Energetika vazirligida Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish ustidan davlat nazoratini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika shtabining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda yoz mavsumini betalafot o‘tkazish, elektr energiyasi iste’moli keskin oshadigan kunlarda iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, energetika obektlarining 24 soatlik ish rejimini kuchaytirish, avariya brigadalarining shayligini oshirish hamda rejali ta’mirlash ishlarini jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.
Kutilayotgan issiq kunlarda respublika bo‘yicha sutkalik elektr energiyasi iste’moli 280 mln kVt·soat, maksimal yuklama esa 13–13,3 GVtgacha yetishi prognoz qilinishi bois barcha tizim korxonalariga elektr uzatish tarmoqlari va podstansiyalarning ishonchli ishlashini ta’minlash, avariyaviy holatlarning oldini olish hamda profilaktik nazoratni kuchaytirish yuzasidan qo‘shimcha vazifalar belgilandi.
Shuningdek, Toshkent shahridagi ayrim podstansiyalarda kuzatilgan nosozliklar va ular oqibatida yuzaga kelgan avariyaviy uzilishlar tanqidiy muhokama qilindi. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar uchun tegishli mas’ullarning shaxsiy javobgarligi belgilanib, ayrim rahbarlar egallab turgan lavozimidan ozod etildi.
Kutilayotgan issiq ob-havo sharoitida benzin, dizel yoqilg‘isi va suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini sanoat va yong‘in xavfsizligi talablariga qat’iy rioya etgan holda, kuchaytirilgan nazorat asosida tashkil etish topshirildi.
Yong‘in va portlash xavfini kamaytirish maqsadida havo harorati yuqori bo‘lgan vaqtlarda suyultirilgan gazni ortish-tushirish ishlarini vaqtincha to‘xtatib turish belgilandi.
-
Turk dunyosi5 days agoPrezident Tramp NATO aʼzolarini Grenlandiya va mudofaa xarajatlari yuzasidan tanqid qilmoqda
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar kursida keskin ko‘tarilish yuz berdi
-
Dunyodan4 days ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
-
Turk dunyosi4 days agoPrezident Tramp, Turkiyaga moʻljallangan F-35 samolyotlari haqida hech qanday qaror qabul qilinmaganini aytdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston eng ko‘p giloslarni Rossiyaga eksport qilmoqda
-
Jamiyat3 days agoSaida Mirziyoyeva yetakchi fransuz kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
-
Sport1 day agoJCh anonsi. Holand Keynga qarshi, Argentinada ilk jiddiy raqib
-
Sport5 days agoArgentinada afsonaviy 13 daqiqa. Amaldagi chempionlar kambek qilishdi
