Jamiyat
Buxoroda hindistonlik talaba yurtdoshini o‘ldirdi
Buxoroda 22 yoshli hindistonlik talaba o‘z kursdoshi (yurtdoshi) bilan yuzaga kelgan janjal oqibatida vafot etdi. Bu haqda Hindiston nashrlaridan biri xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Hindistonning Kerala shtatidan bo‘lgan Savariya ismli qizni o‘ldirishda gumonlanib, uning 23 yoshli kursdoshi Sadharul Anam qo‘lga olingan.
Ta’kidlanishicha, hodisa 3 iyul kuni ikki talaba o‘rtasida kelib chiqqan nizo ortidan sodir bo‘lgan. Janjal paytida yigit qizning boshiga noutbuk bilan urgan. Jabrlanuvchi og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, u ichki qon ketishi oqibatida yuzaga kelgan asoratlar tufayli vafot etgan.
Har ikkalasi ham Buxoro davlat tibbiyot instituti talabasi ekani aytilmoqda. Yigit O‘zbekiston huquq-tartibot organlari tomonidan hibsga olingan. Savariyaning jasadi Hindistonga yetkazilgan.
Jamiyat
Qalbaki xorijiy pasport tayyorlash bilan shug‘ullangan jinoiy guruh ushlandi
Farg‘onada qalbaki xorijiy pasport tayyorlash bilan shug‘ullangan jinoiy guruh fosh etildi.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Farg‘ona shahrida qalbaki xorijiy davlat fuqaroligi pasportlarini tayyorlash va sotish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi.
Xususan, tezkor tadbir davomida Marg‘ilon shahrida yashovchi 1995 y.t. shaxs Farg‘ona shahrida istiqomat qiluvchi 1990, 1997, 1999 va 2003 yillarda tug‘ilgan 4 nafar tanishi bilan til biriktirib, qalbaki Turkiya Respublikasi fuqaroligi pasporti va haydovchilik guvohnomasini mijozga 4 mln so‘mga sotgan vaqtida ushlandi.
Ulardan jami 11 dona mobil telefonlar va 2 dona noutbuk ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda qonunbuzarlarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Bo‘stonliqda quduqqa tushib ketgan fuqaro qutqarib qolindi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida dalahovlisida dam olayotgan fuqaro quduqqa tushib ketdi. Hodisa joyiga tezkor yetib borgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari uni quduqdan olib chiqib, tibbiyot xodimlariga topshirdi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa kuni kecha soat 12:27 da sodir bo‘lgan. Toshkent viloyati FVBBga Bo‘stonliq tumani Novobod mahallasi hududida joylashgan dalahovlilaridan birida fuqaroning quduqqa tushib ketgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabar asosida FVV qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, maxsus qutqaruv ishlarini amalga oshirgan. Natijada quduqqa tushib ketgan fuqaro sog‘-omon olib chiqilib, shifokorlar nazoratiga topshirilgan.
Ma’lum qilinishicha, hozirda fuqaroning ahvoli yaxshi.
Jamiyat
Toshkentda onlayn qimor uchun mashina o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi
Avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishlagan erkak o‘zganing Spark mashinasini boshqarib ketgan. U avtomobilni ehtiyot qismlarga bo‘lib sotgan holda pulini onlayn qimorga tikmoqchi bo‘lganini aytgan.
Foto: YHXB matbuot xizmati
Toshkent shahrida birovning mashinasini o‘g‘irlagan shaxs ushlandi. Bu haqda poytaxt YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, erkak Yunusobod tumanidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasidan Spark mashinasini egasining ruxsatisiz olib qochib ketgan. Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda YHXB qidiruv bo‘limi xodimlari olib borgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida mashina Bektemir tumanida topilib, gumondor qo‘lga olingan.
“Moyka”dan Spark’ni olib ketib qoldim. Bu yoqqa kelganimga hozir bir soatcha bo‘ldi. Maqsad – “zapchast” qilib sotish edi. Onlayn qimor o‘ynayman. O‘sha O‘shanga pul tikib, yutaman degan maqsadda shu ishni qildim”, degan erkak.
Hozirda holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tergovga qadar tekshiruv va protsessual harakatlar olib borilmoqda.
Toshkent shahar YHXB fuqarolardan mashinalarini qarovsiz qoldirmaslik, kalitlarini begona shaxslarga ishonib topshirmaslik hamda xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishni so‘ragan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 267-moddasiga ko‘ra, transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida o‘g‘rilik yoki talonchilik yo‘li bilan olib qochish 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jamiyat
Navoiyda noqonuniy oltin qazish vaqtida chuqurlikda qolib ketgan 3 nafar fuqaro qutqarildi
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida noqonuniy ravishda oltin qazib olishga uringan 4 nafar fuqarodan 3 nafari qazilgan chuqurlikka tushib, tuproq ostida qolib ketdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan ularning ikki nafari qutqarib olindi, yana bir fuqaro esa qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar mahalliy aholi yordamida chuqurlikdan chiqarildi.
Hodisa 7 iyul kuni soat 04:22 atrofida Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, “Angidon” MFY, Quvray qishlog‘i tog‘ hududida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 4 nafar fuqaro noqonuniy ravishda oltin qazib olish maqsadida kon hududiga borgan.
Ulardan 3 nafari noqonuniy qazilgan chuqurlikka tushib ketib, tuproq ostida qolgan. Tashqarida qolgan bir nafar sherigi zudlik bilan atrofdagilar va Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar bergan.
Qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar mahalliy aholi va hodisa vaqtida tashqarida bo‘lgan fuqaro sa’y-harakatlari bilan jabrlanganlarning biri chuqurlikdan chiqarib olingan.
FVB qutqaruvchilari voqea joyiga tezkorlik bilan yetib kelib, tuproq ostida qolgan yana ikki nafar fuqaroni qutqarishga muvaffaq bo‘lgan. Qutqarilganlarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilib, ular tegishli tibbiyot muassasasiga yuborilgan.
Hodisa yuzasidan tegishli tartibda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Andijondagi YTH qasddan odam o‘ldirish deya malakalanishi kerak
Andijonda yuz bergan mudhish hodisa ko‘z o‘ngingizda turgan bo‘lsa kerak: katta tezlikda, boz ustiga boshqa avtomobil(lar) bilan poyga o‘ynab harakatlangan Malibu boshqa mashinalar yo‘l bergach piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan buvi va uning ikki nabirasini majaqlab ketdi.
Haydovchiga Jinoyat kodeksining 266-moddasi tegishli bandi, ya’ni odam o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l transport hodisasi sodir etish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ketmoqda.
Ammo bu malakalash xato. Qilmish qasddan sodir etilgan jinoyat sifatida e’tirof etilishi va Jinoyat kodeksining mos moddalariga qayta malakalanishi lozim. Bunga qonunlarda yetarli asoslar mavjud. Sud amaliyotida ham bu tajriba bor. Shular haqida muallifning nuqtai nazari bilan bo‘lishamiz.
Oliy sud Plenumining 2015 yil 26 iyundagi 10-sonli qarori 10-bandida Jinoyat kodeksi 266-moddasida nazarda tutilgan jinoyat harakatlanish yoki transport vositalaridan foydalanish yoki boshqa qoidalar buzilishi xususiyatidan qat’ii nazar, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan, deb e’tirof etiladi, chunki, bunda aybdor barcha hollarda o‘z-o‘ziga ishonish yoki beparvolik bilan harakat qiladi. Agar aybdor harakatlanish yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini qasddan buzsa, uning qilmishi Jinoyat kodeksining qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Oliy sud Plenumining yana bir qarorida agar aybdor o‘z harakatining ijtimoiy xavfli ekanligini anglasa, jabrlanuvchi badaniga muayyan darajada shikast yetkazishi mumkinligiga ko‘zi yetsa va shuni xohlasa yoinki xohlamasada, bunga ongli ravishda yo‘l qo‘ysa yoki o‘z qilmishidan kelib chiqadigan oqibatlarga befarq qarasa, barcha qilmish aslida kelib chiqqan oqibatlar bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi lozimligi aytiladi.
Malibu haydovchisi harakatlariga e’tibor qaratamiz:
katta tezlikda harakatlanayotgani ko‘rinadi (bir nechta kameralarga yozib olingan);
yo‘nalishdagi avtomobillar piyodalarni o‘tkazib yuborish uchun harakatni to‘xtatgan;
60 Z 511 ZZ raqamli Malibu esa bo‘sh turgan birinchi polosadan katta tezlikda kelyapti va o‘z yo‘lidan harakatlanayotgan piyodalarni urib (uchirib) o‘tib ketgan.
Ma’lumot uchun, ikki piyoda (ayol va uning 4 yoshli nabirasi) hodisa joyining o‘zida vafot etgan. 4 yoshli Yusufjon Malibu’ning tagiga qisilib qolgan va mashina uni 100 metrgacha sudrab borgan.
Ushbu argumentlar aybdor yo‘l harakati qoidalarining tezlikni oshirish va piyodalarga yo‘l bermaslik qoidalarini qasddan buzganini ko‘rsatmoqda.
Bundan kelib chiqadiki, Andijondagi bu hodisa qasddan sodir etilgan jinoyat deya e’tirof etilishi va oqibatlariga qarab malakalanishi lozim.
Hodisada ikki shaxs vafot etgani inobatga olinsa, qilmish kamida Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), maksimumda 97-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi (ikki va undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan malakalanishi lozim.
Bunga oid tergov va sud amaliyoti mavjud
Joriy yil fevralida Toshkentda 15 yoshli o‘smir YHXBB xodimini BMW x5 mashinasida urib ketdi. Xodim vafot etdi. Ushbu qilmish tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan malakalanib sudga yuborildi.
Yan bir misol: 2024 yil 12 may kuni fuqaro O.A. BYD XAN mashinasini boshqarib borayotib, Chilonzor tumanida hizmat olib borayotgan YPX katta inspektori U.Usmanovning to‘xtash haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan. U qochib, Muqimiy ko‘chasi bo‘ylab yo‘l-harakati qoidalari rioya qilmagan holda 152 km/soat tezlikda harakatlangan va mazkur hududda xizmat olib borayotgan YPX inspektori X.Sharipovni urib ketib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.
JIB Chilonzor tuman sudining 2025 yil noyabridagi hukmi bilan O.A. Jinoyat kodeksi 104-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilgan va 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Sud hukmni asoslashda Oliy sud Plenumining aynan biz maqolada tilga olgan qarorlari asos qilib keltirilgan.
Andijondagi voqea nima uchun og‘irroq moddaga qayta malakalanishi kerak?
Statistika shuni ko‘rsatmoqdaki, 2025 yilda O‘zbekistonda 2 188 kishi YTH oqibatida vafot etgan, 8 901 kishi esa turli darajada jarohatlangan. Jinoyat kodeksining 266-moddasidagi jazo yengil ekanidan rulda o‘tirgan haydovchilar mas’uliyatni yetarli darajada xis qilmayotganday.
Jinoyat ishi sudga oshirilganda mavzuga yana qaytamiz.
Dilshod Abduqodirov,
huquqshunos
-
Siyosat4 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Siyosat4 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Iyunda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
-
Jamiyat4 days agoOliy sud Plenumida inson huquqlari va sud amaliyotiga oid muhim qarorlar qabul qilindi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda qurilish tashkiloti markaziy kanalizatsiya quvurini uzib yubordi
-
Sport4 days agoJahon chempionatida bir nechta futbolchi doping bilan qo‘lga tushdi
