Connect with us

Jamiyat

va’dalar, sirlar va xonavayron bo‘layotgan odamlar (2-qism)

Published

on


Ikromjon Tojiddinov asos solgan moliyaviy sxema ko‘plab odamlar hayotini o‘zgartirdi. Ammo yaxshi tomonga emas. Kompaniya vakillari tarmoqli marketing usulida atir sotishini aytib keladi. Bonuslar olish orqali tezda boyib ketish va’dasi bilan sodda odamlar qo‘ltig‘i puch yong‘oqqa to‘ldirilyapti. Kompaniya liderlari odamlarni aldash uchun hatto prezident nomidan foydalangani ma’lum bo‘ldi.  

“Ig‘vo va tuhmat”

Kun.uz “uyning podshohi kimligi” hamda “bir dollar tikmasdan biznes yuritish” haqidagi gaplari bilan tanilgan Ikromjon Tojiddinovning Premium Pro kompaniyasi haqida surishtiruv e’lon qilgandi. Ikromjon Tojiddinov Kun.uz keltirgan dalillarni ig‘vo va tuhmat deb atadi. 

Ammo Kun.uz surishtiruvi e’lon qilingach, Tojiddinov unda murojaati keltirilgan ikki kishiga yetkazilgan zararni qoplab berdi.

“Hammasi moshennik”

Kun.uz surishtiruvidan so‘ng Ikromjon Tojiddinovning kompaniyasiga bir-ikki kishi emas, ko‘plab odamlar aldanayotgani ma’lum bo‘ldi. Tahririyatga Premium Pro bo‘yicha o‘nlab murojaatlar keldi. Kun.uz ularning ayrimlariga mikrofon tutdi.

“2023 yil avgust oyida Premium Pro kompaniyasiga bir tanishim orqali hamkor bo‘lib kirdim. 8 oy ish faoliyatimni boshlamadim. O‘zimning ishim, kasbim yaxshi edi. Hamshira edim, uyda novvoyxonam ham bor edi.

Unga qiziqmadim, keyin bular o‘z holimga qo‘ymadi: Marziya, Fotima va Dilafro‘z har kuni ishxonamga boraverdi. Xo‘p dedim, bir-ikki orqamdan odam olib qo‘yaverganimdan so‘ng binar pullar tushavergach, qiziqtirib qo‘yishdi.

Menga ishonganlar ko‘p edi, ortimdan juda ko‘p kishi kirdi. Birdan Dubay sayohati oldim. Ammo bu sayohatning pulini ham ololmadim. Marziya Abdilova “siz lidersiz, komandangizga ko‘rsatishingiz kerak”, deya o‘zining nomiga kredit olib, meni Misrga olib ketdi. Shunchalik gipnoz qilib tashladi. Men oyma-oy uning nomidagi kreditni to‘laganman.

Keyin “opa, komandangiz katta, fokusingizni bir joyga qarating, siz ishingizdan bo‘shang”, deya ishdan ham bo‘shatishdi. Men unga qul bo‘lib ishlasam, u natijaga chiqib ketaverarkan…

Gala “moshennik”, bizni ham “moshenniklar” safiga tiqdi. Aksioner bo‘lsangiz 20 ming “ko‘kida” olib o‘tirasiz, deya uyimni garovga qo‘ydirib, kredit oldirtirishdi.

Bizlar pul tikkandan so‘ng ular natijaga chiqishsa, topgan pullarini bizning ortimizdan tikishlari kerak edi. Kelishuv shunaqa bo‘lgandi. Komandam bilan 600 million so‘m sarflaganmiz. O‘sha pulga beshikdagi chaqaloqlargacha qo‘ydik biz (Premium Pro’da ro‘yxatdan o‘tib ochilgan joy nazarda tutilmoqda – tahririyat). Buni Ikromjon bildi. Mana, yolg‘onchiligi shundan ham ma’lum”, deydi murojaatchi Saida Jumanova.  

Qashqadaryolik yana bir ayol esa kreditga pul olib, Ikromjon Tojiddinovning atir biznesiga tikkanini, ammo bir so‘m foyda ko‘rmaganini aytmoqda.

“Hamshiraman. Qo‘shimcha daromad qilish uchun bozorga savdoga chiqqan vaqtimda Durdona Baratova ismli ayol oldimga kelib, Premium Pro’ni taklif qilaverdi. So‘ng qiziqib, 2025 yil aprel oyida hamkorlikka kirdim.

Avvaliga Marziya ustoz paketlarga qiziqtirdi. Birdan 600 dollarlikka kirdim. Qizim 300 dollarlikka kirdi. Hammasi bo‘lib 10 mln so‘mga a’zo bo‘ldim. 600 dollarni Marziya ustoz sanab oldi.

Bu orada qiziqmay, bozorga savdoga chiqib ketdim. Sentyabr oyida Durdona Baratova yana kelib, “bozoringizni yig‘ishtiring, ishlaylik”, dedi. Men baribir odam topolmayman, dedim. Keyin ular “shuncha bersangiz, mart oyigacha mashinalar olamiz”, deb pul taklif qilishdi.

Men qiziqib 30 mln so‘m pul berdim. O‘g‘lim, turmush o‘rtog‘im, opa-singillarim va jiyanlarimni ketma-ket tiqishdi. Keyin ketidan begonalar bo‘lib ketaverdi. Qo‘limda 10-12 kishi bo‘ldi. O‘sha 30 mln so‘mni kreditga olib bergandim. Oyiga 1,5 mln so‘mdan to‘lab keldim. Hozirgacha 15 mln so‘m bo‘ldi, to‘lab yuribman. Premium Pro’ga kirganimdan beri biror marta daromad olganim yo‘q”, deydi u.

Juma boboning puli qayerda?

Kompaniya liderlari hatto nuroniylarni ham qisqa fursatda mo‘may daromad va’dasi bilan chuv tushirmoqda. Masalan, ular Koson tumanida yashovchi 72 yoshli Juma bobo Rajabovni hamkor sifatida taklif qilib, pulini olishgan. 

Juma bobo shunday deydi:

“Atir uchun emas, biznes bo‘yicha kirganman. Oilamdagilarni ham qo‘yganman. Lekin hech qanday natija yo‘q, to‘xtab qoldi. Endi nima qilishni ham bilmay turibman. Qiynalganman.

Qo‘shilganimga bir yildan oshdi. Tikkan pullarim hammasi 60-70 mln so‘m bo‘lib qoldi. Birinchi o‘zim kirdim pensiyadan. Keyin o‘g‘limni kirgizdim, qizimni kirgizdim. Mol sotib, pul topib qo‘shdim. Bir marta 400 ming so‘m, bir marta 800 ming so‘m pul oldim. Qolganlari o‘ziga o‘zi, odam kirganda qo‘shilib ketgan. Hozir ham bir kishidan 4 mln so‘m qarzim bor, bo‘ynimda turibdi, nima qilishimni bilmay turibman”.

Kun.uz’da mavjud bo‘lgan videolarda ko‘rinishicha, pulni Premium Pro lideri Saida Jumanova sanab olgan. Ammo u olgan pullarini Marziya Abdilovaga berganini aytmoqda.

“Pulni Marziya Abdilovaga berganman. Pulni hammamiz naqd sumkalab, shunga olib kelib berganmiz, u bonus olib bergan. Agar unga bermasak, hech kim bizga bonus bermaydi”, deydi Saida Jumanova.

Marziya Abdilova esa Juma bobo Rajabovning pulini olganini rad etib, Saida Jumanova bu pullarni kompaniyaga bermaganini ta’kidlayapti:

“Juma boboning pulini men qo‘limga ushlamaganman, hatto u kishiga taklif ham bermaganman. U kishi hamkor bo‘lib ishlayotgandi, lekin pullarini bizga keltirib bergan joyi yo‘q. Juma bobo pul bergan, lekin menga emas, Saida Jumanovaga olib kelib bergan”.

Holatni ko‘rdingiz: kompaniyaning ikki lideri aybni bir-biriga to‘nkamoqda, ammo pulning olingani fakt. Ikki o‘rtada esa otaxon shuncha pulga chuv tushib o‘tiribdi. Aslida, mo‘may daromad va’dasi bilan Premium Pro kompaniyasiga chuv tushib qolgan faqatgina Juma bobo Rajabov emas, bundaylar yana bor.

O‘yin ichidagi o‘yin

Saida Jumanovaning aytishicha, kompaniya 345 dollarga sotgan atirlarini o‘zi qaytarib 250 ming so‘mdan sotib olgan.

“Mahsulot oldik, ammo qo‘limizga tegmadi. Uncha mahsulotni nima ham qilamiz?! Unga olib borsangiz ham hidi yo‘q deydi, bunga olib borsangiz ham. 345 dollarlik mahsulotni 250 ming so‘mdan qaytarib oldi. Demak, Fransiyadan atir kelmas ekan, bizning atirlarni aylantirib yotibdi bular. Bizlarga kerak bo‘lmagan atir ularga kerak bo‘lgach nima qiladi, yangi hamkorlarga tarqatadi-da. O‘zimizning atir aylanib yotibdi. Chunki biz atir olmadik, faqat imzo qo‘yib berganmiz, omborning o‘zida qolgan”, deya ta’kidlaydi u.

Liderning gapini oddiyroq qilib tushuntirib beramiz. Premium Pro kompaniyasi atir mahsulotini tarmoqli marketing orqali sotishini, bu ishlari moliyaviy piramida emasligini da’vo qiladi. Yangi hamkor bu tarmoqli marketingga qo‘shilish uchun narxi turlicha bo‘lgan atir to‘plamlaridan birini xarid qilishi kerak bo‘ladi.

Targ‘ibotchilarning oson daromad va kutilmagan farovon hayot haqidagi cho‘pchaklariga ishongan odamlar millionlab pulini shunga tikadi. Ularning maqsadi atir xaridi emas, mo‘may daromad olish bo‘ladi. Shu tariqa, Dubaydan arzon pulga kelgan atir qimmat narxda o‘tkaziladi.

Aytaylik, 50 mln so‘m tikkan odam shuncha pulga sotib olgan atirni nima qiladi? Qaytarib sotadi. Kimga deysizmi? Aynan Premium Pro kompaniyasining o‘ziga.

Kompaniya 345 dollarga sotgan atirini 250 ming so‘mga qaytarib sotib olgan va boshqalarga yana qimmat narxda sotgan. Bu ish kompaniyaning Qashqadaryo viloyatidagi mahsulot tarqatuvchisi Umrbek Qilichev tomonidan amalga oshirilgan.

Sotilgan atirlar qaytarib 250 ming so‘mdan sotib olinganini Marziya Abdilova ham, kompaniyaning Qashqadaryo viloyati bo‘yicha mahsulot tarqatuvchisi Umrbek Qilichev ham tasdiqladi. 

“Ko‘chaga arzon sotsa, bizga minus bo‘ladi-da. Kimgadir pul zarur bo‘lib qolsa, olib kelgan mahsulotini ofisga tashlab ketgan. Pul olib ketganda o‘rniga mahsulot tashlab ketgan joyi bor”, deydi Marziya Abdilova.

Umrbek Qilichevning o‘zi ham mahsulotni qaytarib sotib olganini rad etmadi. Faqat atirni o‘zi sepishi uchun sotib olganini ma’lum qildi.

“Hozir mening bo‘ynimga 250 ming so‘mdan oldi degan joyi bo‘lyapti. U mening ehtiyojimdan kelib chiqqan holatda. Men ishlatishim kerak bo‘lgan, yoqqan narsani cho‘ntagim ko‘targan narxda aytaman”, deydi Umrbek Qilichev.

Bu moliyaviy piramida emasmi?

O‘zbekistonda tarmoqli marketingga ruxsat berilganmi? Ko‘pchilik bu savolga, “ha, ana shunchasi ishlab yotibdi-ku”, deya javob beradi.

To‘g‘ri, O‘zbekistonda tarmoqli marketing faoliyati mumkin, biroq ayrim talablar bor. Tarmoqli marketing va moliyaviy piramida o‘rtasidagi o‘ta nozik chegarani ko‘rsatuvchi bu talablar hukumat qarori bilan tasdiqlangan chakana savdo qoidalarida belgilab qo‘yilgan.

Masalan, a’zolik badali sifatida to‘lov undirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq Premium Pro’da 250 dollarlik atir yangi hamkorga 300 dollarga o‘tkazilgan. Bunda 50 dollar mablag‘ xarajatlarga deya olingan.

Hukumat qarorida yana bir muhim talab keltirilgan: tarmoqli marketingni amalga oshirishda sotuvchi agent tomonidan boshqa sotuvchi agentlarni jalb etish to‘g‘risida talab belgilanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ya’ni sotuvchi agent mahsulotni kimgadir sotdi. U shundan bonus oladi. Zanjir shu yerda tugaydi. Sotuvni va undan olinadigan bonusni piramida ko‘rinishiga keltirish mumkin emas. Premium Pro lideri yangi qo‘shilayotgan odamga “ketingdan shuncha odam qo‘shsang, buncha daromad olasan”, deyishi belgilangan talablarga zid bo‘ladi.

“Diamond Lider degani katta komanda egasi va 3-avtobonus sohibasi degani. Bizda 9 ta lavozim bor, shuning 8-chisiga chiqqanman. Men o‘sha lavozimga chiqqanimda ikki tomonimda kamida 10 ming nafardan hamkor bor degani”, deydi lider Dilobar Qiyomova.

Bundan ko‘rinadiki, Premium Pro sxemasida moliyaviy piramida unsurlari bor: daromad quyida odam to‘planishiga bog‘langan.   

Prezidentdan “iqtibos” 

Premium Pro kompaniyasi odamlarni aldashda hatto davlat rahbari suratidan foydalangan. Ular kompaniya ofisiga prezident surati aks etgan banner ilib, unga go‘yoki iqtibos ma’nosini berib, “tarmoqli biznes halol biznes ekani” haqidagi gaplarni yozib qo‘yishgan. Bu orqali ofisga keluvchilarga go‘yoki shu gaplarni davlat rahbari aytgandek ko‘rsatishga harakat qilishgan.

  

Marziya Abdilova keyinroq buning xato ekanini payqab qolib, bannerni olib qo‘yishganini aytdi.

Aslida, 2012 yildayoq Vazirlar Mahkamasi qarori bilan chakana savdo qoidalariga tarmoqli marketingga oid qo‘shimchalar kiritilgan.

Ushbu hujjatda Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Soliq va Bojxona qo‘mitalari, departament, Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga respublika hududiga tovarlarni noqonuniy yetkazib berish, tarmoqli marketing shaklida sotilishini aniqlash va bunga yo‘l qo‘ymaslik ishlarini kuchaytirish, maqsadi moliyaviy piramidalar yaratish, past sifatli tovarlarni sotish orqali aholi hisobidan boyish hisoblangan tarmoqli marketing shaklidagi faoliyatni noqonuniy amalga oshirish bilan bog‘liq salbiy oqibatlar to‘g‘risida aholi orasida targ‘ibot olib borish topshirilgan.

“Pullarni Ikromjon olib qolardi”

Premium Pro kompaniyasi hamkorlarga 4 ta darajada bonuslarini taklif etgan. Bular referal, binar, mater va lyuks bonuslar.

Lyuks bonusdan sayohatlar, avtobonus, 5 foiz aksionerlik o‘rin olgan. Kompaniyaning 5 foizlik aksioneriga aylanish uchun hamkorning chap va o‘ng qo‘lida to‘plangan jamoasi 1 mln dollarlik atir sotishi kerak bo‘ladi.

Premium Pro’da 6 kishi shunday natijani qayd etgani aytiladi. Kun.uz shulardan biri bilan suhbatlashdi. Uning ta’kidlashicha, kimlargadir atir umuman qiziq emas, daromad olish uchun katta miqdorda pul berishadi. Bu pullar esa kompaniya asoschilari Ikromjon Tojiddinov hamda Shohrux Ubaydullayevga beriladi. 

Kun.uz Ikromjon Tojiddinovdan shu haqda so‘radi. U pullarni o‘zi emas, Shohrux Ubaydullayev olib qolganini aytdi.

Oddiy arifmetika

“Premium Pro world” mas’uliyati cheklangan jamiyati 2022 yil 5 sentabr kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Uning yagona ta’sischisi va rahbari Shohrux Ubaydullayev.

Kun.uz’da ushbu kompaniya 2024 va 2025 yillarda O‘zbekistonga qancha miqdorda va necha so‘mlik atir import qilgani haqida ma’lumot bor.

Birgina Qashqadaryo viloyatidagi lider Dilobar Qiyomova o‘z guruhida 20 ming nafar odam borligini aytmoqda. Ya’ni u 20 ming odami bor piramidaning cho‘qqisida turibdi. Bu shuncha odam hech yo‘qsa bir donadan atir sotib olgan bo‘lishi kerakligini anglatadi.

Boshqa viloyatlarda ham Dilobar Qiyomova kabi liderlar borligi hisobga olinsa, Ikromjon Tojiddinov yaratgan moliyaviy sxema ichida qancha odam borligini chamalab ko‘rish qiyin emas. Biroq “Premium Pro world” MChJ import qilgan atir miqdori ushbu raqamlarning yarmiga ham yetmaydi.

  Yana bir misol: Premium Pro’da 6 kishi aksioner darajasiga chiqqani aytiladi. Ularga har oy kompaniya daromadining 5 foizi taqsimlab beriladi. Kun.uz suhbatlashgan aksionerlardan biri oyiga 10 ming dollar atrofida daromad olishini ma’lum qildi.

Bundan kelib chiqsa, 6 nafar aksionerga o‘rtacha 60 ming dollar daromad beriladi. Va bu kompaniya oylik daromadining 5 foizini tashkil etadi. Premium Pro’da quyidagi oddiy odamlarning qancha puli to‘planishini o‘zingiz hisoblab ko‘ravering.

Xulosani o‘zingizga qoldiramiz. Biz esa vatandoshlarimizga shubhali platformalarga pul tikmaslikni, onlayn ish niqobi ostidagi yolg‘onlarga ishonmaslikni tavsiya qilamiz. 

“Biznes trener”dan t(q)armoqli marketing



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi

Published

on


Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.

Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.

Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin

Published

on


Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.

Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.

Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.

Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.

Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi

Published

on


O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.

Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.

Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.

Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.

O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.

2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.

Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.

Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi

Published

on


Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.

Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.

Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.

Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.

Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.

Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.

Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi

Published

on


Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.

Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.

Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.

Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.

Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.