Iqtisodiyot
Eron bo‘yicha muzokaralar fonida aksiyalar narxi o‘zgardi, neft arzonlashdi
«Reuters» xabariga ko‘ra, 22-iyun kuni jahon moliya bozorlarida investorlar Eron va AQSh o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini baholashda davom etmoqda. Muzokaralarda ma’lum darajada ijobiy siljish kuzatilgani haqidagi xabarlar fonida neft narxlari pasaydi. Yevropa aksiyalari va AQSh fyucherslari esa biroz pasayish bilan savdo qilindi.
Qatar va Pokiston rasmiylari muzokaralarning ilk bosqichi yakunlangani hamda 60 kun ichida yakuniy kelishuvga erishish bo‘yicha «yo‘l xaritasi» yuzasidan taraqqiyot qayd etilganini ma’lum qildi.
Shundan so‘ng Brent markali neft fyucherslari 0,7 foizga arzonlashib, bir barrel uchun 80,07 dollarga tushdi. Bu ko‘rsatkich may oyidagi 126,41 dollarlik cho‘qqidan ancha pastdir.
Yevropaning «STOXX 600» indeksi 0,1 foizga pasaydi. AQShning «S&P 500» fyucherslari ham dastlabki yo‘qotishlarni qisqartirib, 0,1 foiz pasayish bilan savdo qilindi.
Muzokaralardagi ijobiy signallar Osiyo fond bozorlariga qo‘llab-quvvatlovchi ta’sir ko‘rsatdi. Yaponiyaning «Nikkei» indeksi 1,6 foizga, Janubiy Koreya bozori esa 0,7 foizga o‘sdi. Janubiy Koreya fond bozori o‘tgan hafta yarimo‘’tkazgichlar sektoriga talab oshgani hisobiga 11 foizdan ko‘proq ko‘tarilgan edi.
Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer iste’foga chiqishini e’lon qilgach, mamlakat moliya bozorlari ham diqqat markazida qoldi. Funt sterling AQSh dollariga nisbatan 0,1 foizga pasayib, 1,322 dollarga tenglashdi.
Tahlilchilarga ko‘ra, yangi hukumat rahbari va moliya vaziri kim bo‘lishi Britaniya obligatsiyalari bozori uchun muhim omil bo‘ladi.
AQSh Federal zaxira tizimining qat’iy monetar siyosatga moyil bayonotlari obligatsiyalar bozoriga bosim o‘tkazishda davom etmoqda. Bozor ishtirokchilari sentyabr oyidayoq foiz stavkasi oshirilishi ehtimolini 75 foiz deb baholamoqda.
Natijada AQShning 2 yillik davlat obligatsiyalari daromadliligi 4,23 foizgacha ko‘tarildi. Dollar ham mustahkamlanib, yapon iyenasiga nisbatan 161,71 darajaga yetdi.
Iqtisodiyot
Murojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega banklar ro‘yxati e’lon qilindi
Markaziy bank iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va bank xizmatlari sifatini oshirish maqsadida banklar faoliyati yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarni muntazam tahlil qilib bormoqda. 2026-yilning birinchi choragi yakunlari bo‘yicha mijozlar soniga nisbatan murojaatlar ulushi eng yuqori bo‘lgan banklar reytingi e’lon qilindi.
Reytingda birinchi o‘rinni indeks ko‘rsatkichi 3,34 bilan «Biznesni rivojlantirish banki» egalladi. Keyingi o‘rinlarda «Anor Bank» (3,29) va «Mikrokreditbank» (3,23) joylashgan.
Shuningdek, TOP-10 ro‘yxatidan «AVO Bank» (2,16), «TBC Bank» (2,06), «Davr Bank» (1,85), «Tenge Bank» (1,72), «Asakabank» (1,26), «Turon Bank» (1,25) va «Agro Bank» (1,22) o‘rin oldi.
Indeks nimani baholaydi?
Markaziy bank ta’kidlashicha, murojaatlar indeksi bankning moliyaviy ahvoli yoki ishonchliligini baholamaydi. U faqat aktiv mijozlar soniga nisbatan kelib tushgan murojaatlar ulushini aks ettiradi.
Tahlillarga ko‘ra, murojaatlar ulushining yuqori bo‘lishi bank mahsulotlari va xizmatlari bo‘yicha yetarli tushuntirish berilmasligi, murojaatlarga o‘z vaqtida javob qaytarilmasligi hamda takroriy shikoyatlarga sabab bo‘layotgan tizimli kamchiliklar saqlanib qolayotganini ko‘rsatishi mumkin.
Bundan tashqari, masofaviy xizmatlar, to‘lovlar, kreditlar va boshqa bank operatsiyalari bilan bog‘liq muammolarning o‘z vaqtida hal etilmasligi ham indeksga ta’sir qiluvchi omillar sifatida qayd etilgan.
MBning banklarga tavsiyalari
Markaziy bank mazkur banklarga murojaatlar kelib chiqish sabablarini chuqur tahlil qilish, takroriy shikoyatlarga olib kelayotgan omillarni bartaraf etish va murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonlarini takomillashtirishni tavsiya qildi.
Shuningdek, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, ichki nazorat mexanizmlarini kuchaytirish hamda iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan profilaktik choralarni kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Ma’lum qilinishicha, hisobot choragi davomida 100 tadan kam murojaat kelib tushgan banklar bo‘yicha indeks hisoblanmaydi va ular reytingga kiritilmaydi. Indeks bankning murojaatlar soni bo‘yicha bozor ulushini mijozlar soni bo‘yicha bozor ulushiga nisbatan hisoblash orqali shakllantiriladi.
Iqtisodiyot
1 iyuldan pensiya va nafaqalar, 1 sentabrdan oyliklar oshadi
Prezident farmoni bilan, 2026 yil 1 iyuldan pensiya va nafaqalar 7 foizga oshiriladi. 2026 yil 1 sentabrdan e’tiboran budjet tashkilotlaridagi oyliklar va stipendiyalar ham 7 foizga ko‘tariladi. 1 sentabrdan bazaviy hisoblash miqdori 6,8 foizga ko‘tarilib, 440 000 so‘mga teng bo‘ladi.
“Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirish to‘g‘risida” prezident farmoni e’lon qilindi.
Pensiya va nafaqalar
Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 iyuldan pensiyalar va nafaqalar hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 7 foizga oshiriladi. Bunda:
yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 983 000 so‘m;
nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 1 083 000 so‘m;
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
· 3 yoshgacha bo‘lgan 1 ta kichik farzandi uchun – 386 000 so‘m;
· 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 1 ta farzandi uchun – 295 000 so‘m;
· oilaning 2-farzandi uchun qo‘shimcha – 177 000 so‘m;
· oilaning 3– va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha – 118 000 so‘m;
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 450 000 so‘m etib belgilandi.
2026 yil 1 iyuldan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 504 000 so‘m etib belgilandi.
Oyliklar
2026 yil 1 sentabrdan budjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 7 foizga oshiriladi.
MHTEKM va BHM
2026 yil 1 sentabrdan:
Iqtisodiyot
Biznes uchun yagona QR-kod ishga tushadi. Majburiy komissiya
1 iyuldan boshlab biznesning yagona UzQR tizimidan foydalanishi majburiy bo‘ladi. Bunda sotuvchidan undiriladigan komissiya 0,65 foiz etib belgilandi. Ayrim hollarda xaridordan ham tranzaksiya summasining 1 foizigacha pul ushlab qolinyapti. Markaziy bankka ko‘ra, iste’molchilardan undirilayotgan yig‘im tizim tarifining bir qismi emas, tegishli ishtirokchilarning shaxsiy tashabbusi hisoblanadi. Ushbu holatlarni tartibga solish bo‘yicha ish olib borilyapti.
2025 yil dekabr oyida yagona QR-kodlarni joriy etishni nazarda tutuvchi prezident farmoni imzolangandi. Unga ko‘ra, 1 yanvardan boshlab savdo va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi barcha yuridik shaxslar faoliyatiga yagona QR-kodlarni joriy etish boshlandi va 1 iyuldan boshlab undan foydalanish majburiy talabga aylanadi. Ya’ni yuridik shaxslar o‘z mijozlariga nafaqat naqd yoki terminal orqali, balki yagona QR-kod orqali ham to‘lov qilish imkoniyatini yaratishi shart bo‘ladi. Bu qoidani buzish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
UzQR kodning asosiy xususiyati — iste’molchi istalgan bank ilovasi yoki to‘lov tashkiloti mobil ilovasi orqali bitta QR-kodni skaner qilgan holda to‘lovni amalga oshirishi. Bunda savdo va xizmat ko‘rsatish sub’yektlari bir necha xil QR-kod va to‘lov yechimlarini saqlab turish zaruratidan ozod bo‘ladi.
Komissiya to‘lovi — 0,65 foiz
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, UzQR uchun sotuvchidan tranzaksiya summasining 0,65 foizi miqdorida komissiya undiriladi. Ushbu komissiya quyidagicha taqsimlanadi:
Ekvayer bank (QR-kodni merchantga o‘rnatib bergan bank) — 0,10 foiz;
Uzcard — 0,075 foiz;
Humo — 0,05 foiz;
QR-kod operatori (tizimni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash) — 0,20 foiz;
To‘lov tashabbuskori (QR-kodni o‘quvchi mobil ilova) — 0,15 foiz;
To‘lovchi bank (tizimda to‘lovni amalga oshiruvchi bank) — 0,05 foiz.
“UzQR’ning 0,65 foizlik umumiy tarifini xolisona baholash uchun uni hozirgi to‘lov xizmatlari bozoridagi mavjud tariflar bilan taqqoslash o‘rinli. Bugungi kunda to‘lov xizmatlari bozorida savdo va xizmat ko‘rsatish sub’yektlari uchun QR-kodlar orqali to‘lovlarni qabul qilish 1-3 foizni tashkil qiladi”, deyiladi MB xabarida.
Regulyatorga ko‘ra, tizimning rasmiy tarif tuzilmasida to‘lovchidan (iste’molchidan) hech qanday komissiya undirish ko‘zda tutilmagan. Barcha tarif — faqat merchant tomonidan to‘lanadigan 0,65 foizdan iborat va u yuqorida ko‘rsatilgandek zanjir ishtirokchilari o‘rtasida taqsimlanadi.
“Ayni paytda ayrim tashabbuskorlar tomonidan iste’molchidan qo‘shimcha yig‘im undirilayotgan holatlar kuzatilyapti. Bunday yig‘im tizim tarifining bir qismi emas — u tegishli ishtirokchilar tomonidan o‘z tashabbusi bilan qo‘shimcha tarzda qo‘yilgan”, deyiladi MB izohida.
Regulyator xaridordan qo‘shimcha komissiya undirish bilan bog‘liq holatlar tartibga solish jarayonida ekanini qayd etgan.
Iqtisodchi Otabek Bakirovning ta’kidlashicha, komissiyaning yuqoriligi yagona QR-kodni naqd hisob-kitoblardan ham, terminal orqali hisob-kitoblardan ham ustun qila olmasligi mumkin.
“Juda katta umidlar qilingan yagona QR bunday ajdarho komissiyalar bilan naqd hisob-kitoblardan ham, terminal orqali hisob-kitoblardan ham afzal bo‘la olmasligi ayon bo‘ldi. Balki shuning uchun ham majburiy deb e’lon qilingan. Naqdsiz to‘lovlar ko‘lami kengaytirilishi arafasida va undan keyin iste’molchilar naqdsiz to‘lovlar va tranzaksiyalar uchun komissiyalarning tinimsiz oshib borayotganiga guvoh bo‘lishmoqda”, deya yozdi u.
Iqtisodchining qo‘shimcha qilishicha, Markaziy bank 0,65 foizlik majburiy komissiyani ikki barobargacha arzonlashtirishi ham mumkin edi.
“Tizim orqali to‘lovlar o‘tishining tannarxi qancha o‘zi? Nega regulyator va ma’muriy ta’sir choralari, shuningdek, boshqa ulkan infratuzilmaviy resurslar bo‘la turib, tariflar 2 karra arzonroq taklif etilmadi. Ikkinchi savol esa o‘sha-o‘sha, 0,65 foiz, +1 foiz komissiya bilan UzQR naqd pul orqali savdoni o‘ldira olmaydi (o‘zi maqsad shu emasmidi), sotuvchi ham, iste’molchi ham baribir naqdlikni yoki arzonroq bo‘lgan terminal (0,20 foiz) orqali hisob-kitobni tanlaydi. Va uchinchidan, biznes va iste’molchilarga asosiy xatar ham shu yerda, endi ikki monopolist to‘lov tizimi terminallar orqali ekvayring tariflarini oshirish tafovutini qo‘lga kiritishdi”, deydi Bakirov.
Iqtisodiyot
UzXCMG davlat ulushini sotish bo‘yicha Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlik qilinadi
Tog‘-kon sanoati uchun texnika ishlab chiqarishga ixtisoslashgan UzXCMG qo‘shma korxonasidagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha Xitoyning XCMG Construction Machinery Co., Ltd kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi.
V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida xususiylashtirishga oid ikkita bitim imzolandi, deya xabar berdi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi.
Bitimlardan biri Mobiuz mobil operatorini AQShning McKim and Company kompaniyasiga 351 mln dollarga sotishga oid. Ikkinchisi esa – UzXCMGʼdagi davlat ulushini xususiylashtirish bo‘yicha Xitoyning XCMG Construction Machinery Co., Ltd kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi.
Rasmiy xabarga ko‘ra, memorandum Davlat aktivlarini boshqarish agentligi hamda XCMG Construction Machinery Co., Ltd o‘rtasida “UzXCMG” MChJ ustav kapitalidagi davlat ulushini xususiylashtirish jarayonini samarali amalga oshirish maqsadida imzolangan.
Hujjatda tomonlar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish va sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish orqali xususiylashtirish jarayonining samaradorligi hamda shaffofligini ta’minlash nazarda tutilgan.
Kun.uz’ning aniqlik kiritish haqidagi so‘roviga javoban Davlat aktivlarini boshqarish agentligi mazkur hujjat UzXCMG’ni sotish bo‘yicha bitim emasligini bildirdi. Agentlikka ko‘ra, korxonaning 50,9 foiz ulushi allaqachon Xitoyning XCMG HK International Corporation Development Company Limited kompaniyasiga tegishli bo‘lib, imzolangan hujjat davlat ulushini xususiylashtirish jarayoni bo‘yicha hamkorlik memorandumi hisoblanadi.
«Bu oldi-sotdi shartnomasi emas. Shuning uchun mazkur bosqichda bitim qiymati haqida gap bo‘lishi mumkin emas. Memorandum xususiylashtirish jarayonida hamkorlik qilishni nazarda tutadi. Agar kompaniyaning o‘zida qiziqish bo‘lsa, davlat ulushini sotib olishi mumkin. Shuningdek, u boshqa strategik investorlarni jalb qilishda ham ko‘maklashishi mumkin», – deya izoh berdi agentlik.
UzXCMG haqida
UzXCMG qo‘shma korxonasi 2014 yilda Xorazmda tashkil etilgan bo‘lib, tog‘-kon sanoati va yerosti konlari uchun texnika ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Korxonaning ustav fondi 81 mlrd so‘mni tashkil etadi.
Korporativ reyestrga ko‘ra, kompaniya ulushlarining 50,9 foizi XCMG HK International Corporation Development Company Limited’ga, 49,1 foizi esa Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga tegishli.
Eslatib o‘tamiz, prezidentning 2023 yildagi 102-son qarori bilan UzXCMG MChJdagi davlat ulushini xususiylashtirish rejalashtirilgan edi. Mazkur hujjatda «O‘zbekiston temiryo‘llari» AJ tizimidagi 33 ta korxonani xususiylashtirish nazarda tutilgan bo‘lib, ular qatorida UzXCMGʼdagi 49 foizlik davlat ulushini ommaviy savdolarga chiqarish rejasi ham ko‘rsatilgan.
Iqtisodiyot
Octobank xalqaro hamkorlikni va global kapital bozorlariga kirishni kengaytirmoqda: TXIF-2026 natijalari
Bank AQSh, BAA, Turkiya, Yevropa va MDH mamlakatlaridan tashrif buyurgan hamkorlar bilan korrespondentlik tarmog‘ini rivojlantirish, investitsiyalar va savdoni moliyalashtirishni jalb etish masalalarini muhokama qildi.
16-18 iyun kunlari bo‘lib o‘tgan V Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Octobank Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Hamid Jumayev va Boshqaruv raisi o‘rinbosari Sardor Shavqiyev boshchiligidagi delegatsiya AQSh, Yevropa, Yaqin Sharq va MDH mamlakatlaridan kelgan xalqaro moliya institutlari va sarmoyaviy hamkorlar bilan strategik muzokaralar o‘tkazdi.
Bankning asosiy ustuvor yo‘nalishlari korrespondentlik tarmog‘ini kengaytirish, valyuta va g‘aznachilik operatsiyalarini rivojlantirish, shuningdek, tashqi iqtisodiy faoliyat va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro kapitalni jalb qilish bo‘lib qolmoqda.
Hisob-kitob infratuzilmasi va likvidlikni kengaytirish
Uchrashuvlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri transchegaraviy hisob-kitoblarni rivojlantirish va valyuta operatsiyalari samaradorligini oshirish bo‘ldi.
StoneX Group global moliya tarmog‘i bilan o‘tkazilgan muzokaralar korrespondentlik aloqalarini kengaytirish hamda xalqaro likvidlikka kirishni ta’minlaydigan valyuta va g‘aznachilik infratuzilmasini rivojlantirishga qaratildi.
Bundan tashqari, Turkiyaning “Aktif Bank” banki bilan hamkorlikni rivojlantirish davom ettirilib, amaldagi vakillik munosabatlaridan hamkorlikning keyingi bosqichiga – savdo moliyalashtirish vositalari va kastodiya yechimlarini kengaytirishga o‘tmoqda.
MDH va Sharqiy Yevropa bozorlaridagi aloqalarni mustahkamlash
Octobank, shuningdek, MDH hududida savdo infratuzilmasini rivojlantirish orqali mintaqadagi moliya institutlari bilan hamkorlikni kuchaytirmoqda.
Asosiy hamkorlar orasida Priorbank (Belarus) va BAKAI Bank (Qirg‘iziston) bor. Hamkorlar bilan vakillik aloqalarini kengaytirish, valyuta va pul bozorlaridagi operatsiyalarni rivojlantirish, shuningdek, savdoni moliyalashtirish vositalari muhokama qilindi.
Shu bilan birga, bank Armaniston Markaziy depozitariysi (AMX) bilan infratuzilmaviy hamkorlikni rivojlantirishni rejalashtirmoqda, xalqaro bozorlarda qimmatli qog‘ozlar operatsiyalarini amalga oshirish imkoniyati ko‘rib chiqildi.
Investitsiyalarni jalb qilish va kapital bozorlari
Muzokaralarning salmoqli qismi O‘zbekiston iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlash uchun uzoq muddatli kapitalni jalb qilish va investitsiya vositalarini rivojlantirishga bag‘ishlandi.
Nuqi Wealth (BAA) bilan muloqotda tizimli va islomiy moliyaviy yechimlar orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlari muhokama qilindi.
Italiyaning Intesa Sanpaolo kompaniyasi bilan ko‘rib chiqilgan hamkorlik imkoniyati o‘zbek emitentlarining xalqaro qarz kapitali bozorlariga chiqish salohiyatini va DCM vositalarini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi.
Ozarbayjon-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi bilan ikki tomonlama hamkorlik doirasidagi investitsiya tashabbuslariga, jumladan, qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va barqaror investitsiya oqimlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, Octobank islomiy va impact-investitsiyalariga bag‘ishlangan sessiyalarda ishtirok etdi, unda mas’uliyatli kapitalni jalb qilish va uzoq muddatli moliyalashtirishni rivojlantirishning zamonaviy yondashuvlari muhokama qilindi.
«Forum doirasida o‘tkazilgan muzokaralar Octobank’ning xalqaro hisob-kitob infratuzilmasini kengaytirish, savdo va investitsiyaviy moliyalashtirishni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekiston iqtisodiyotiga sarmoya jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Mijozlarimiz uchun bu global moliyaviy vositalardan kengroq foydalanish va xalqaro operatsiyalar samaradorligini oshirish demakdir», – deb ta’kidladi Octobank matbuot xizmati.
102 mamlakatdan 9 mingdan ortiq ishtirokchini birlashtirgan TXIF-2026 O‘zbekistonning mintaqadagi eng jadal rivojlanayotgan investitsiya markazlaridan biri sifatidagi maqomini tasdiqladi va Octobank’ning xalqaro bank ekotizimining faol ishtirokchisi sifatidagi mavqeini mustahkamladi.
-
Jamiyat5 days agoAbdulla Qodiriy ko‘chasida haydovchilar uchun yangi qayrilish joyi tashkil etildi
-
Iqtisodiyot5 days agoUch karra yer solig‘ining bekor qilinishi: pullar qanday qaytariladi?
-
Dunyodan3 days agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Dunyodan4 days ago
Isroil vaziri Trampga qarshi keskin bayonot berdi
-
Jamiyat4 days agoKoreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik firibgarliklar fosh etildi
-
Sport5 days agoQatarliklar chiday olmadi va raqibni «chopish»ga o‘ynadi
-
Dunyodan5 days ago
AQShda bombardimonchi halokatga uchradi, qurbonlar bor
-
Siyosat4 days agoO‘zbekiston AQSh-Eron bitimiga munosabat bildirdi
