Iqtisodiyot
Inflatsiya pasayishi sekinlashsa, monetar siyosatni yanada qat’iylashtirishga tayyor turish kerak
Xalqaro valuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumatiga bir qator muhim tavsiya va xulosalar berdi. Qayd etilishicha, prognozlar bo‘yicha noaniqliklar hanuz yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Asosiy xatarlar global iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi bilan bog‘liq bo‘lib, geosiyosiy keskinlikning kuchayishi tashqi talabning qisqarishiga, eksport narxlarining pasayishiga va xalqaro moliya bozorlaridagi sharoitlarning qattiqlashishiga olib kelishi mumkin.
Xalqaro valuta jamg‘armasi (XVJ) O‘zbekistonni ichki talabning yuqoriligicha saqlanib qolayotgani, ijobiy ishlab chiqarish tafovuti, shuningdek Yaqin Sharqdagi urush bilan bog‘liq ehtimoliy inflyatsion bosimni hisobga olgan holda, pul-kredit siyosatining yetarlicha qat’iy yo‘nalishini saqlab qolishga chaqirdi. Bu haqda XVJ va O‘zbekiston o‘rtasidagi 2026 yilgi maslahatlashuvlar yakunlangani yuzasidan tashkilot e’lon qilgan bayonotda keltirib o‘tilgan.
2025 yilda konsolidatsiyalashgan budjet taqchilligi iqtisodiy faollikning yuqori bo‘lishi hamda oltin narxlarining qimmatligi hisobiga 2,1 foizgacha qisqardi. Oltin narxlarining yuqori bo‘lishi, pul o‘tkazmalari o‘sishining saqlanib qolishi va oltinsiz eksportning oshishi joriy operatsiyalar hisobi taqchilligini ham YaIMga nisbatan 3,9 foizgacha kamaytirishga yordam bergan. Shuningdek, xalqaro zaxiralar ham yetarli darajada saqlanib qolyapti.
«Asosiy iqtisodiy prognoz ijobiyligicha qolmoqda. Hozircha Yaqin Sharqdagi urush bilan bog‘liq ikkilamchi ta’sirlar cheklangan darajada kuzatilmoqda. XVJ prognoziga ko‘ra, real YaIM 2026 yilda taxminan 6,8 foizga, 2027 yilda esa 6 foizga o‘sadi. Bunga xususiy iste’molning yuqori darajada qolishi, investitsiyalar hajmining ko‘payishi va tarkibiy islohotlarning izchil davom etishi yordam beradi. Prognozlarga ko‘ra, oltin narxlarining yuqori bo‘lishi hisobiga 2026 yilda joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi YaIMga nisbatan 3,2 foizgacha qisqaradi. Xalqaro zaxiralar ham qulay darajada saqlanib qoladi va 2026 yil oxiriga kelib 12 oylik import hajmini qoplash imkonini beradi.
Prognozlar bo‘yicha noaniqliklar hanuz yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Asosiy xatarlar global iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvi bilan bog‘liq bo‘lib, geosiyosiy keskinlikning kuchayishi tashqi talabning qisqarishiga, eksport narxlarining pasayishiga va xalqaro moliya bozorlaridagi sharoitlarning qattiqlashishiga olib kelishi mumkin. Ichki xatarlar qatoriga budjet xarajatlarining iqtisodiy siklga mos ravishda ortib ketishi, maqsadli va imtiyozli kreditlash amaliyotining davom etishi hamda tarkibiy muammolarni bartaraf etishdagi kechikishlar kiradi. Bundan tashqari, tarkibiy islohotlar kutilganidan tezroq amalga oshirilsa, iqtisodiy o‘sish prognoz qilingan darajadan ham yuqori bo‘lishi mumkin», deyiladi XVJ hisobotida.
Xalqaro ekspertlarning ta’kidlashicha, mavjud sharoitlarda ehtiyotkor iqtisodiy siyosat yuritish, shu bilan birga, barqaror va inklyuziv iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun taklif tomonidagi islohotlarni davom ettirish muhim.
Fiskal siyosat
Fiskal siyosatda asosiy e’tibor iqtisodiyotning qizib ketishi xavfini kamaytirish va moliyaviy zaxiralarni tiklashga qaratilishi lozim. 2026 yilda, ayniqsa, budjet daromadlari rejalashtirilganidan yuqori bo‘lishi ehtimoli mavjud ekanini hisobga olib, talab bosimini kuchaytirishga yo‘l qo‘ymaslik zarur. Yil davomida xarajatlarni oshirishni cheklash inflatsiyani pasaytirishga va iqtisodiy siyosatga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
«Kelgusida foydali qazilmalar sektoridan olinadigan daromadlar tebranishining budjet xarajatlariga ta’sirini samaraliroq cheklaydigan fiskal tizimni takomillashtirish makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlashga yordam beradi. Qo‘shimcha operatsion mo‘ljalni joriy etish (masalan, foydali qazilmalardan olinadigan daromadlarni hisobga olmagan holdagi birlamchi budjet taqchilligining maksimal chegarasini belgilash) iqtisodiy siklga bog‘liq xarajatlarning ortib ketishini kamaytirib, zarur hollarda moslashuvchan choralar ko‘rish imkonini saqlab qoladi», deyiladi bayonotda.
Shuningdek, ayrim aksiz soliqlarini oshirish, imtiyozlar va soliq ta’tillarini qisqartirish, shuningdek, soliq va bojxona ma’murchiligini kuchaytirish so‘nggi yillarda kuzatilayotgan soliq tushumlarining YaIMga nisbatan ulushi pasayishini to‘xtatishga yordam beradi.
Pul-kredit siyosati
Pul-kredit siyosati Markaziy bankning inflatsiya bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichiga erishishga qat’iy yo‘naltirilgan bo‘lishi kerak. Ichki talabning yuqori darajada saqlanib qolayotgani, iqtisodiyotda ijobiy ishlab chiqarish tafovuti mavjud bo‘lishi ehtimoli hamda Yaqin Sharqdagi urush bilan bog‘liq inflyatsion bosimlar xavfini hisobga olib, yetarlicha qat’iy pul-kredit siyosatini saqlab turish maqsadga muvofiqdir. Shu bilan birga, inflatsiyaning pasayish sur’atlari sekinlashgan taqdirda siyosatni yanada qat’iylashtirishga tayyor turish zarur.
Valuta kursi moslashuvchanligining erishilgan darajasini saqlab qolish iqtisodiy zarbalarni yumshatish, xalqaro zaxiralarni himoya qilish va inflatsiyani targetlash tizimining samarali ishlashi uchun muhim ahamiyatga ega. Valuta bozorlarini rivojlantirish, likvidlikni boshqarishni kuchaytirish va maqsadli hamda imtiyozli kreditlashdan bosqichma-bosqich voz kechish pul-kredit siyosatining iqtisodiyotga ta’sir mexanizmini yanada kuchaytiradi.
«Davlat banklarini restrukturizatsiya qilish va xususiylashtirishni jadallashtirish, aktivlar sifatini yaxshilash hamda Markaziy bank mustaqilligini ta’minlash resurslarni samaraliroq taqsimlash va fiskal xatarlarni kamaytirish uchun muhim ahamiyatga ega. Moliyaviy inklyuziya bo‘yicha tashabbuslar maqsadli va imtiyozli kreditlashga yoki ma’muriy tartibga solish choralariga emas, balki raqobat, shaffoflik va xatarlarni to‘g‘ri boshqarish tamoyillariga asoslanishi kerak. Aks holda, bunday choralar moliya institutlari balanslarini zaiflashtirishi mumkin», deyiladi XVJ bayonotida.
Davlatning iqtisodiyotdagi rolini qisqartirish va bozor institutlarini mustahkamlash mehnat unumdorligi hamda xususiy sektorning o‘sish salohiyatini oshirishning asosiy omillari bo‘lib qolyapti. Davlat korxonalarini isloh qilishni davom ettirish — imkon qadar ularni xususiylashtirish va davlat mulki saqlanib qolgan hollarda korporativ boshqaruvni kuchaytirish — barcha bozor ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratishga va xususiy investitsiyalarni jalb etishga yordam beradi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
