Iqtisodiyot
Joriy yilda muhim minerallar bo‘yicha 12 ta loyiha ishga tushadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev sanoat uchun muhim minerallar xomashyo bazasini rivojlantirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Dunyoda texnologik metallar va muhim minerallarga talab keskin ortib bormoqda. Elektrotexnika, mashinasozlik, aviatsiya, energetika, tibbiyot va boshqa yuqori texnologiyali tarmoqlar uchun zarur bo‘lgan bunday xomashyo va mahsulotlar iqtisodiy xavfsizlik hamda sanoat raqobatbardoshligining muhim omiliga aylanmoqda.
Mamlakatimizda bu yo‘nalishda katta salohiyat bor. Lekin hozirgi vaqtda O‘zbekiston texnologik metallar kombinatining asosiy faoliyati asosan volfram va molibden ishlab chiqarish bilan cheklanib qolmoqda. Vaholanki, yangi konlarni o‘zlashtirish, boyitish fabrikalari, gidro va pirometallurgiya zavodlarini qurish orqali 28 turdagi muhim minerallarni sanoat darajasida ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.
Taqdimotda ushbu salohiyatni to‘liq ishga solish bo‘yicha 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan rejalar ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, umumiy qiymati 4,2 milliard dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Bu orqali tarmoq hajmini 2028 yilgacha 1 milliard dollarga, 2030-yilgacha 2 milliard dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etildi.
Joriy yilning o‘zida 166 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Natijada yuqori soflikdagi selen, tellur va reniy kabi 3 turdagi yangi metall, kukun metallurgiyasi asosida avtodetallar singari 21 turdagi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hamda sulfat kislotasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Shuningdek, yangi quvvatlar hisobidan yuzlab ish o‘rinlari yaratiladi, budjet tushumlari va eksport imkoniyatlari ortadi.
Volfram va molibden bo‘yicha “xomashyo – qayta ishlash – tayyor mahsulot” zanjirini tashkil etishga alohida e’tibor qaratildi. Bu orqali faqat konsentrat yoki yarim tayyor mahsulot emas, balki yuqori qo‘shilgan qiymatga ega metall kukunlari, qotishmalar, sterjenlar, simlar, sanoat uchun detallar va boshqa tayyor mahsulotlarni ishlab chiqarish maqsad qilingan.
Buning uchun Chirchiq shahrida “Kelajak metallari” texnoparki va R&D markazining faoliyatini keng yo‘lga qo‘yish belgilangan. U yerda ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish, startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, yuqori soflikdagi metallar va innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish uchun zarur sharoit yaratiladi.
Prezident texnopark va uning rezidentlariga yer uchastkalari hamda infratuzilmadan foydalanish bo‘yicha qo‘shimcha imtiyozlar berish, startap loyihalarni moliyalashtirish dasturini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
Markaziy Osiyoda muhim minerallar bo‘yicha yagona ilmiy-tadqiqot va texnologik markazni shakllantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Chirchiq shahrida tashkil etilayotgan nanotahlil laboratoriyasi geologiya, konchilik va metallurgiya loyihalari uchun zamonaviy tahlil xizmatlarini ko‘rsatadi. Laboratoriya to‘liq ishga tushgach, bir kunda 1 mingtagacha namuna tahlil qilinib, 6,5 million dollarlik import xizmatlari mahalliylashtiriladi, yana 4 million dollarlik xizmatlar eksporti yo‘lga qo‘yiladi.
Sohadagi loyihalarni tezlashtirish uchun geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, istiqbolli maydonlar va konlarni xalqaro standartlar asosida baholash, texnogen chiqindilarni qayta ishlash, xorijiy investorlar va texnologik hamkorlarni faol jalb qilish muhimligi qayd etildi.
Shu bilan birga, tarmoqda raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish zarurligi ta’kidlandi. Geologik ma’lumotlarni yagona raqamli bazaga jamlash, qidiruv ishlarini 3D modellashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarini real vaqt rejimida nazorat qilish, bozor tahlili va loyihalar boshqaruvini zamonaviy platformalar orqali tashkil etish vazifalari belgilandi.
Soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash masalasiga ham e’tibor qaratildi. Toshkent davlat texnika universiteti bilan dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilib, Texnologik metallar kombinatida metallurgiya va materialshunoslik bo‘yicha 2 ta kafedra ochilgan. Ayni vaqtda universitetning 64 nafar talabasi ishlab chiqarish amaliyotini korxonada o‘tamoqda. Mutasaddilarga dual ta’lim qamrovini kengaytirish, o‘quv dasturlarini yangi loyihalar ehtiyojiga moslashtirish va bitiruvchilarni yuqori texnologik ishlab chiqarishlarga yo‘naltirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Davlatimiz rahbari muhim minerallar sohasi yangi sanoat tarmoqlarini shakllantirish, eksportni ko‘paytirish, texnologik mustaqillikni ta’minlash va yuqori malakali ish o‘rinlari yaratishda katta ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Mutasaddilarga 2026-2030-yillarga mo‘ljallangan loyihalar ijrosini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
