Connect with us

Jamiyat

Raqobat qo‘mitasi agentlikka so‘rov yubordi

Published

on


Raqobat qo‘mitasi CENTRUM AIR hamda Qanot Sharq xususiy aviakompaniyalar faoliyatida ortiqcha biletlar sotilishi va iste’molchilar huquqlarini ta’minlash holati yuzasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligiga so‘rov yubordi

So‘nggi vaqtlarda Raqobat qo‘mitasiga bevosita kelib tushayotgan murojaatlarda va ijtimoiy tarmoqlar orqali CENTRUM AIR hamda Qanot Sharq xususiy aviakompaniyalar faoliyati yuzasidan ko‘plab e’tirozlar bildirilmoqda.

Raqobat qo‘mitasiga avia qatnovlar bo‘yicha iste’molchilardan tushgan murojaatlarning tahlili 2025-yilda 127 tani, 2026-yilning o‘tgan 4 oyida esa 145 ta (114 foiz) ni tashkil etib, ularning soni ortib borayotgani kuzatilmoqda. 

Qo‘mita tomonidan murojaatlar asosida olib borilgan o‘rganishlarda ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinish (110 ta), belgilangan vaqt oralig‘iga rioya etmaslik (90 ta) va sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi (72 ta) holatlari aniqlangan. 

Ushbu murojaatlarda asosan quyidagi e’tirozlar bildirilmoqda:

– xizmat ko‘rsatuvchi iste’molchiga o‘zi ko‘rsatayotgan xizmatlari haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etilmasligi;

– rasmiylashtirilgan chipta va oldindan band qilingan joyga ega bo‘lgan yo‘lovchiga tashuvchi tomonidan havo kemasidan joy berishni rad etilishi;

– parvozlarni bir necha soatlab kechikishi yo‘lovchilarni aeroportlarda qolib ketishi, vaqti, mablag‘i hamda rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani;

– aviakompaniya tomonidan yetkazilgan zarar belgilangan tartib va miqdorda kompensasiya yoki bepul qo‘shimcha xizmatlar bilan qoplanmayotganligi.

O‘rganishlarda mazkur aviakompaniyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonun, shuningdek,«Havo transportida yo‘lovchi va bagaj tashish» qoidalari, «Havo kodeksi» va «Fuqarolik kodeksi» to‘g‘risidagi qator qoidalarga yetarlicha rioya qilinmayotganligi  ma’lum bo‘ldi.

Xususan, yo‘lovchiga yetkazilgan zarar uchun tashuvchi tomonidan:

– parvozgacha kutish davrida yoki transportning boshqa turi orqali tashishgacha bo‘lgan vaqtda oziq-ovqat va ichimlik suvi bilan ta’minlash;

– tashuvchi qoidalarida belgilangan muddat kutish vaqtidan ko‘ra ko‘proq bo‘lsa mehmonxona bilan ta’minlash hamda kutish vaqtida transport orqali aeroportdan vaqtinchalik yashash joyigacha eltib qo‘yish va qaytishni ta’minlash; 

-yo‘lovchilar soni belgilangan miqdordan oshgan taqdirda qolgan yo‘lovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazmasligi mumkinligi, kompensatsiya berish hamda keyingi qatnovga joyni band qilishi va tashuv chipta rasmiylashtirish jarayonida bu haqda yo‘lovchilarni ogohlantirishi lozim;

-chiptada nazarda tutilgan tutash reyslarga kechikish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash kabi xizmatlar yetarli darajada bajarilmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi tomonidan iste’molchilar nomuayyan doirasining qonun bilan himoyalangan huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida CENTRUM AIR va Qanot Sharq xususiy aviakompaniyalarning yo‘lovchi tashishda parvozlarning kechikishi, samolyotlarning texnik nosozligi va ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifatsizligi yuzasidan to‘plangan ma’lumotlarni ko‘rib chiqish va zaruriy choralarni belgilash yuzasidan, Fuqaro aviasiyasi agentligiga so‘rov yuborildi.

Shuningdek, Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘z vakolatlari doirasida respublikamizda faoliyat yuritayotgan barcha aviakompaniyalar kesimida 2025-2026-yillar davomida reyslarni belgilangan vaqtdan kechikish holatlari, kechikkanligi sabablari hamda iste’molchilarga amalga oshirilgan kompensatsiya yuzasidan tahliliy o‘rganishlar olib borilmoqda. 

Ish yakunlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etiladi. 

 



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Prezident kuz-qish oldidan energetika muammolarini hal etishni topshirdi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyevga yoqilg‘i-energetika sohasidagi murojaatlar tahlili taqdim etildi. Davlat rahbari kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida elektr va gaz ta’minotidagi tizimli muammolarni bartaraf etish, tarmoqlarni ta’mirlash hamda aholini uzluksiz energiya bilan ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyevga 17 iyul kuni yoqilg‘i-energetika sohasida fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda ularda ko‘tarilgan muammolarni kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida bartaraf etish yuzasidan axborot berildi.

Qayd qilinishicha, 2026 yilning birinchi yarmida yoqilg‘i-energetika sohasiga oid 40 mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ularning 50 foizi tabiiy va suyultirilgan gaz, 38,3 foizi elektr ta’minoti bilan bog‘liq.

Murojaatlarda asosan suyultirilgan gaz ballonini to‘ldirish, elektr ta’minotidagi uzilishlar, elektr tarmoqlarini qurish va ta’mirlash hamda tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq masalalar ko‘tarilgan.

Kuz-qish mavsumidan oldin takror murojaatlar kelib tushayotgan mahalla va obektlarni xatlovdan o‘tkazish, elektr va gaz tarmoqlarining texnik holatini o‘rganish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha hududlar kesimida manzilli rejalar ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

Ayniqsa, elektr ta’minotida uzilishlar ko‘p kuzatilayotgan hududlarda tarmoq va transformatorlarni ta’mirlash, avariya brigadalarining shayligini oshirish, tabiiy gaz bosimi bilan bog‘liq muammolar mavjud joylarda ta’minot barqarorligini ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Shuningdek, suyultirilgan gaz ballonlarini to‘ldirish va aholiga yetkazib berish grafiklariga qat’iy rioya qilish, ehtiyoj yuqori bo‘lgan hududlarda qo‘shimcha zaxira va imkoniyatlarni safarbar etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davlat rahbari mutasaddilarga murojaatlarda ko‘tarilgan tizimli muammolarni kuz-qish mavsumi boshlanguniga qadar hal etish bo‘yicha topshiriq berdi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

MyGov saytini soxtalashtirib, odamlardan 1 mlrd so‘m o‘g‘irlagan jinoiy guruh ushlandi

Published

on


Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali saytini (my.gov.uz) soxtalashtirib, fuqarolarning pulini o‘zlashtirgan jinoiy guruh a’zolari qo‘lga olindi.

Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabariga ko‘ra, ular soxta sayt yaratib, Instagram orqali «kompensatsiya rasmiylashtirish markazi» nomi ostida yolg‘on reklama tarqatgan.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruhni 1993 yilda Xorazm viloyatida tug‘ilgan shaxs tashkil etgan. U soxta sayt orqali fuqarolarning karta ma’lumotlarini qo‘lga kiritib, pullarni yechib olgan. Guruh 26 nafar fuqaro nomiga rasmiylashtirilgan 293 ta bank kartasidan foydalangan. O‘g‘irlangan mablag‘lar dastlab ushbu kartalarga o‘tkazilgan, keyin esa Telegram messenjeridagi maxsus kriptobotlar orqali kriptoaktivlarga aylantirilgan.

Tergov davomida mazkur jinoiy guruh respublika bo‘ylab 456 nafar fuqarodan 1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘zlashtirgani aniqlangan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 278-6-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Prezident O‘zbekiston madaniyatini jahonda targ‘ib qilish rejalari bilan tanishdi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniyat va san’atni rivojlantirish hamda milliy merosni xalqaro miqyosda targ‘ib qilishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning noyob arxeologik va amaliy san’at namunalari jahonning yetakchi muzeylarida namoyish etiladi, «Tamerlano» operasi 2027 yilda Nyu-Yorkdagi Karnegi-xoll sahnasida qo‘yiladi, shuningdek, mamlakatda yirik xalqaro madaniy tadbirlarni tashkil etishning yangi tizimi joriy etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 iyul kuni madaniyat va san’atni rivojlantirish, milliy merosimizni asrab-avaylash hamda xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilishga qaratilgan loyiha va tadbirlar taqdimoti bilan tanishdi.

Dastlab nufuzli xorijiy muzey va ko‘rgazma maydonlarida O‘zbekistonning arxeologik va ilmiy merosi, shuningdek, amaliy san’at asarlarini namoyish etish bo‘yicha rejalar ko‘rib chiqildi.

Jumladan, 2026 yil sentabr oyida Dohadagi Islom san’ati muzeyida “Uzbekistan: Heritage in Motion” ko‘rgazmasini, noyabr oyida esa Milandagi Prada fondida O‘zbekistonning noyob eksponatlari ishtirokida “Global Antiquity” xalqaro arxeologiya ko‘rgazmasini tashkil etish rejalashtirilgan. 2027 yilda Venetsiyadagi Palatsso Grimani va Yaponiyaning Nara milliy muzeyida O‘zbekistonning bronza davridan ilk o‘rta asrlargacha bo‘lgan tarixini aks ettiruvchi 200 dan ziyod arxeologik topilmalar namoyish etiladi. Milandagi Palatsso Realeda oltin kashtachilik, so‘zana, ikat, zargarlik buyumlari va amaliy san’at asarlaridan iborat 150 dan ortiq eksponat taqdim etiladi.

Florensiyada Abu Ali ibn Sinoning hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan ko‘rgazma o‘tkazish, shuningdek, Yaponiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Saudiya Arabistoni va boshqa davlatlardagi yetakchi madaniy muassasalar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish rejalari bayon qilindi.

Madaniy meros obektlarini restavratsiya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Knyaz Nikolay Romanov saroyida O‘zbekiston davlat san’at muzeyi filialini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Bunda majmuaning tarixiy qiyofasi saqlab qolinib, 300 ga yaqin eksponatdan iborat doimiy ekspozitsiya shakllantiriladi.

Muxtor Ashrafiy uy-muzeyida binoning fasadi va tarixiy intererlari restavratsiya qilinib, ekspozitsiya yangilanmoqda. Muzey zamonaviy muhandislik tizimlari, xavfsizlik va iqlim nazorati vositalari, multimedia uskunalari, shuningdek, ovoz yozish studiyasi bilan jihozlanadi.

Taqdimotda “Tamerlano” operasini jahonning nufuzli sahnalarida namoyish etish natijalari va kelgusi rejalar ko‘rib chiqildi.

Joriy yilda ushbu asar Dubay operasi, Venadagi “Muzikferayn”, Sankt-Peterburgdagi Mariinskiy teatri hamda Versal saroyi Qirollik operasi sahnalarida namoyish etildi. Stefano Poda sahnalashtirgan operada Georg Fridrix Gendel musiqasi Kirill Rixter talqinida, o‘zbek milliy cholg‘u asboblaridan foydalanilgan holda ijro etildi. Loyihada O‘zbekiston Milliy simfonik orkestri, xor, xalq cholg‘ulari orkestri va taniqli solistlar ishtirok etdi.

2027 yil mart oyida “Tamerlano” operasini Nyu-Yorkdagi mashhur “Karnegi-xoll” konsert zali sahnasida namoyish etish rejalashtirilgan. Bu o‘zbek opera san’ati va milliy ijrochilik maktabining yuksak salohiyatini xorijiy auditoriyaga keng namoyish etish imkonini beradi.

Yirik konsertlar, festivallar, tanlov va ko‘rgazmalarni tashkil etishning yagona tizimini shakllantirish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Madaniyat vazirligi huzuridagi “Xalqaro festivallar direksiyasi” davlat muassasasi negizida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi huzurida Madaniy loyihalar milliy operatorini tashkil etish taklif qilindi.

Milliy operator yirik xalqaro tadbirlarni tashkil etish va ularni xorijda targ‘ib qilish, taniqli ijrochilar ishtirokidagi konsertlarga buyurtmachi sifatida ish olib borish, shuningdek, “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalini tayyorlash uchun mas’ul bo‘ladi.

Joriy yil 8 iyun kuni Samarqanddagi Registon maydonida mashhur xonanda Jon Lejyendning konserti o‘tkazildi. Avgust oyida Pekindagi Buyuk Xitoy devorida, sentabr oyida esa Registon maydonida taniqli pianinochi Lang Langning konsertini o‘tkazish rejalashtirilgan. Oktabr oyida Toshkentdagi “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida bastakor Maks Rixterning konserti bo‘lib o‘tadi.

Joriy yilda Venetsiya va Milan shaharlarida o‘tkazilayotgan yirik xalqaro madaniy tadbirlarda O‘zbekistonning ishtiroki natijalari ham taqdim etildi.

Venetsiyadagi 61-xalqaro san’at biyennalesida O‘zbekiston “The Aural Sea” loyihasi bilan milliy pavilonda ishtirok etmoqda. Loyiha Orol dengizi va Qoraqalpog‘iston mavzusini xotira, afsona va hikoyalar orqali ochib beradi. Pavilonga hozirga qadar 60 mingdan ziyod kishi tashrif buyurgan. Loyihaga bag‘ishlangan materiallarning umumiy media qamrovi 145 milliondan oshgan.

Biyennale doirasida Palatsso Kavalli-Frankettida o‘zbekistonlik rassom Vyacheslav Axunovning “Instrumens of the Mind” shaxsiy ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Unda rassomning 1970 yillardan bugungi kunga qadar yaratilgan 200 dan ortiq asari namoyish etilmoqda. Ko‘rgazmaga 30 dan ziyod mamlakatdan 12 mingdan ortiq kishi tashrif buyurgan.

“Milan Design Week 2026” doirasida tashkil etilgan “O‘rik gullaganda” milliy pavilonida 12 nafar xalqaro dizayner hamda O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istondan 12 nafar hunarmandning hamkorlikdagi ishlari namoyish qilindi. O‘zbekiston paviloni “Fuorisalone Award 2026” mukofoti hakamlar hay’atining maxsus e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Uni 18 mingdan ziyod kishi ko‘rdi, loyihaning xalqaro axborot qamrovi 171 millionga yetdi.

Shuningdek, Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasining 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan tadbir va loyihalari muhokama qilindi.

11-13 sentabr kunlari Nukus shahrida Orol madaniyati sammiti o‘tkaziladi. Madaniyat, ilm-fan, me’morlik, dizayn va ekologiya sohalari vakillari Orolbo‘yini barqaror rivojlantirish masalalarini muhokama qiladi. 2027 yil yanvar oyida “Aral School” xalqaro dasturining Orol dengizi havzasi iqlimi va landshaftiga bag‘ishlangan yangi mavsumi boshlanadi.

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri repertuarini yangilash doirasida Jakomo Puchchinining “Turandot” operasi va Pyotr Chaykovskiyning “Shelkunchik” baletini yangicha talqinda sahnalashtirish rejalari ko‘rib chiqildi. Loyihalarni amalga oshirishga yetakchi mahalliy va xorijiy rejissyorlar, dirijyorlar, xoreograflar va sahnalashtirish bo‘yicha mutaxassislarni jalb etish rejalashtirilgan.

2027 yilgi Buxoro biyennalesi doirasida madaniy meros obektlarini restavratsiya qilish, tarixiy hududlar va jamoat makonlarini obodonlashtirish, shuningdek, ko‘rgazma maydonlarini tayyorlash rejalashtirilgan. Biyennalega 50 dan ziyod xorijiy rassom va dizayner hamda mamlakatimiz kreativ industriyalarining 300 dan ortiq vakili jalb etiladi.

Bundan tashqari, “Milan Design Week” va “Art Basel” tadbirlarida ishtirok etish, “Art for Tomorrow” xalqaro anjumanini o‘tkazish, Qatar muzeylari bilan hunarmandchilik va dizayn sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, Buxoroda badiiy rezidensiya va xalqaro zargarlik maktabini tashkil etish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbari loyihalarni puxta tayyorlash, restavratsiya ishlari sifatini qat’iy nazorat qilish, milliy mazmunni zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirish hamda xalqaro madaniy hamkorlikning amaliy natijadorligini oshirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

16 ming dollarga Isroilga ishga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi

Published

on


Samarqand viloyatining Urgut tumanida Isroilga ishga jo‘natishni va’da qilib, buning evaziga 16 ming AQSh dollari talab qilgan shaxs tezkor tadbir davomida qo‘lga olindi. U kelishilgan pulning bir qismini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Foto: Prokuratura departamenti

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Urgut tumani bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xorijga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatiga chek qo‘yildi.

Ma’lum qilinishicha, fuqaro R.B. fuqaro R.M.ni Isroilga ishlash uchun yuborishini aytib, bu xizmat evaziga 16 ming AQSh dollari talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi kelishilgan mablag‘ning 2 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25 va 168-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda ushbu ish bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Sobiq mahalla raisi fuqarolar nomidan 187 mln so‘mni o‘zlashtirgani aniqlandi

Published

on


Qashqadaryo viloyatining Qarshi tumanida sobiq mahalla raisi va uning o‘g‘li olti nafar fuqaroning shaxsiy ma’lumotlaridan qonuniy asoslarsiz foydalanib, ular nomidan rasmiylashtirilgan 187,4 mln so‘mni o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborganlikda gumon qilinmoqda. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Qarshi tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qarshi tumanidagi «Yangi Xonobod» mahalla fuqarolar yig‘inining sobiq raisi K.R. va uning o‘g‘li I.N.ning qonunga zid harakatlari aniqlangan.

Tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, ular mahallaga turli masalalar bilan murojaat qilgan olti nafar fuqaroning pasport ma’lumotlaridan foydalangan. Shuningdek, ularning imzolarini soxtalashtirib, onlayn savdo platformasi orqali turli maishiy texnika vositalarini rasmiylashtirgan.

Tergov talqiniga ko‘ra, xarid qilingan maishiy texnikalar keyinchalik naqd pulga sotilgan va olingan 187,4 mln so‘m o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborilgan.

Mazkur holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda ushbu ish bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.