Mahalliy
Buxoroni yondirgan «Media haftalik» endi Farg‘onani portlatadi!
Sharq gavhari Buxoroda haqiqiy media-inqilob yuz berdi! Uchinchi kunning o‘zidayoq ishtirokchilar shunchaki bilim olishmadi, balki zamonaviy medianing haqiqiy drayverlariga aylanishdi.
Oddiy voqeadan ham trend darajasidagi kontent yaratish, kutilmagan rakurslar va yangi qahramonlar kashf etildi!
Jurnalistika, SMM, mobilografiya, mediaxavfsizlik va eng asosiysi, sun’iy intellekt (AI) bo‘yicha eng sara mahorat darslari yakunlandi.
Qatnashchilar media maydonida o‘z ovozi va shaxsiy brendiga ega bo‘lgan chinakam ijodkor sifatida shakllanishdi!
Buxoro marafonni yuqori notada yakunladi, lekin to‘xtash yo‘q! Energiya va shiddat endi vodiyga ko‘chmoqda!
18–22-may kunlari Farg‘ona viloyati raqamli kontent va media olamining markaziga aylanadi! Agar siz trendda bo‘lishni va sohani ichidan portlatishni xohlasangiz, bu imkoniyatni o‘tkazib yubormasligingiz kerak.
Matbuot kotiblari, jurnalistlar, blogerlar, SMM mutaxassislari, mobilograflar va kontent yaratishga qiziquvchi barcha farg‘onalik kreativ yoshlarni navbatdagi «Media haftalik»ka chorlaymiz.
«Farg‘ona ekspo» markazida bo‘lib o‘tuvchi «Media haftalik»da ishtirok etish uchun viloyat hokimligi axborot xizmati, viloyat Yoshlar ishlari boshqarmasi yoki 91-730-45-69 telefoniga zudlik bilan bog‘laning!
Mahalliy
O‘zbekistonda o‘qituvchilarga farzandlarining kontrakt to‘lovlari uchun chegirma berilishi mumkin
O‘zbekistonda pedagoglar farzandlarining kontrakt to‘lovlariga chegirma berish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.
Bu haqda muhokamaga qo‘yilgan «Davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan pedagoglar farzandlarining to‘lov-kontrakt summasiga chegirma berish tartibini joriy etish to‘g‘risida»gi hujjat loyihasida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab har yili davlat oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga kirgan hamda tahsil olayotgan pedagoglarning farzandlari to‘lov-kontrakt summasi uchun 30 foiz miqdorida chegirma joriy etish taklif etilmoqda.
Chegirma bilan bog‘liq xarajatlar 2026 yilda davlat budjeti hisobidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi. 2027 yildan boshlab esa ushbu xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida nazarda tutilishi rejalashtirilgan.
Mahalliy
Oila: Birgalikdagi yolg‘izlik…
Uy ichi jim-jit. Mehmonxonada ota o‘tiribdi, qo‘lida telefon, barmoqlari tinimsiz ekran yuzida sirg‘aladi, “Shorts” va “Reels”ning cheksiz olami uni rom qilgan. U yerda kimlardir raqsga tushadi, kimdir hazil qiladi, yana kimdir baqiradi. Ota shu yerda, oilada, lekin aslida u yo‘qdek.
Ro‘paradagi divanda onaning nigohi televizorga qadalgan, u ekrandagi ayolning taqdiri uchun kuymoqda. U serialdagi begona ayolning ichidagi g‘am-g‘ussasini o‘z jigarining dardidan ko‘ra yaxshiroq biladi.
Farzandlardan biri o‘z burchagida – virtual o‘yinlar ichiga sho‘ng‘igan, eng kichkina mittivoy esa planshetni bemalol “boshqarib”, multfilmdan multfilmga “sakramoqda”…
Tashqaridan qaraganda ideal oila, lekin mazmunan to‘rtta alohida orolcha. Bu zamonamiz oilalar haqidagi eng mahzun tashxis: birgalikdagi yolg‘izlik.
Gapi tugab qolgan er-xotinlar…
Ayollar guruhlaridagi ba’zan anonim ayollar yozib qoladi: “Turmush o‘rtog‘im bilan faqat ro‘zg‘or va bolalar haqida suhbatlashamiz, xolos, boshqa gapimiz yo‘q”. Ko‘pchilik ayollar izohlarda “bizda ham shu ahvol” deydi, lekin ba’zida “men turmush o‘rtog‘im bilan soatlab gaplashsam ham gapimiz tugamaydi, hamma narsa biz uchun mavzu”, deganlar ham uchrab turadi. Gap bir biri bilan soatlab gaplashsa ham zerikmaydiganlar haqida emas, gap oilada birga yashayotgan yolg‘izlar haqida. Bir yostiqqa bosh qo‘ygan, bir dasturxonda ovqatlanadigan, lekin qalban, ruhan bir-biriga begonalar haqida. Tadqiqotchilar bu holatni shunchaki zamona zayli deb emas, balki ruhiyat uchun xavfli jarayon deb baholashmoqda.
Buyuk Britaniyaning Kent universiteti mutaxassislari “Fabbing” (“Phubbing” — (suhbatdoshni telefonga qarab mensimaslik) va oilaviy baxt o‘rtasidagi bog‘liqlikni o‘rganishdi. Tadqiqotlarga ko‘ra, qaysi oilada fabbing, ya’ni suhbatdoshi qolib telefonga tikilish odati kuchli bo‘lsa, o‘sha yerda depressiya va ichki nizolar darajasi yuqori bo‘ladi. Fabbing bu sherigingizga “sen men uchun ekrandagi mazmunsiz rasmlardan ko‘ra ahamiyatsizsan”, degan og‘riqli signalni yuborishdir. Bu signal yillar davomida to‘planib, oxiri oilaviy yolg‘izlikni keltirib chiqaradi.
Hatto stol ustida shunchaki yotgan smartfon ham odamlar o‘rtasidagi ishonch va mehr darajasini 30 foizgacha pasaytirar ekan. Bu ilm-fanda “raqamli sovuqlik” deb ataladi. Telefonning borligi inson miyasida “hozir meni chalg‘itishadi” degan signalni uyg‘otadi. Natijada, er yoki xotin yonidagi yaqiniga emas, ekrandan keladigan navbatdagi xabarga emotsional shay bo‘lib o‘tiradi.
Insoniyat tarixidagi eng davomli oilalar haqidagi (85 yildan ortiq vaqt mobaynida o‘tkazilgan) Garvard tadqiqoti shuni isbotladiki, insonni baxtli va sog‘lom qiladigan narsa pul, shon-shuhrat yoki ijtimoiy mavqe emas, balki yaqin munosabatlarning sifatidir. Ya’ni oilali bo‘la turib o‘zini yolg‘iz his qilish, chin yolg‘izlikdan ko‘ra ijtimoiy va ruhiy jihatdan xavfliroq ekan. Oiladagi “birgalikdagi yolg‘izlik” yurak-qon tomir kasalliklari va ruhiy toliqishning asosiy sababchilaridan biriga aylanmoqda ekan.
Tadqiqot rahbari Robert Uoldinger shunday deydi: “Yolg‘izlik o‘ldiradi. Ijtimoiy aloqalar biz uchun foydali, yolg‘izlik esa zaharlidir. Bir uyda yashab, doimiy nizoda yoki sovuq munosabatda bo‘lish, ajrashib ketishdan ko‘ra salomatlik uchun zararliroqdir. Yolg‘izlikning eng og‘ir shakli, bu odamlar yo‘qligi emas, balki “sizni eshitishni xohlamaydigan odamlar davrasida qolishdir”.
Yana bir guruh oilaviy psixologlarning ta’kidlashicha, ko‘p oilalarda muloqot faqat funksional darajaga tushib qolgan: “Non oldingizmi?”, “Bugun bolani bog‘chadan kim oladi?”, “Svetga yoki gazga pul to‘lash kerak”, bo‘ldi, er-xotinning gaplashadigan boshqa biror bir mavzusi yo‘q. Ya’ni ko‘pgina oilalarda er-xotin bir-biriga juftlik, inson sifatida emas, funksiya sifatida qarashga o‘tib qolishgan. Masalan, xotin oshpaz, uy tozalovchi, er pul topuvchi, bola baho olib keluvchi, aytilgan topshiriqlarni bajaruvchi. Ularning ichida nima bo‘layotgani, nima qiynayotgani, nimadan qo‘rqayotgani, nimani orzu qilayotgani bilan hech kimning ishi yo‘q.
“Mukammal notanishlar” filmidan kadr
Italiyalik rejissyor Paolo Jenovezening “Mukammal notanishlar” filmida aytilganidek: “Bizning hayotimiz smartfonlarga shunchalik bog‘langanki, ular bizning eng yaqin sirdoshimizga aylanib bo‘lgan, yonimizdagi inson esa shunchaki qo‘shni.
Bu telefonlar hayotimizning qora qutisi bo‘lib qoldi. Agar bir-birimizning telefonlarimizga qaraganimizda edi, qancha juftliklar ajrashib ketgan bo‘lardi?”
Bu oilada bolalar o‘zini qanday his qiladi?
Massachusets Texnologiya instituti professori Sherri Tyorkl o‘zining “Birgalikdagi yolg‘izlik” (Alone Together) kitobida zamonaviy bolalarni “raqamli yetimlar” deb ataydi.
U bunday oilalarni bir joyda to‘plangan, lekin har biri o‘z dunyosiga qamalgan atomlarga o‘xshatadi: “Bu bolalarning ota-onasi bor, lekin ularning nigohi doimo ekranda. Ota-onasi ekranga bog‘lanib qolgan oilalarda o‘sayotgan bolalar “suhbat san’ati”ni yo‘qotishmoqda. Bola uyda gapirishni emas, jim o‘tirishni o‘rganyapti. Chunki u gapirsa, otasi yoki onasi telefonidan bosh ko‘tarmay ha, ha, deb qo‘ya qoladi. Biz oilaviy yolg‘izlikni shunchaki zamon shunaqa, deb oqlaymiz. Lekin bolalikda ota-onasining mehrini emas, balki ularning telefonga tikilgan nigohini ko‘rib o‘sgan bolalarda kelajakda muloqot qilish va his-tuyg‘ularini ifodalashda jiddiy to‘siqlar paydo bo‘ladi. Natijada, bola ham o‘z olamining ichiga kirib ketadi.”
Uning tadqiqotlari shuni ko‘rsatadi: ota-onasi smartfonga bog‘lanib qolgan bolalar o‘zlarini ikkinchi darajali mehmondek his qila boshlaydilar. Bolalar ota-onasining ko‘ziga qarab gapirish uchun ularning telefondan boshini ko‘tarishini soatlab kutishga, ularning diqqatini tortish uchun smartfon bilan raqobatlashishga majbur. Bu raqobatda bola yutqazgan sayin, uning ichida “men qiziq emasman, men kerak emasman”, degan ulkan yolg‘izlik hissi ildiz otadi.
Statistika shuni ko‘rsatadi: zamonaviy oila a’zolari sutka davomida bir-birlari bilan yuzma-yuz, ko‘zga qarab atigi 15-20 daqiqa suhbatlashar ekan. Qolgan vaqt ekranlarga, maishiy yumushlarga yoki sukunatga sarflanadi.
Aytilishicha, inson miyasi ekrandan kelayotgan tezkor dofaminga o‘rganib qolganidan yonidagi yaqinining oddiy, ba’zan esa muammoli gaplari unga zerikarli tuyula boshlaydi.
Ha, oilaviy yolg‘izlik sekin ta’sir qiluvchi zahar. U bir kunda oilani buzmaydi, lekin yillar davomida mehr rishtalarini zaiflashtiradi va oxir-oqibat odamlarni faqat umumiy kredit, ipoteka yoki farzandlar oldidagi majburiyatgina birlashtirib turadi. Qalblar esa allaqachon alohida manzillarda yashaydi. Ikki inson bitta qayiqda bo‘lishi mumkin, lekin har biri boshqa-boshqa yo‘nalishga eshkak eshayotgan bo‘lsa, bu qayiq manzilga yetib bormaydi.
Hammasi shundan boshlanadi: avval gaplar kamayadi, keyin nigohlar to‘qnashishdan qochadi. Va nihoyat, uy ichi jimjit. Lekin bu tinchlik, xotirjamlik, rohat-farog‘at belgisi emas.
Barno Sultonova
Mahalliy
Noyob tarixiy xazinalar O‘zbekistonga qaytdi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida tarix yana bir bor «tilga kirdi». Markazda tashkil etilgan ilmiy kengash yig‘ilishida nafaqat noyob artefaktlar, balki asrlar qa’rida yo‘qolib ketgan madaniy xotiraning o‘zi jamoatchilikka taqdim etildi.
Ilk bor keng ilmiy doiralarga namoyish etilgan ushbu osori atiqalar xalqaro darajadagi murakkab qidiruv va hamkorliklar natijasida O‘zbekistonga qaytarildi. Ularning ortida Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti qoshidagi Heritage Crime Task Force, London politsiyasining san’at va antikvar jinoyatlarga qarshi bo‘limi, Art Loss Register hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va WOSCU ishtirok etgan yirik xalqaro amaliyot — Operation Inherent Vice turadi.
Taqdim etilgan artefaktlar Markaziy Osiyoning ming yillik sivilizatsion qatlamlarini o‘zida mujassam etgan. Kushonlar davriga oid haykal boshlari, buddaviy devoriy suratlar, sug‘diy madaniyati izlari, Fayaztepa va Qoratepadan topilgan noyob osori atiqalar — bularning har biri tarixning tirik guvohidek taassurot qoldirdi.
Ayniqsa, II–VIII asrlarga mansub devoriy suratlar va Gandhara uslubidagi terrakota hamda shtuko haykallar yig‘ilish ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Mutaxassislar fikricha, bu topilmalar nafaqat diniy yoki madaniy meros, balki qadim sivilizatsiyalar o‘rtasidagi badiiy va ma’naviy uyg‘unlikning noyob dalili hisoblanadi.
Tadbirda XV asrga oid temuriylar davri kenotafi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Murakkab naqshlar, nozik bitiklar va she’riy yozuvlar bilan bezatilgan ushbu yodgorlik Markaziy Osiyo memorial san’atining eng noyob namunalaridan biri sifatida baholandi.
Yig‘ilish davomida ushbu artefaktlarni restavratsiya qilish, ilmiy tadqiq etish, xalqaro kataloglarga kiritish va muzey ekspozitsiyalariga tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.
Tadbirda so‘z olgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori, WOSCU raisi Firdavs Abduxoliqov bu jarayonni mamlakat madaniy siyosatidagi muhim burilish sifatida baholadi:
«Bu noyob artefaktlarning yurtimizga qaytarilishi Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida madaniy merosni asrash va uni dunyo miqyosida himoya qilish borasida olib borilayotgan izchil siyosatning amaliy natijasidir».
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘lib o‘tgan ushbu taqdimot nafaqat tarixiy voqea, balki millat xotirasi, madaniy o‘zlik va sivilizatsion merosni qayta tiklash yo‘lidagi muhim qadam sifatida e’tirof etildi.
Mahalliy
diplomsiz professionaldan – davlat kvotasi sohibasiga aylaning!
Yillar davomida ma’lum bir sohada mehnat qilib, uning past-balandini besh qo‘lday bilib olgan, ammo vaqtida oliy ta’lim olishga imkon topolmagan xotin-qizlar uchun 2026-yilda yangi davr boshlanmoqda. Bu shunchaki imtiyoz emas, balki yillar davomida to‘plangan amaliy tajribaning davlat darajasidagi e’tirofidir.
Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi mutaxassisligi bo‘yicha kamida 5 yillik stajga ega bo‘lgan, biroq bakalavr diplomiga ega bo‘lmagan ayollarga oliy ta’lim eshiklarini ochmoqda.
Ushbu tizimning o‘ziga xosligi shundaki, u nazariyadan ko‘ra amaliyotga tayanadi. Odatda abituriyentlar faqat test natijalariga ko‘ra saralansa, ushbu dastur doirasida sizning ko‘p yillik mehnatingiz oliy ta’lim sari «oltin chipta»ga aylanadi.
Hujjat topshirish uchun uchta asosiy mezon mavjud:
O‘rta maxsus yoki kasb-hunar ta’limi diplomi mavjudligi;
Tanlangan soha bo‘yicha kamida 5 yillik tasdiqlangan mehnat staji;
Avval bakalavr darajasini olmaganlik (oliy ma’lumotning yo‘qligi);
500 ta kvota va 3 yillik kafolat.
Mazkur tavsiyanomaga ega bo‘lgan nomzodlar uchun davlat oliy ta’lim muassasalarida alohida 500 ta kvota ajratilgan. Bu umumiy tanlovdan tashqari, faqat tajribali ayollar o‘rtasidagi raqobat deganidir.
Tizimning strategik ustunliklari:
Tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3 yil davomida o‘z kuchini yo‘qotmaydi;
Nomzodlar umumiy tartibda imtihon topshiradilar, biroq ular uchun ajratilgan alohida o‘rinlar talabalikka kirish ehtimolini keskin oshiradi;
Imtiyozdan hayot davomida faqat bir marta foydalanish mumkin, bu esa jarayonning adolatli va shaffof bo‘lishini ta’minlaydi.
Vaqtni boy bermang! Arizalar joriy yilning 1-iyuniga qadar qabul qilinadi. Shuni yodda tutish kerakki, ushbu imtiyoz faqat davlat OTMlari uchun amal qiladi. Xorijiy, nodavlat yoki harbiy ta’lim muassasalariga kirishda mazkur tavsiyanoma o‘tmaydi.
Ortiqcha qog‘ozbozlik va navbat kutishlar davri o‘tdi. Arizani my.gov.uz portali orqali onlayn tarzda, uydan chiqmagan holda yuborish mumkin. Bu zamonaviy professional ayollar uchun vaqtni tejashning eng samarali usulidir.
Sizning yillik tajribangiz — bu sizning sarmoyangiz. Uni akademik daraja bilan mustahkamlash va kasbiy cho‘qqilarni zabt etish vaqti keldi.
Ushbu xabarni sohasida mutaxassis bo‘lgan, ammo oliy ma’lumot olishni rejalashtirib yurgan tanishlaringizga yuboring. Imkoniyat eshik qoqmoqda.
Mahalliy
«Markaziy Osiyoda iqlim xavf-xatarlari, ayniqsa, keskin namoyon bo‘lyapti» — Shavkat Mirziyoyev
Prezident Shavkat Mirziyoyev Istanbulda o‘tkazilayotgan 29-Yevroosiyo iqtisodiy sammiti ishtirokchilariga murojaat yo‘lladi.
Davlat rahbari o‘tgan o‘n yillar davomida Sammit yetakchi siyosatchilar, ishbilarmon doiralar va ekspertlar hamjamiyati vakillarini birlashtirgan muhim muloqot maydoni sifatida o‘zini namoyon etganini aytib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, anjumanning Istanbulda o‘tkazilishi alohida ramziy ma’noga ega. Asrlar davomida bu betakror shahar Yevropa va Osiyo o‘rtasida ko‘prik bo‘lib, mintaqalararo madaniy va savdo-iqtisodiy aloqalar rivojiga beqiyos hissa qo‘shib keladi.
«Bugungi kunda zamonaviy Turkiyada Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning “Turkiya asri” strategik g‘oyasi muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlashni istar edim.
Turkiya global kun tartibidagi dolzarb muammolarni samarali hal etish yo‘lida o‘z sa’y-harakatlarini to‘liq safarbar etib, xalqaro munosabatlarning ishonchli va nufuzli ishtirokchisi sifatida ta’siri ortib bormoqda.
Prezident Erdog‘anning qat’iy intilishlari tufayli bugun O‘zbekiston va Turkiya munosabatlari keng ko‘lamli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning eng ustuvor yo‘nalishlari Yevroosiyo iqtisodiy sammitining asosiy maqsadlari – teng huquqlilik, ishonch va o‘zaro hurmatga asoslangan keng qamrovli sheriklik va barqaror taraqqiyot tamoyillariga to‘la mos keladi», — deyiladi murojaatda.
Bu galgi Sammitning asosiy mavzularidan biri sifatida suv tanqisligi va “yashil” resurslar sharoitida global mas’uliyat masalasi bugungi kunda alohida ahamiyat kasb etmoqda. Dunyo tobora avj olayotgan iqlim xavf-xatarlariga, xususan, cho‘llanish, tuproq yemirilishi, suv tanqisligi va ekologik vaziyat yomonlashuviga duch kelmoqda.
Ta’kidlanishicha, Markaziy Osiyoda ushbu jarayonlar ayniqsa keskin namoyon bo‘lyapti: harorat oshish sur’atlari ko‘rsatkichi jahon miqyosidagi o‘rtacha me’yorlardan yuqori bo‘lib, muzliklar yemirilmoqda, tuproq degradatsiyasi kuchaymoqda.
Bunday sharoitda ekologik barqarorlikni ta’minlash Yangi O‘zbekistonni taraqqiy ettirishning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
“Yashil makon” loyihasi doirasida har yili 200 million tup daraxt ekilmoqda, Orol dengizining qurigan tubida esa ulkan yashil himoya maydonlari yaratilmoqda.
«Biz rivojlanishning yashil modeliga izchillik bilan o‘tmoqdamiz, bu jarayonda zararli chiqindilar hajmini 35 foizga qisqartirib, 2035 yilga qadar ularni 50 foizgacha kamaytirishni maqsad qilib olganmiz.
Shu bilan birga, suv resurslarini samarali boshqarish, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bu esa har yili katta miqdorda suv zaxiralarini tejash imkonini beradi.
O‘zbekiston bundan buyon ham “yashil” kun tartibini faol ilgari surish hamda global ekologik xavflarni samarali hal etish yo‘llarini topishga hissa qo‘shishni faol davom ettiradi.
Shu munosabat bilan sizlarni mamlakatimizdagi xalqaro tadbirlarda, xususan, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Global ekologik jamg‘arma Assambleyasida va Suvni tejash bo‘yicha butunjahon forumida ishtirok etishga taklif etaman.
Ishonchim komil, birgalikda amalga oshiriladigan sa’y-harakatlarimiz xalqaro iqlim hamkorligi kun tartibiga, jumladan, BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha bo‘lajak konferensiyasiga tayyorgarlik jarayoniga amaliy hissa qo‘shadi», — deya ta’kidladi davlat rahbari.
Prezident O‘zbekiston keng ko‘lamli hamkorlik uchun doim ochiq va kelgusida ham barqaror rivojlanishni ta’minlashga ko‘maklashishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev sammit qatnashchilari faoliyatiga omad va katta amaliy natijalar yor bo‘lishini tiladi.
-
Dunyodan5 days ago
Prezident Tramp 13-15 may kunlari Xitoyga tashrif buyuradi.
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston Mo‘g‘ulistondagi konlarni o‘zlashtirishni boshladi
-
Jamiyat5 days ago
Surxondaryo viloyati hokimiga o‘rinbosar tayinlandi
-
Siyosat4 days ago
Trampga 80 kunlik muddat nima berdi? (video)
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston ko‘proq nimalarni import qilmoqda?
-
Siyosat4 days ago
Putin Yevropa bilan muzokaraga kirishish shartini aytdi
-
Siyosat2 days agoPrezident Mirziyoyev Toshkent metropolitenini 2035 yilgacha kengaytirishni maʼqulladi
-
Mahalliy4 days ago
diplomsiz professionaldan – davlat kvotasi sohibasiga aylaning!
