Iqtisodiyot
Soliq organlari plastik karta orqali tushumlarni o‘rganmoqda
O‘zbekistonda yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq tizimida shaffoflikni ta’minlash maqsadida savdo sohasidagi ayrim P2P – plastik kartadan plastik kartaga pul o‘tkazmalari tahlil qilinmoqda. Soliq qo‘mitasining ma’lum qilishicha, bu jarayon iqtisodiy adolatni ta’minlash va qonun doirasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Qayd etilishicha, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha choralar amalga oshirilmoqda.
Soliq organlari tomonidan savdo faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ayrim xo‘jalik sub’yektlarida to‘lovlar P2P o‘tkazmalari orqali qabul qilinib, ba’zi holatlarda ushbu mablag‘lar soliq hisobotlarida aks ettirilmayotgani tahlil qilinmoqda.
Natijada davlat budjetiga tushishi lozim bo‘lgan ayrim soliq tushumlari to‘liq shakllanmay qolayotgani qayd etilgan.
Shu munosabat bilan yuridik shaxslarda ishlovchi rahbar xodimlarning bank kartalariga kelib tushgan mablag‘lar bo‘yicha tahliliy o‘rganishlar olib borilmoqda.
Aniqlangan holatlar asosida soliq hisobotlarida ko‘rsatilmagan daromadlar bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilib, soliq to‘lovchilarga xabarnomalar yuborilmoqda.
Soliq organlari ta’kidlashicha, bu jarayon jazolash yoki bosim o‘tkazish emas, balki yashirin aylanmalarni qisqartirish, halol raqobat muhitini yaratish va qonun doirasida ishlayotgan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Shuningdek, tadbirkorlik sub’yektlari savdo tushumlarini to‘liq rasmiylashtirish va soliq hisobotlarida haqqoniy aks ettirishga chaqirilgan.
Iqtisodiyot
«Volkswagen» 100 ming ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda
«Volkswagen» Germaniyadagi to‘rtta ishlab chiqarish maydonini yopish va umumiy ish o‘rinlari qisqarishini 100 ming nafargacha yetkazish masalasini muhokama qilmoqda. «Reuters» manbalariga ko‘ra, ushbu rejalar 9-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan kuzatuv kengashi yig‘ilishida ko‘rib chiqiladi.
Manbalarning aytishicha, Gannover, Svikkau, Emden zavodlari hamda «Audi»ning Nekkarzulmdagi korxonasi yopilishi mumkin. Bu qaror 45 mingdan ortiq ish o‘rniga xavf tug‘diradi. Agar reja amalga oshsa, 2024-yil oxirida kasaba uyushmalari bilan kelishilgan 50 ming ish o‘rni qisqartirilishiga yana qo‘shimcha qisqartirishlar qo‘shiladi.
Kompaniya bosh direktori Oliver Blyume ushbu takliflarni haftaning boshida yuqori rahbariyatga taqdim etgan. Uning maqsadi boshqaruv jamoasini chuqur islohotlar atrofida birlashtirishdan iborat. Biroq rejalar kasaba uyushmalari va kompaniyaning ikkinchi yirik aksiyadori hisoblangan Quyi Saksoniya hukumati qarshiligiga uchrashi kutilmoqda.
«Manager Magazin» xabariga ko‘ra, kompaniya kelasi besh yillik investitsiya dasturini taxminan 15 foizga qisqartirib, uni 130 milliard yevrodan sal ko‘proq miqdorda belgilashni ham rejalashtirmoqda.
Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Oliver Blyume va moliya direktori Arno Antlits «Volkswagen»ning asosiy brendi hamda ehtiyot qismlar biznesini alohida tuzilmalarga ajratish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
Kompaniya rasmiy vakili maxfiy hujjatlarga izoh berishdan bosh tortdi. Shu bilan birga, u «butun guruh, barcha brendlar va shuba korxonalar chuqur o‘zgarishlardan o‘tishi shart», deya ta’kidladi. «Volkswagen» ishchilar kengashi va «IG Metall» kasaba uyushmasi esa bunday rejalarga qarshi keskin kurashishini ma’lum qildi.
«Volkswagen» so‘nggi yillarda import bojlari, elektromobillarga o‘tish xarajatlari hamda xitoylik ishlab chiqaruvchilarning kuchayib borayotgan raqobati bosimi ostida qolmoqda.
«AlixPartners» ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda xorijiy avtomobil ishlab chiqaruvchilarning bozor ulushi 2020-yildagi 57 foizdan 2025-yilda 32 foizgacha qisqargan. «Volkswagen» esa 2024-yilda mamlakatdagi yetakchilikni «BYD»ga boy bergan va 2025-yilda uchinchi o‘ringa tushib qolgan.
Iqtisodiyot
Jahon banki bilan uzoq muddatli Mamlakat dasturi ishlab chiqiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 29 iyun kuni Jahon banki ta’sischi davlatlarining “Shveytsariya guruhi” yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan bankning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Antonella Bassani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Jahon banki guruhi bilan strategik hamkorlikni O‘zbekistonda olib borilayotgan tarkibiy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha keng miqyosda rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
So‘nggi yillarda ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut bilan ikki tomonlama aloqalar va konstruktiv sheriklik misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
O‘tgan yil sentabr oyida Nyu-York shahrida Jahon banki prezidenti bilan erishilgan oliy darajadagi kelishuvlar izchil amalga oshirilmoqda.
Qo‘shma loyihalar portfeli 15 milliard dollardan oshdi. Toshkent shahrida Jahon bankining mintaqaviy ofisi muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Moliyalashtirishning yangi mexanizmlari samarali joriy etilmoqda.
Joriy yilda bo‘lib o‘tadigan Jahon banki oliy rahbariyatining tashriflari va qo‘shma tadbirlarga puxta tayyorgarlik ko‘rish muhimligi ta’kidlandi.
Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning eng asosiy yo‘nalishlarini qamrab oluvchi yangi uzoq muddatli Mamlakat dasturini ishlab chiqish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlarini amalga oshirish, davlat korxonalarini xususiylashtirish bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ilgari surish hamda iqtisodiyot tarmoqlariga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etishda Jahon banki guruhining moliyaviy vositalaridan foydalanishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Suv xo‘jaligi sohasini moliyalashtirish, inson kapitalini rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro reytinglardagi o‘rnini yaxshilashga ko‘maklashish masalalarida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ham ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonning qaysi hududlarida moliyaviy xizmatlardan ko‘proq foydalanilmoqda?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–aprel oylarida O‘zbekistonda ko‘rsatilgan moliyaviy xizmatlar hajmi 65,6 trillion so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23,8 foizga oshgan.
Hududlar kesimida eng katta moliyaviy xizmatlar hajmi Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, 38 trillion so‘mni tashkil etdi.
Shuningdek, yuqori ko‘rsatkichlar quyidagi hududlarda qayd etildi:
Farg‘ona viloyati — 3,4 trln so‘m;
Andijon viloyati — 2,9 trln so‘m;
Toshkent viloyati — 2,8 trln so‘m;
Samarqand viloyati — 2,7 trln so‘m;
Qashqadaryo viloyati — 2,2 trln so‘m;
Buxoro viloyati — 2 trln so‘m.
Keyingi o‘rinlarda Xorazm, Surxondaryo va Namangan viloyatlarida moliyaviy xizmatlar hajmi 1,9 trillion so‘mdan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Jizzax viloyatida 1,6 trillion so‘mdan, Navoiy viloyatida 1,5 trillion so‘m, Sirdaryo viloyatida esa 1 trillion so‘mni tashkil etdi.
Iqtisodiyot
Endi cheklarni «Soliq» ilovasiga yuklaganlar avtomobil yutib olishi mumkin
2026 yil 1 iyuldan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida xarid cheklarini «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazgan fuqarolar uchun yutuqli o‘yinlar yo‘lga qo‘yiladi. Har bir tiraj g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomobil topshiriladi.
Qonunchilikka muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi savdo va xizmat ko‘rsatish obektlarida amalga oshirilgan xaridlar bo‘yicha nazorat-kassa texnikasi orqali berilgan cheklar asosida yutuqli o‘yinlar tashkil etiladi.
Buning uchun xarid chekini «Soliq» mobil ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish kifoya. Chekni ro‘yxatdan o‘tkazgan har bir shaxs avtomatik ravishda yutuqli o‘yin ishtirokchisiga aylanadi.
Qoidalarga ko‘ra, har bir yutuqli o‘yin g‘olibiga bosh sovrin sifatida avtomobil taqdim etiladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston qaysi tovarlarni eng ko‘p import qilyapti?
2026 yilning yanvar-aprel oylarida O‘zbekistonning import hajmi 16,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Import tarkibida eng katta ulushni mashinalar va transport asbob-uskunalari egallagan bo‘lsa, oziq-ovqat mahsulotlari importi eng yuqori o‘sish sur’atini qayd etdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, yilning dastlabki to‘rt oyida mamlakatga 5,5 mlrd AQSh dollarlik mashinalar va transport asbob-uskunalari import qilingan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 29,1 foizga ko‘p.
Import tarkibida sanoat tovarlari 2,5 mlrd dollar (+17,1 foiz), kimyoviy vositalar va shunga o‘xshash mahsulotlar 2,0 mlrd dollar (+22,6 foiz), oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar esa 1,9 mlrd dollar (+47,2 foiz) bilan keyingi o‘rinlarni egallagan.
Shuningdek, xizmatlar importi 1,6 mlrd dollar (+15,5 foiz), mineral yoqilg‘i, moylash materiallari va shunga o‘xshash mahsulotlar 1,4 mlrd dollar (+25,8 foiz)ni tashkil etgan.
Turli xil tayyor buyumlar importi 585,7 mln dollar (+34,6 foiz), nooziq-ovqat xomashyosi (yoqilg‘idan tashqari) 464,8 mln dollar (+34,5 foiz), hayvon va o‘simlik moylari, yog‘lar hamda mumlar 217,7 mln dollar (+37,3 foiz), ichimliklar va tamaki mahsulotlari esa 100,5 mln dollar (+24,3 foiz) miqdorida import qilingan.
Statistikaga ko‘ra, eng yuqori o‘sish sur’ati oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar importida kuzatilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalishdagi import hajmi bir yil oldingi davrga nisbatan 47,2 foizga oshgan.
-
Jamiyat5 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Sport4 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan3 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Siyosat4 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev AQSh Savdo vakili Jeymison Grini qabul qildi
-
Dunyodan5 days agoQirg‘izistonda navbatdagi prezidentlik saylovlari qachon o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
-
Jamiyat4 days agoMehnat inspeksiyasi Adiz Boboyevga ogohlantirish yubordi
-
Iqtisodiyot5 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Ertaga dollar tushib, yevro biroz ko‘tariladi
