Iqtisodiyot
Charm sanoatida ishlab chiqarish hajmi 12 trln so‘mga yetkaziladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev charm-poyabzal sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar va kelgusidagi rejalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
So‘nggi yillarda soha korxonalarini qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishni kengaytirish va eksportni ko‘paytirish bo‘yicha qator choralar ko‘rildi. Joriy yil birinchi choragida charm sanoatida ishlab chiqarish hajmi 962 milliard so‘mni tashkil etib, o‘sish 25 foizdan oshdi. 2030- yilga qadar charm-poyabzal sanoatida ishlab chiqarish hajmini 12 trillion so‘mga, eksportni 500 million dollarga yetkazish, 12 mingta yangi ish o‘rni yaratish maqsad qilingan.
Shu bilan birga, sohada ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘pligi ko‘rsatib o‘tildi. Respublikada katta hajmda teri va jun xomashyosi hosil bo‘layotgan bo‘lsa-da, ularni chuqur qayta ishlash darajasi pastligicha qolmoqda. Xususan, qo‘y va echki terisini qayta ishlash darajasi 30 foiz atrofida. Yiliga tayyorlanadigan 40 ming tonna jun xomashyosining esa atigi 6 ming tonnasi, ya’ni 15 foizi qayta ishlanmoqda.
Taqdimotda korxonalar quvvatidan samarali foydalanish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, tayyor mahsulot ulushini oshirish va eksport geografiyasini kengaytirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, Toshkent viloyatining Ohangaron tumani va Andijon viloyatining Shahrixon tumanida charm-poyabzal sanoatiga ixtisoslashgan sanoat zonalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bu zonalarda ishlab chiqarish binolari, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, logistika, dizayn va malaka oshirish markazlari barpo etiladi. Sanoat zonalari boshqaruvi Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi huzurida tashkil etiladigan maxsus direksiyaga yuklatiladi.
Ohangaronda terini qayta ishlash korxonalari uchun ekologik talablarga javob beradigan zamonaviy sanoat zonasi tashkil etiladi. Respublikadagi 32 ta terini qayta ishlash korxonasida suv tozalash inshootlarining 70 foizi eskirgan, yagona markazlashgan tizim mavjud emas. Shu bois, yangi zonada markazlashgan suv tozalash inshooti qurilib, kuniga 8 ming kub metrgacha tozalangan suvni texnologik jarayonlarda qayta ishlatish imkoniyati yaratiladi.
Xomashyo bazasini kengaytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Qo‘shni davlatlardan mol terisini markazlashgan holda import qilish, bu jarayonda tadbirkorlarga “yagona darcha” tamoyili asosida ko‘maklashish, transport xarajatlarini kompensatsiya qilish va qayta ishlovchi korxonalarni aylanma mablag‘ bilan ta’minlash taklif etildi.
Mayda shoxli mol terilarini yig‘ish va birlamchi qayta ishlash tizimini takomillashtirish ham muhim vazifa sifatida belgilandi. Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Toshkent viloyatlarida terini yig‘ish va birlamchi ishlov berish punktlarini tashkil etish, qayta ishlash korxonalarini rag‘batlantirish choralari ko‘rib chiqildi.
Jun xomashyosini qayta ishlashni kengaytirish bo‘yicha Sirdaryo viloyatida yangi kompleks tashkil etish taklif qilindi. Uning quvvati 30 ming tonna junni qayta ishlashga mo‘ljallanadi. Loyiha ishga tushsa, xomashyodan tayyor mahsulot ishlab chiqarish zanjiri shakllanib, qo‘shilgan qiymat bir necha barobarga oshadi, eksport va ish o‘rinlari ko‘payadi.
Poyabzal, shu jumladan, maxsus poyabzal ishlab chiqarish hajmini oshirish, bu borada xorijiy hamkorlar bilan kooperatsiya va qo‘shma loyihalarni ko‘paytirish rejalari ko‘rib chiqildi.
Taqdimotda sun’iy charm ishlab chiqarishni kengaytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Jahon bozorida yirik brendlar ekologik talablar, narx va texnologik qulayliklar nuqtai nazaridan sun’iy charmdan foydalanishni kengaytirmoqda.
Mamlakatimizda mazkur yo‘nalishda 7 ta istiqbolli loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan. Ular natijasida 50 million pogon metr mahsulot ishlab chiqarish quvvati yaratilib, ichki talabning katta qismi qoplanadi, eksport oshadi.
Davlatimiz rahbari sohaga berilgan imtiyozlar o‘z-o‘zidan natija bermasligini, har bir korxona, loyiha va bozor bo‘yicha aniq hisob-kitob va amaliy harakat zarurligini ta’kidladi.
Mutasaddilar va hududlar rahbarlariga korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, quvvatlardan to‘liq foydalanish, import o‘rnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish, xalqaro sertifikatlar olishda tadbirkorlarga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
-
Iqtisodiyot4 days ago
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
-
Jamiyat3 days ago
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
-
Iqtisodiyot23 hours ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat19 hours ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Jamiyat18 hours ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
