Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Farrux Zokirovga «Buyuk xizmatlari uchun» ordenini topshirdi
Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida milliy estrada san’atining yorqin namoyandasi, O‘zbekiston xalq artisti Farrux Zokirovning 80 yillik tavallud ayyomi munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda davlat va jamoat arboblari, madaniyat va san’at namoyandalari, ijodkor ziyolilar, «Yalla» ansambli a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Davlatimiz rahbari so‘zga chiqib, Farrux Zokirovni ushbu qutlug‘ sana bilan samimiy qutladi, unga sihat-salomatlik, oilaviy xotirjamlik va yangi-yangi ijodiy yutuqlar tiladi.
Ta’kidlanganidek, Zokirovlar sulolasi ko‘p yillardan buyon milliy musiqa va qo‘shiqchilik san’atimizning rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelmoqda. O‘zbekiston xalq artisti Karim Zokirov asos solgan san’at maktabi, milliy o‘zbek estradasi asoschilaridan biri Botir Zokirovning boy ijodiy merosi xalqimizning ulkan ma’naviy boyligi sifatida yuksak qadrlanadi.
Butun bir oila va avlodning o‘z umrini san’at va madaniyat ravnaqiga bag‘ishlashi dunyoda kam uchraydigan noyob hodisa ekani alohida qayd etildi. Farrux Zokirov ana shu ulug‘ an’analarni munosib davom ettirib, milliy estrada san’atini yangi bosqichga olib chiqqan san’atkor sifatida e’tirof qilindi.
Tadbirda Farrux Zokirov nafaqat xalqimiz, balki butun Markaziy Osiyo, Hamdo‘stlik mamlakatlari va turkiy ellarning sevimli san’atkori ekani ta’kidlandi. Uning O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti degan faxriy unvonlar bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Tatariston, Boshqirdiston va Ingushetiya xalq artisti degan yuksak unvonlarga sazovor bo‘lgani uning ijodiga berilgan katta baho sifatida qayd etildi.
Bugun Farrux Zokirov deganda «Yalla» ansambli, «Yalla» deganda esa Farrux Zokirov siymosi ko‘z oldimizda gavdalanadi. Mana 55 yildirki, ushbu mashhur jamoa nafaqat mamlakatimizda, balki dunyoning nufuzli sahnalarida ham go‘zal qo‘shiqlar kuylab, millionlab muxlislar mehrini qozonib kelmoqda. «Yalla» ansambli jamoaviy estrada ijrochiligini yo‘lga qo‘yib, yurtimiz san’ati va madaniyati tarixida butunlay yangi sahifa ochdi. Bugun xalqimizning bayramlari, muhim tadbirlari va qutlug‘ ayyomlarini ushbu ansambl ijrosidagi qo‘shiqlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi.
Tadbirda «Yalla» ansambli a’zolari Javlon To‘xtayev, Abbos Aliyev, Temur Xalikov va Igor Xalikovning ham ko‘p yillik samarali faoliyati e’tirof etildi.
Davlatimiz rahbari Farrux Zokirovning yurtimiz ijtimoiy-madaniy hayotidagi faol ishtirokiga ham alohida to‘xtalib, uning yuzlab yoshlarga ustozlik qilib, ularni katta sahnalarga olib chiqayotgani, «Ovoz» kabi yirik loyihalar orqali yangi iste’dodlarga san’at sirlari va sahna madaniyatini o‘rgatayotgani barcha uchun haqiqiy ibrat ekanini ta’kidladi.
Mintaqa ijodkorlari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik xalqlar o‘rtasida ma’naviy ko‘prik vazifasini o‘tayotgani qayd etildi. Shuningdek, davlatimiz Farrux Zokirov kabi san’at darg‘alarining xalqaro ijodiy loyihalari va yangi asarlarini hamisha qo‘llab-quvvatlashi ta’kidlandi.
Tantanada Farrux Zokirovning ko‘p yillik samarali mehnati, milliy madaniyatimiz va san’atimizni rivojlantirish yo‘lidagi fidokorona xizmatlarini munosib taqdirlash maqsadida Prezident tomonidan alohida farmon va qaror imzolangani e’lon qilindi.
Xususan, Yashnobod tumanidagi 7-sonli bolalar musiqa va san’at maktabiga Farrux Zokirov nomi beriladi.
Ushbu maktabda «Yalla» nomidagi bolalar ansambli, yoshlar ijodiy laboratoriyasi, zamonaviy ovoz va video yozish studiyasi tashkil etiladi. «Ustoz-shogird» an’analari asosida estrada yo‘nalishi bo‘yicha ijrochilik mahorati sinflari yo‘lga qo‘yiladi, ustoz ijodkorlarning oyligiga qo‘shimcha ustama to‘lanadi. Maktabda a’lo baholarga o‘qiyotgan o‘quvchilar uchun ixtisoslashgan san’at va madaniyat ta’lim muassasalariga qabul bo‘yicha alohida imkoniyatlar yaratiladi. Har yili respublika hududlaridan iqtidorli o‘quvchilar mazkur maktabda o‘z mahoratini oshirib boradi. Budjet hisobidan iqtidorli o‘quvchilar ustozlari bilan birga nufuzli xalqaro ko‘rik-tanlovlarga yuboriladi va munosib rag‘batlantiriladi.
Tadbirda ushbu ta’lim dargohi yurtimizdagi eng namunaviy maskanlardan biriga aylanib, Zokirovlar sulolasi yaratgan bebaho ijodiy merosni kelajak avlodga yetkazishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Tantanali marosimda Prezidentimiz milliy san’atimiz va madaniyatimizni rivojlantirish yo‘lidagi ko‘p yillik beqiyos xizmatlari uchun Farrux Zokirovga «Buyuk xizmatlari uchun» ordenini topshirdi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi spikeri bilan uchrashdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasida 15 sentyabr kuni Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Cho Chjon Shik bilan uchrashuv o‘tkazdi.
O‘zbekiston – Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarini ilgari surishda ikki mamlakat parlamentlari muhim o‘rin tutayotgani ta’kidlandi.
Parlamentlararo “do‘stlik guruhlari” faol ish olib bormoqda, parlament delegatsiyalarining muntazam tashriflari amalga oshirilmoqda, qonun chiqaruvchi organlarning tegishli qo‘mitalari o‘rtasida samarali tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Milliy Assambleya va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining ikkala palatasida “Elektron parlament” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Oliy darajada erishilgan, eng avvalo, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarning amalga oshirilishi ustidan parlament monitoringini ta’minlash maqsadida o‘zaro hamkorlik mexanizmini yaratish zarurligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida 2027-yilda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 35 yilligi munosabati bilan “parlament diplomatiyasi” yo‘nalishida bir qator tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston — Koreya biznes forumidagi asosiy fikrlari
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Seuldagi O‘zbekiston – Koreya biznes forumi ochilishidagi nutqidan asosiy fikrlari taqdim etildi. Jumladan:
Koreya – O‘zbekistonning vaqt sinovidan o‘tgan do‘sti va alohida strategik sherigi;
Koreya biznesi O‘zbekistonda shunchaki faoliyat yuritishga emas, balki yangi ishlab chiqarish quvvatlarini barpo etish, texnologiyalar va infratuzilmani rivojlantirishga investitsiya kiritishga taklif qilindi;
Maqsad – O‘zbekistonni mintaqadagi asosiy ishlab chiqarish, texnologik va eksport maydonlaridan biriga aylantirish;
Mamlakatimizda muhim minerallar sohasida yaqin yillarda umumiy qiymati 4 milliard dollardan ortiq bo‘lgan 120 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan;
O‘zbekistonning tabiiy resurslari, inson kapitali va o‘sib borayotgan bozorini Koreyaning texnologiyalari, muhandislik tajribasi va jahon brendlari bilan uyg‘unlashtirish taklif etildi;
Ustuvor vazifa – shunchaki xomashyo eksport qilish emas, balki O‘zbekistonda chuqur qayta ishlashdan tortib, tayyor yuqori texnologigali mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan to‘liq ishlab chiqarish zanjirlarini yaratish;
2030 yilga qadar O‘zbekiston elektrotexnika sanoati hajmini 11 milliard dollarga, eksportni esa 5 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilgan;
Strategik vazifa – yig‘uv ishlab chiqarishlaridan zamonaviy, to‘liq siklli klasterlarga o‘tish;
Koreya kompaniyalari, universitetlari va tadqiqot markazlarini o‘zbekistonlik hamkorlar bilan yagona tandemga birlashtirish taklif etildi;
Nafaqat mahsulot ishlab chiqarish, balki intellektual mulk huquqiga ega bo‘lgan yangi mahsulotlarni ishlab chiqish ham muhim;
Koreyaning yetakchi kompaniyalariga ilmiy tadqiqotlar, klinik baza va ishlab chiqarishni birlashtirgan biofarmatsevtika klasteri tashkil etish taklif qilinmoqda;
Asosiy e’tibor mutaxassislar tayyorlashga qaratilishi lozim. Shu bois, O‘zbekiston – Koreya muhandislarni tayyorlash yagona ta’lim dasturini yo‘lga qo‘yish muhim hisoblanadi;
Koreya investorlariga transport va shahar infratuzilmasi sohasidagi loyihalar – Yangi Toshkentdagi obyektlar, aeroportlar, temir yo‘llar, avtomobil magistrallari va logistika markazlari taklif etildi;
O‘zbekiston Koreya kompaniyalarining Markaziy Osiyodagi ishlab chiqarish va eksport xabiga aylanishi uchun barcha imkoniyatlarga ega. Shu maqsadda O‘zbekiston – Koreya sanoat-texnologik alyansini tashkil etish taklif qilindi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston va Koreya hamkorligiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi
Koreya Respublikasining yetakchi nashrlaridan biri — The Chosun Daily gazetasida Prezident Shavkat Mirziyoyevning «O‘zbekiston va Koreya Respublikasi: o‘zgarishlar davrida kelajak sari intilayotgan hamkorlik» sarlavhali maqolasi e’lon qilindi.
Davlat rahbari maqolada O‘zbekiston va Koreya munosabatlari tarixiy ildizlarga ega ekanini ta’kidlab, bugungi kunda ikki davlat o‘rtasidagi aloqalar «alohida strategik sheriklik» darajasiga ko‘tarilganini qayd etgan.
Prezidentning ta’kidlashicha, Koreya O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi eng yaqin va ishonchli iqtisodiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda ikki tomonlama savdo hajmi besh barobar oshgan, Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi 8 milliard dollardan oshgan va 700 dan ziyod qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.
Maqolada sun’iy intellekt, yarimo‘tkazgichlar, robototexnika, elektromobillar, biofarmatsevtika, «aqlli» qishloq xo‘jaligi va «aqlli» shaharlar kelgusi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatilgan. O‘zbekiston Koreya kompaniyalarining mamlakatda yuqori texnologiyali ishlab chiqarish markazlarini tashkil etishini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekani bildirilgan.
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Koreya hamkorligini XXI asrning «yangi Ipak yo‘li»ga qiyoslagan. Uning fikricha, Koreya texnologiyalari va kapitali Markaziy Osiyoning resurslari va geografik imkoniyatlari bilan uyg‘unlashsa, yangi qiymat zanjirlari, zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlari va logistika yo‘laklarini shakllantirish mumkin.
Prezident, shuningdek, ta’lim va inson kapitaliga alohida urg‘u berib, Koreya universitetlari va ilmiy muassasalari bilan akademik almashinuvlar, qo‘shma ta’lim dasturlari hamda ilmiy-tadqiqot markazlarini kengaytirish muhimligini qayd etgan.
Maqolada O‘zbekistondagi koreys diasporasining ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashdagi o‘rni ham alohida e’tirof etilgan. Prezident Koreyani «qalbida alohida o‘rin tutuvchi mamlakat» deb atagan.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga bordi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Koreya Respublikasiga davlat tashrifi doirasidagi tadbirlar yurt ozodligi va mustaqilligi yo‘lida jon fido qilgan vatanparvarlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatishdan boshlandi.
Davlatimiz rahbari rafiqasi bilan birga Seuldagi Milliy yodgorlik majmuasiga tashrif buyurib, Xotira ustuni poyiga gulchambar qo‘ydi hamda Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev Koreya Respublikasi prezidenti qarorgohida tantanali kutib olindi
14-sentyabr kuni Koreya Respublikasi Prezidentining “Chong Va De” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni rasmiy kutib olishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbari va rafiqasini Prezident Li Chje Myon va rafiqasi qarshi oldilar.
Oliy martabali mehmon sharafiga Faxriy qorovul saf tortdi. Ikki davlat madhiyalari yangradi. Prezidentlar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Shundan so‘ng davlatimiz rahbari “Chong Va De” saroyining Faxriy mehmonlar kitobida qayd yozib qoldirdi.
Birgalikda rasmga tushilgach, oliy darajadagi muzokaralar boshlandi.
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev Nikol Pashinyan bilan muloqot o‘tkazdi: tafsilotlar
-
Jamiyat3 days ago
Kelasi yil barcha OTMlarda yangi nazorat tizimi yo‘lga qo‘yiladi
-
Sport4 days ago
Samarqandda 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi
-
Siyosat4 days agoPrezidentning Toshkent shahri bo‘yicha yig‘ilishi boshlandi
-
Jamiyat3 days ago
Qichqiriq mahallasidagi o‘zgarishlar ko‘zdan kechirildi
-
Iqtisodiyot3 days ago«O‘zmilliybank» AJ O‘zbekiston emitentlari orasida birinchi bo‘lib Xitoy kapital bozoriga 250 mln dollarlik obligatsiyalar chiqarmoqchi
-
Jamiyat2 days ago
Prezident O‘zbekiston Milliy muzeyi qurilishini ko‘zdan kechirdi (foto)
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston mahsulotlarini eng ko‘p sotib oluvchi mamlakatlar ma’lum bo‘ldi
