Jamiyat
YPX xodimlarini tasvirga olib, internetda tarqatganlar 10 sutkaga qamaldi
YPX xodimlarini obro‘sizlantirishga uringan shaxslar 10 sutkaga qamaldi.
Buxoro viloyat IIB JXX YHXB axborot guruhi katta inspektori Umidjon Barakayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, YPX xodimlarining xizmat faoliyatini videotasvirga olib, ularni obro‘sizlantiruvchi mazmundagi video-postni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan fuqarolarga 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Ta’kidlanishicha, Qorako‘l tumanilik 22 hamda 24 yoshli S.D. hamda O‘.P. ismli shaxslar o‘ziga tegishli avtomashinada harakatlanib ketishayotganda, YPX inspektorlari tomonidan profilaktik nazorat tartibida to‘xtatilgan. Ikki fuqaro esa jarayonni videotasvirga olgan holda ijtimoiy tarmoqlarga tarqatishni maqsad qilib, inspektorlarni tinglash yoki qonuniy talablariga amal qilish o‘rnida ularni asabiylashtirishga da’vat etadigan har xil qochirimli gaplar bilan qarshilashgan.
S.D. hamda O‘.P. maqsadiga erishgan: YPX inspektorlarni obro‘sizlantiruvchi mazmundagi video-postni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatishgan.
Muhokamalarga sabab bo‘lgan va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan video yuzasidan tegishli tartibda surishtiruv ishlari olib borilgan. Yoshlarning xatti-harakatlari qonunan noto‘g‘ri hamda asossiz ekani o‘z isbotini topgan va ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 195-moddasi, 2-qismi talablari asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
To‘plangan hujjatlar sud organlariga taqdim etilib, sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzarlarga nisbatan 10 sutkadan muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
«Barchadan qonun talablariga rioya etishni, davlat organlari xodimlariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishni hamda asossiz va obro‘sizlantiruvchi axborotlarni tarqatmaslikni so‘raymiz»,—deydi Umidjon Barakayev.
Jamiyat
O‘zbekistonda erkin bond omborlari tashkil etiladi
O‘zbekistonda elektron tijorat sohasini rivojlantirish doirasida yangi turdagi erkin ombor — bond omborlari joriy etiladi. Bu Prezidentning 13-aprelda qabul qilingan qarorida belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan 2028-yil 1-iyulgacha huquqiy eksperiment sifatida mazkur tizim amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, rezident va norezidentlar jismoniy shaxslar uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron platformalar orqali sotish uchun bond omborlarida vaqtincha saqlaydi.
Qarorga muvofiq, bond omborlari litsenziya asosida tashkil etiladi. Ular erkin ombor faoliyati tartibida ish yuritadi. Tovarlarni sotish faqat maxsus elektron savdo platformalari orqali amalga oshiriladi. Bunda platformalar Istiqbolli loyihalar milliy agentligi yuritadigan reyestrga kiritilgan bo‘lishi shart.
Shuningdek, bond omborlariga joylashtirilgan tovarlar erkin ombor bojxona rejimida saqlanadi va ularni jismoniy shaxslarga chakana sotishga ruxsat beriladi. Eksperiment doirasida bojxona rasmiylashtiruvi soddalashtiriladi. Xususan, tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida rasmiylashtiriladi.
Qarorga ko‘ra, bond omboridan chiqarilayotgan tovarlarga nisbatan muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati talablari qo‘llanmaydi.
Jamiyat
Ohangaron tog‘larida yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola tirik topildi
Toshkent viloyatining Ohangaron tumanidagi tog‘larda yo‘qolib qolgan 4 yoshli bola qutqaruvchilar tomonidan bir necha soatlik qidiruvdan so‘ng tirik holda topildi.
Hodisa 13 aprel kuni Ohangaron tumani hududidagi tog‘larda sodir bo‘lgan. Olti nafardan iborat oila dam olish maqsadida tog‘ga chiqqan bo‘lib, ular tarkibida 4 yoshli bola ham bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, sayr vaqtida soat taxminan 17:00 larda oila a’zolari tog‘ cho‘qqisidagi qorlarni ko‘rish uchun yuqoriga ko‘tarilgan. Shu yerda kattalar bolani unutib qoldirib, pastga tushib ketgan. Bolaning yo‘qligi taxminan 40 daqiqadan so‘ng aniqlangan.
Shundan so‘ng bolaning yaqinlari zudlik bilan Favqulodda vaziyatlar vazirligining navbatchilik qismiga xabar bergan. Qidiruv ishlariga Toshkent viloyati FVBB qidiruv-qutqaruv guruhlari hamda «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasi xodimlari jalb etilgan.
Qidiruv-qutqaruv ishlari 6,5 soatdan ortiq davom etgan. Natijada, 14 aprel kuni tungi soat 00:20 da 4 yoshli bola Olmaliq maxsus qidiruv-qutqaruv otryadi qutqaruvchilari tomonidan tirik holda topilgan.
Qutqaruvchilarning ma’lum qilishicha, bola ota-onasi uni unutib qoldirgan joydan taxminan 3 kilometr uzoqlikdan, tizzasigacha qor ichida jim holda turgan holda aniqlangan.
Bola yaqinlariga sog‘-salomat topshirilgan. Hozirda u uyida bo‘lib, ahvoli yaxshi.
Jamiyat
O‘zbekiston va Rossiya neft-gaz hamkorligini kengaytirishga kelishdi
O‘zbekiston va Rossiya neft va gaz sohasidagi hamkorlikni davom ettirish hamda yetkazib berish hajmini oshirishga kelishib oldi.
«Bu haqda Rossiya hukumati rahbari Mixail Mishustin ma’lum qildi», – deb xabar qilmoqda TASS.
Rossiya hukumati rahbarining ta’kidlashicha, ikki davlat o‘rtasida yoqilg‘i-energetika sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Jumladan, Rossiya mutaxassislari ishtirokida O‘zbekistonda yangi quduqlar burg‘ilanmoqda, qayta ishlash tizimlari modernizatsiya qilinmoqda va gaz transport infratuzilmasi takomillashtirilmoqda.
Mishustinning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini bir necha barobarga oshirishni maqsad qilgan.
«Rossiya O‘zbekistonning asosiy tashqi savdo sheriklaridan biri hisoblanadi. O‘tgan yilda o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 12,5 foizga o‘sib, taxminan 1 trillion rublga yaqinlashdi. Davlat rahbarlari kelishuviga muvofiq, 2030-yilgacha bu ko‘rsatkichni bir necha barobarga oshirishimiz kerak», – dedi u.
O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov esa o‘z navbatida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga chiqqanini ta’kidladi.
Uning ma’lum qilishicha, so‘nggi besh yilda o‘zaro savdo hajmi ikki barobarga oshgan va 2025-yil yakuniga ko‘ra 13 milliard dollardan oshgan.
«Joriy yilda ham ijobiy dinamika saqlanmoqda. Yilning dastlabki ikki oyida savdo hajmi yana 30 foizga o‘sdi», – dedi Aripov.
Mutaxassislar fikricha, energetika sohasidagi hamkorlikning kengayishi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashi mumkin.
Jamiyat
O‘zbekistonliklar shubhali xorijiy qo‘ng‘iroqlardan ogohlantirildi
So‘nggi vaqtlarda O‘zbekiston fuqarolariga xorijiy raqamlardan kelayotgan shubhali qo‘ng‘iroqlar soni ortib bormoqda. Mutaxassislar bunday holatlar ortida kiberfiribgarlar turishi mumkinligini ta’kidlab, aholini ehtiyot bo‘lishga chaqirmoqda.
Ma’lum qilinishicha, ushbu qo‘ng‘iroqlar oddiy telefon aloqasi orqali emas, balki internet va maxsus dasturlar yordamida amalga oshiriladi. Firibgarlar o‘zlarining haqiqiy raqamlarini yashirgan holda, telefon ekranida istalgan davlatga tegishli bo‘lgan soxta raqamlarni ko‘rsatishi mumkin.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, bunday qo‘ng‘iroqlar internet orqali yuborilgani sababli, ularni kim va qayerdan amalga oshirganini aniqlash ancha mushkul. Shuningdek, ushbu raqamlar haqida maxsus bazalarda ma’lumot bo‘lmasligi, ularning vaqtinchalik va soxtalashtirilgan raqamlar ekanini anglatadi.
Shubhali qo‘ng‘iroqlar bir qator xavflarni keltirib chiqaradi. Xususan, bunday raqamlarga qayta qo‘ng‘iroq qilish abonent hisobidan mablag‘ yechilishiga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, firibgarlar o‘zini turli tashkilot xodimi sifatida tanishtirib, shaxsiy ma’lumotlar va bank kartalariga oid maxfiy kodlarni qo‘lga kiritishga urinadi.
Mutaxassislar, shuningdek, notanish raqamdan kelgan qo‘ng‘iroqqa javob berish orqali abonent raqami “faol” ekani aniqlanishi va natijada bunday qo‘ng‘iroqlar soni yanada ortishi mumkinligini qayd etmoqda. Ayrim holatlarda esa ovoz yozib olinib, sun’iy intellekt orqali soxtalashtirilib, yaqinlarni aldash maqsadida ishlatilishi xavfi ham mavjud.
Shu munosabat bilan fuqarolarga notanish va shubhali xorijiy raqamlardan kelayotgan qo‘ng‘iroqlarga javob bermaslik, ularga qayta qo‘ng‘iroq qilmaslik, bunday raqamlarni bloklash hamda shaxsiy ma’lumotlarni hech kimga oshkor qilmaslik tavsiya etilmoqda.
Jamiyat
Fanlar akademiyasi 190 gektar yeridan poytaxt hokimligi foydasiga voz kechgan. Holat yuzasidan tushuntirish berildi
Joriy yil 10-apreldagi Toshkent shahar hokimining 182-14-0-Q/26 qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumani Ulug‘bek shaharchasi hududida joylashgan 190 gektar yer maydoni davlat zaxirasiga qabul qilingan.
Ushbu qarorning qabul qilinishiga, Fanlar akademiyasining 2026-yil 1-apreldagi «ixtiyoriy voz kechish va yer maydonini davlat zaxirasiga topshirish» to‘g‘risida xati asos bo‘lgan.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi axborot xizmati mazkur holat bo‘yicha rasmiy munosabat berib, bu 2026-yil 25-martdagi PF-46-sonli farmon ijrosi bilan bog‘liq ekanini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, farmonning 21-bandi «a» kichik bandiga asosan, poytaxtimizning ekologik holatini tubdan yaxshilash maqsadida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti va unga tutash bo‘lgan jami 250 gektar maydonda zamonaviy Dendrologiya bog‘i barpo etiladi.
Farmonga muvofiq, Toshkent shahar hokimligi tomonidan yer uchastkalari belgilangan tartibda zaxiraga qaytarilib, Ekologiya qo‘mitasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratib beriladi. Ekologiya qo‘mitasi hududning tuproq-iqlim sharoitlariga mos daraxt va butalar turlarini tanlab, tegishli loyiha hujjatlarini ishlab chiqadi. Mazkur loyiha asosida hududda keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi.
Fanlar akademiyasi, o‘z navbatida, jamoatchilik vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlaridan mazkur ekologik ahamiyatga ega loyihani noto‘g‘ri talqin qilmasliklarini, aholi o‘rtasida asossiz xavotirlar kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘ramoqda.
-
Iqtisodiyot5 days agoAmir Temur yubileyiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar chiqarildi
-
Siyosat5 days agoSenat yashirin iqtisodiyotga chek qoʻyish maqsadida rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi yangi qonunni maʼqulladi
-
Sport5 days agoJavohir Sindorov navbatdagi g‘alaba bilan da’vogarlar turniridagi peshqadamlikni mustahkamladi
-
Sport3 days ago
«Real Madrid» chempionlik uchun kurashlardan chiqdimi?
-
Iqtisodiyot4 days ago
Keyingi haftada ham dollar pasayadi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev chakana savdoda elektron tijorat ulushini uch baravar oshirishni maqsad qilib qo‘ygan
-
Sport5 days ago
Jahon chempionatiga boradigan o‘zbekistonlik hakamlar ma’lum bo‘ldi
-
Dunyodan4 days agoArablar Putindan g’azablanishdi – nima uchun biz bilamiz
