Jamiyat
Andijonda 1 mlrd so‘mlik gaz o‘g‘irlandi: prokuratura tergov boshladi
Andijon shahrida 1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahri bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.Unda YaTT M.A. aholiga xizmat ko‘rsatish binosini tijorat maqsadida umumiy foydalanishdagi gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulab, jami 1 mlrd so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Qo‘qonga olib ketilayotgan dorilar to‘xtatildi
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qo‘shni respublikadan noqonuniy olib kirilgan 11 650 dona “Regapen” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi aniqlanib, uni Qo‘qon shahriga olib ketayotgan shaxslar ushlandi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida Qo‘qon shahrida yashovchi, 1994 va 2002 yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs o‘zlarining tanishi — Qo‘shtepa tumanida istiqomat qiluvchi, 2001 yilda tug‘ilgan fuqaroning “Jyentra” rusumli avtomashinasida Farg‘ona tumaniga borgani ma’lum bo‘ldi. Ular u yerda qo‘shni respublikadan mamlakat hududiga noqonuniy o‘tkazilgan 11 650 dona “Regapen” dori vositasini qabul qilib olishgan.
Shundan so‘ng, mazkur dori vositalarini Qo‘qon shahriga olib ketayotgan vaqtlarida tezkor guruh tomonidan Uchko‘prik tumani hududida to‘xtatilgan. Ma’lum qilinishicha, qonunbuzarlar avtomashinadan dorilarni uloqtirib, voqea joyidan qochishga uringan, ammo rejalari amalga oshmagan.
Dastlabki surishtiruvlarda ushbu shaxslar mazkur turdagi dori vositalarini Farg‘ona va Qo‘qon shaharlarida yashovchi shaxslarga sotish bilan shug‘ullanib kelgani aniqlangan.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Qonunni muhofaza qiluvchi organlar fuqarolardan kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda, DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishni so‘ramoqda. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
O‘zbekistonliklar ikki oyda tibbiyotga 3,5 trln so‘m sarfladi
2026-yilning yanvar–fevral oylarida O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash xizmatlari hajmi 3,55 trln so‘mni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan 9,7 foizga o‘sgan.
Ma’lum qilinishicha, xizmatlar tarkibida eng katta ulush boshqa turdagi tibbiy xizmatlarga to‘g‘ri kelgan. Ularning jamidagi ulushi 52,1 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, shifoxona muassasalari xizmatlari 30,7 foiz, tibbiy amaliyot va stomatologiya xizmatlari esa 17,2 foizni egallagan.
Hududlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan — 1 642,3 mlrd so‘m. Qolgan hududlar kesimida ko‘rsatkichlar quyidagicha:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 60,8 mlrd so‘m;
Andijon viloyati – 155 mlrd so‘m;
Buxoro viloyati – 142,3 mlrd so‘m;
Jizzax viloyati – 80,8 mlrd so‘m;
Qashqadaryo viloyati – 131,8 mlrd so‘m;
Navoiy viloyati – 56,3 mlrd so‘m;
Namangan viloyati – 162,5 mlrd so‘m;
Samarqand viloyati – 264,3 mlrd so‘m;
Surxondaryo viloyati – 93,7 mlrd so‘m;
Sirdaryo viloyati – 65 mlrd so‘m;
Toshkent viloyati – 330,6 mlrd so‘m;
Farg‘ona viloyati – 241,9 mlrd so‘m;
Xorazm viloyati – 121,3 mlrd so‘m.
Jamiyat
YPX xodimlarini tasvirga olib, internetda tarqatganlar 10 sutkaga qamaldi
YPX xodimlarini obro‘sizlantirishga uringan shaxslar 10 sutkaga qamaldi.
Buxoro viloyat IIB JXX YHXB axborot guruhi katta inspektori Umidjon Barakayevning «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, YPX xodimlarining xizmat faoliyatini videotasvirga olib, ularni obro‘sizlantiruvchi mazmundagi video-postni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatgan fuqarolarga 10 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Ta’kidlanishicha, Qorako‘l tumanilik 22 hamda 24 yoshli S.D. hamda O‘.P. ismli shaxslar o‘ziga tegishli avtomashinada harakatlanib ketishayotganda, YPX inspektorlari tomonidan profilaktik nazorat tartibida to‘xtatilgan. Ikki fuqaro esa jarayonni videotasvirga olgan holda ijtimoiy tarmoqlarga tarqatishni maqsad qilib, inspektorlarni tinglash yoki qonuniy talablariga amal qilish o‘rnida ularni asabiylashtirishga da’vat etadigan har xil qochirimli gaplar bilan qarshilashgan.
S.D. hamda O‘.P. maqsadiga erishgan: YPX inspektorlarni obro‘sizlantiruvchi mazmundagi video-postni ijtimoiy tarmoqlarga tarqatishgan.
Muhokamalarga sabab bo‘lgan va ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan video yuzasidan tegishli tartibda surishtiruv ishlari olib borilgan. Yoshlarning xatti-harakatlari qonunan noto‘g‘ri hamda asossiz ekani o‘z isbotini topgan va ularga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 195-moddasi, 2-qismi talablari asosida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
To‘plangan hujjatlar sud organlariga taqdim etilib, sud qaroriga ko‘ra, huquqbuzarlarga nisbatan 10 sutkadan muddatga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
«Barchadan qonun talablariga rioya etishni, davlat organlari xodimlariga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lishni hamda asossiz va obro‘sizlantiruvchi axborotlarni tarqatmaslikni so‘raymiz»,—deydi Umidjon Barakayev.
Jamiyat
Xorijdagi nufuzli oliygohlarda o‘qigan yoshlarga ipoteka ajratiladi
O‘zbekistonda xorijiy nufuzli oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislar uchun ipoteka krediti ajratish tartibi joriy etildi. Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining 159-sonli qarori bilan tegishli nizom tasdiqlandi.
Qarorga ko‘ra, kreditlar O‘zbekiston hududida birlamchi uy-joy bozoridan uy sotib olish uchun ajratiladi. Uning maksimal miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 2 150 baravarigacha bo‘lib, 10 yil muddatga beriladi.
Ipoteka krediti tijorat banklari mablag‘lari hisobidan yillik 14 foiz stavkada taqdim etiladi. Shu bilan birga, kredit har oylik to‘lovlar asosida qaytarilishi belgilangan.
Nizomga muvofiq, kredit faqat belgilangan talablarga javob beruvchi fuqarolarga ajratiladi. Xususan, ariza beruvchi O‘zbekiston fuqarosi bo‘lishi va murojaat paytida 35 yoshdan oshmagan bo‘lishi shart.
Shuningdek, u xalqaro reytinglarda yuqori 100 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim muassasalarida ilmiy daraja olgan bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, diplom belgilangan tartibda nostrifikatsiya qilingan bo‘lishi talab etiladi. Kredit olish uchun murojaatlar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda qabul qilinadi.
Arizaga uy-joy bo‘yicha qurilish tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma ham ilova qilinishi shart.
Tijorat banki 3 ish kuni ichida ariza beruvchining to‘lovga layoqatini baholab, xulosani Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga taqdim etadi. Shu bilan birga, ajratiladigan kredit miqdori uy-joy qiymatining 80 foizidan oshmasligi belgilangan.
Jamiyat
“Gapira olmasa ham baxtliman” – matonatlilar oilasi haqida hikoya
Ro‘zixon Haydarova II guruh nogironi, u oilasi bilan Oltiariq tumanining Zilol mahallasida yashaydi. Turmush o‘rtog‘i G‘ulomjon Haydarov gapira olmaydi. Ikki o‘g‘il va nevarasining ham nogironligi bor. “Otam ham gapirmasdi. Bir-birimizni imo-ishoralar bilan tushunardik. Yaratgan menga oliyjanob jufti halol berdi. Gapira olmasa ham juda baxtliman”, – deydi Ro‘zixon opa.
Uch o‘g‘il, bir qizning onasi bo‘lgan Ro‘zixon opa quyoshdan avval uyg‘onadi. G‘ulomjon aka bilan birga issiqxonadagi ekinlarni parvarishlab, chorvasi xashak, tovuqlariga don beradi. Bodring, pomidor, qalampir ko‘chatlarini bozorga olib borib sotib keladi. Dehqon opaning aytishicha, issiqxonada ish qishning chillasidan boshlangan. Mart oyigacha opa ko‘chat sotib 30 mln so‘mdan ortiq daromad qilgan.
“Otam ham gapira olmas edi. Turmush o‘rtog‘imning tili yo‘q, lekin oliyjanob inson, hayotimiz yaxshi, sog‘lomlardan ko‘ra yaxshi yashaymiz. O‘zim ham II guruh nogironiman.
Uch o‘g‘il, bir qizning onasiman. Ikki o‘g‘lim, bir nevaram nogiron. Lekin ularni nogiron demayman. Nevaralarimning gapini eshitsangiz faxrlanib ketasiz-da, imo bilan gaplashamiz.
Odamlar “xo‘jayiningiz bilan qanday tanishgansiz, tilsiz odam bilan qanday yashayapsiz?”, deb savol berishadi. 35 yildan beri imo-ishoralar bir-birimizni tushunib yashayapmiz.
Dehqonchilikni yig‘ishtirib, pul jamg‘arib avval o‘g‘limga, keyin esa turmush o‘rtog‘imga skuter olib berdim. Shunday xursand bo‘ldilarki, nevaralarimni solib mahallada aylantirib yuribdi, bog‘chaga olib boradi.
Dehqonchiliklarim ham juda zo‘r, gap bo‘lishi mumkin emas, yanvardan boshlangan dehqonchilik. Issiqxonamiz bo‘sh turmasin deb ukrop, kashnich, sarimsoq piyoz, jambil, karam ekib qo‘yganmiz. Bundan avval qishi bilan ko‘katlargacha sotdik. Ekish uchun joy qolmadi hisob. Qani endi boshqa yerim bo‘lsa yana ekinlar eksam.
Yanvardan ko‘chat chiqarishni boshlaganman. Hozirgacha mana to‘rt marta hosil olishga ulgurdim. 40 mingta ko‘chat chiqardim. 30 milliondan oshiqlik ko‘chat sotdim. Yana sotiladigan ko‘chatlarim hali turibdi.
To‘rtta molim bor edi, ikkitasini sotib to‘ylarga ishlatdim. Endi hozir yana mol olishga harakat qilyapman. Yana mol olmoqchiman, qiynalgan paytimda sotib foydalanaman.
Mol uyning qassobi, deyishadi. Chorva boqishni yaxshi ko‘raman. Chorvasiz tirikchiligim o‘tmaydi. 50 ta tovug‘im ham bor. Uyimdan tuxum arimaydi. Tovuqlarim qishin-yozin tuxum tug‘ishdan to‘xtamaydi.
Zilol mahallasi hokim yordamchisi hovlimizga kelib sharoitni o‘rganib issiqxona qurib bergan edi. Unga darrov ko‘chatlar ekdimda, sotib issiqxona qarzini uzvordim”, – deydi Ro‘zixon opa Haydarova.
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyevaning Vashingtonga tashrifi chogʻida AQSh Oʻzbekistonning JSTga kirishini qoʻllab-quvvatlashga vaʼda berdi
-
Siyosat4 days agoSenat yashirin iqtisodiyotga chek qoʻyish maqsadida rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi yangi qonunni maʼqulladi
-
Jamiyat5 days agoNavoiyda xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolalarni kaltakladi
-
Iqtisodiyot4 days agoAmir Temur yubileyiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar chiqarildi
-
Sport5 days agoO‘zbekistonda krossfit ommalashtiriladi – prezident topshirig‘i
-
Sport4 days agoJavohir Sindorov navbatdagi g‘alaba bilan da’vogarlar turniridagi peshqadamlikni mustahkamladi
-
Sport2 days ago
«Real Madrid» chempionlik uchun kurashlardan chiqdimi?
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev chakana savdoda elektron tijorat ulushini uch baravar oshirishni maqsad qilib qo‘ygan
