Jamiyat
quruvchi qamaldi, odamlar mo‘jiza kutishda davom etmoqda
Samarqand shahrining Shohrux ko‘chasida 2018 yilda boshlangan ko‘p qavatli uy qurilishi orqali ko‘plab insonlarga boshpana va’da qilingandi. Hududdagi xonadon egalari esa issiq joyidan ko‘chirilgandi. Oradan sakkiz yil o‘tib ham uylar bitmadi, quruvchi qamaldi. Mijozlar ham, ular to‘lagan pullar ham qadrsizlanishda davom etmoqda.
Kun.uz surishtiruvi shuni ko‘rsatdiki, ushbu chala qolgan loyiha “muammoli uy” deb malakalangan. Hozircha bu muammoning yechimi yoki aniq reja bo‘yicha ma’lumot bera oladigan mas’ulning o‘zi yo‘q.
Qurilish boshlangan paytda hududdagi 20 ga yaqin xonadon egalari turli shartlar asosida quruvchi – “JAHON KAFOLAT STIL” xususiy korxonasi bilan kelishuvga erishgan. Kimdir uyini sotgan, boshqalar yangi uy olish sharti bilan ijaraga chiqqan, yana bir qismi esa yillar davomida jamg‘argan mablag‘ini yangi kvartira uchun to‘lagan. Bugun esa ularning aksariyati og‘ir ijtimoiy va moliyaviy ahvolga tushib qolgan.
Mijozlardan biri Asror Turdiyevning aytishicha, 2018 yilda quruvchi korxona rahbari hokimlik qarori bilan kelib, ikki yil ichida uylarni bitkazib berishni va’da qilgan. Ammo bu muddat avval cho‘zilgan, keyin esa qurilish butunlay to‘xtab qolgan. Hozirgacha u oilasi, nabiralari bilan ijarada yashashga majbur bo‘lmoqda.
Hovlisini quruvchiga berib, o‘rniga yangi uy olish bo‘yicha kelishganlar ko‘pchilik. Mavjuda Ro‘ziqulovaning to‘rtta kadastrli xonadoni bo‘lgan. U uchtasini yangi uyga almashtirishga, bittasini esa kompensatsiyasini olishga kelishgan. O‘zi esa o‘sha vaqtda ijaraga chiqib ketgan.
“Bu vaqt ichida o‘zim kasallik orttirib oldim, 2023 yilda o‘g‘lim nobud bo‘ldi. U juda orzu qilardi yangi uyimizga ko‘chib kirishni. Hozir ahvolim ancha og‘ir, shu sababli ijaradan chiqishga majbur bo‘ldim. Shu yerdagi eski, buzilishdan qolgan garajimizni ta’mirlab kirib oldik. Farzandlarim, nabiralarim bilan shu sharoitda yashashga majbur bo‘lyapmiz”, dedi Mavjuda Ro‘ziqulova.
Umuman, bu yerdan uy olish istagida bo‘lganlarning barchasining o‘z hikoyasi bor. Kimdir xorijda ishlab topgan pulini “JAHON KAFOLAT STIL” xususiy korxonasi rahbariga naqd shaklda to‘lagan. Yana kimdir shahar chekkasidagi uyini sotgan, kimdir mashinalarini sotgan va yangi uy uchun to‘lov qilgan. Deyarli barcha mijozlar bugun moddiy-ijtimoiy tomondan jiddiy muammo bilan to‘qnash kelgan.
Shu hududda 35 yildan buyon yashab kelgan Radik Mo‘minovning qarori esa butunlay noodatiy. Otaxon ijarada yashashga sharoiti bo‘lmagani uchun chala qolgan ko‘p qavatli uyga ko‘chib kira qolgan. Faqat eshik-derazasi bor ushbu xonadonda yashayotgan oqsoqolning ahvoliga havas qilib bo‘lmaydi, albatta.
Samarqand viloyati hududiy qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vakili Bekzod Xo‘jayorovning aytishicha, ushbu uylarning qurilishi 2018 yilda boshlangan. Qurilish me’yorlariga amal qilinmagani sababli qurilish to‘xtatib qo‘yilgan. Quruvchining o‘zi esa ayni paytda qamoqqa olingan.
Xo‘jayorovga ko‘ra, bu hududdagi uylar qurilishi 11 metrdan oshmasligi qayd etilgan. 11 metrli ko‘p qavatli uylar odatda uch qavatdan oshmaydi. Quruvchi esa loyihadan tashqariga chiqqan, uyni to‘rt qavat qilib qurgan. Qolaversa, mijozlardan ham ko‘plab e’tirozlar, murojaatlar tushgan. Natijada Samarqand shahar hokimligi tomonidan sudga da’vo arizasi kiritilgan va quruvchining o‘zi hisobidan ortiqcha qavatni buzish bo‘yicha sud qarori qabul qilingan.
Inspeksiya vakili ayni paytda “JAHON KAFOLAT STIL” xususiy korxonasi rahbari qamalib qolgani sababli uning yaqinlari, jumladan, otasi bilan bog‘langanini aytmoqda. Biroq hujjatlarni rasmiylashtirish, masalani joyiga chiqib o‘rganish bo‘yicha qilingan takliflarni qabul qilmagan.
Samarqand shahar hokimligi bergan ma’lumotga ko‘ra, “JAHON KAFOLAT STIL” xususiy korxonasi tomonidan amalga oshirilgan ko‘p qavatli uylar qurilishi jarayonida bir qator jiddiy qonunbuzilishlar aniqlangan. Jumladan, qurilish ishlari tasdiqlangan loyiha hujjatlari va shaharsozlik normalariga zid ravishda olib borilgani, belgilanganidan ortiqcha qavatlar qurilgani, tegishli ruxsatnomalar va xulosalarsiz ishlar davom ettirilgani qayd etilgan. Shu sababli vakolatli idoralar tomonidan qurilish ishlari to‘xtatilgan. Hozirda mazkur obekt muammoli uylar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, holatni huquqiy jihatdan tartibga solish, kamchiliklarni bartaraf etish va loyihaning keyingi taqdirini hal qilish yuzasidan o‘rganish va yechim topish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu o‘rinda “masalaning yechimi bo‘yicha ishlar olib borilmoqda”, degan javobning o‘zi yetarli emas. Yechim aniq bo‘lishi kerak: hokimlik yoki viloyat darajasidagi biror mas’ul organ belgilanib, shu kabi obektlar bo‘yicha to‘liq reyestr e’lon qilinishi shart – kim qancha pul to‘lagan, qaysi kvartiraga da’vo qilyapti, barchasi ro‘yxatga olinishi lozim. Keyin esa ikki yo‘ldan biri tanlanadi: yo yangi investor kiritilib, qurilish aniq muddat bilan tugatiladi, yoki fuqarolarga keltirilgan zarar to‘liq hisoblanib, kompensatsiya to‘lab beriladi.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Jamiyat
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2026 yilning dastlabki sakkiz oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar davomida 73 nomdagi mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermasligi aniqlandi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qo‘mita hamkor tashkilotlar bilan birgalikda chakana savdo nuqtalarida sotilayotgan xalq iste’moli tovarlarining sifat va xavfsizlik talablariga muvofiqligini tekshirish uchun muntazam ravishda nazorat xaridlarini o‘tkazib kelmoqda. Xarid qilingan mahsulotlar akkreditatsiyadan o‘tgan laboratoriyalarda tekshirilib, ularning davlat standartlari hamda normativ-texnik hujjatlar talablariga mosligi baholanadi.
Xususan, 2026 yilning sakkiz oyida 60 turdagi jami 558 nomdagi mahsulot laboratoriya ekspertizasidan o‘tkazilgan. Natijada ulardan 73 nomdagisi belgilangan normativ-texnik talablarga javob bermasligi ma’lum bo‘lgan.
Ushbu mahsulotlarni savdo rastalaridan qaytarib olish va qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rish uchun tegishli materiallar O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga yuborilgan.
Jamiyat
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
Qonunchilik palatasi deputatlari bugungi majlisida moliyaviy jarimalarni qo‘llash tartibini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini uchinchi o‘qishda qabul qilib, Senatga yubordi.
Hujjatga ko‘ra, tadbirkorlar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab bir oy ichida jarimaning 50 foizini ixtiyoriy to‘lasa, qolgan qismini to‘lashdan ozod etilishi mumkin.
Shuningdek, jarimani 6 oy davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati nazarda tutilmoqda.
Agar jarima to‘g‘risidagi qaror bekor qilinsa yoki haqiqiy emas deb topilsa, noqonuniy undirilgan mablag‘ qaytariladi. Qaytarish kechiktirilgan taqdirda, Markaziy bank asosiy stavkasining uch yuzdan biri miqdorida foiz to‘lash tartibi joriy etiladi.
Hozircha bu qoidalar qonun loyihasida nazarda tutilgan, kuchga kirmagan.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
