Siyosat
Vashingtonda AQSh-O‘zbekiston iqtisodiy kengashi rasman ish boshladi
Iqtisodiy diplomatiyaning yangi bobi AQSh poytaxtida AQSh-O‘zbekiston biznes va sarmoyaviy kengashining rasmiy ochilish marosimi bilan boshlanadi. Marosim ikki tomonlama hamkorlikning bir necha oy davomida ortib borayotganidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
Foto: Saida Mirziyoeva/Telegram
Tantanali marosimni O‘zbekiston Prezidenti Administratsiyasi kotibi Saida Mirziyoyeva va AQSh Prezidentining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Serjio Gol hamraislik qildi. Mirziyoyeva oʻzining Telegram’dagi kanali orqali tarqatgan bayonotida kengash ikki davlat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi bilan qoʻllab-quvvatlanishi va ishbilarmonlik aloqalarini chuqurlashtirish uchun samarali platforma boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi.
Marosim oldidan hamraislar uchrashuv o‘tkazdilar va kelgusida ikki tomonlama biznes hamkorligining asosiy ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Serxio Gol, shuningdek, X ijtimoiy media platformasida Kengash tashkil etilganiga e’tibor qaratdi va bu ishga tushishni so’nggi oylarda savdo diplomatiyasi orqali hamkorlikni rivojlantirishda erishilgan sezilarli yutuqlar bilan izohladi.
Kengashning tashkil etilishi AQSh prezidenti Donald Tramp va C5+1 formati yetakchilari o‘rtasida o‘tgan yilning noyabr oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi muzokaralari ortidan amalga oshirildi. Oʻsha sammitdan soʻng Oʻzbekiston Amerika kompaniyalari bilan yuzlab million dollarlik shartnomalar tuzishga muvaffaq boʻldi. Yangi tashkil etilgan Kengash ushbu o’sib borayotgan sarmoyalarni boshqarish va ikki mamlakat o’rtasidagi xususiy sektor hamkorligini yanada rivojlantirish uchun zarur institutsional asosni ta’minlashi kutilmoqda.
Siyosat
Buxoroda O‘zbekiston va Qozog‘iston yetakchilarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi
Buxoro shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston – Qozog‘iston do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Muzokaralar avvalida davlatimiz rahbari Qozog‘iston Prezidentini yangi Konstitutsiya bo‘yicha referendum muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.
Hududlarda muntazam ravishda norasmiy uchrashuvlar o‘tkazish yaxshi an’anaga aylanib, ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni ochiq va konstruktiv muhokama qilishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
O‘tgan yil noyabr oyida Qozog‘iston Prezidentining O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarning amaliy natijalari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Barcha darajalardagi aloqalar, jumladan, hukumatlararo va parlamentlararo hamkorlik faollashdi.
Tovar ayirboshlash barqaror o‘sib, o‘tgan yili 5 milliard dollarga yetdi. Avtomobilsozlik, infratuzilmani rivojlantirish, logistika, elektrotexnika, qurilish materiallari va boshqa tarmoqlarda kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Kimyo, geologiya, energetika, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni ishlab chiqarish va boshqa sohalardagi bir qator yangi tashabbuslar ko‘rib chiqildi.
Transport va logistika sohasida o‘zaro bog‘liqlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Chegaraoldi infratuzilmani modernizatsiya qilish, to‘siqlarni bartaraf etish va tashqi bozorlarga chiqishni ta’minlaydigan samarali transport yo‘laklarini yaratish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, tomonlar «Qambarota» gidroelektr stansiyasi qurilishi kabi yirik mintaqaviy loyihalarni jadallashtirish va «yashil» energiya eksporti bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish masalalarini ham muhokama qildilar.
Suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqaviy ekologik tashabbuslarni ilgari surish, shu jumladan chegaradosh hududlarda «Toza havo» loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha birgalikda ishlash muhimligi qayd etildi.
Yetakchilar innovatsion va yuqori texnologik sohalarda, jumladan, kosmik texnologiyalar, raqamlashtirish, elektron tijorat va startaplarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi hamkorlikni rivojlantirishga intilish qat’iyligini bildirdilar.
Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish, jumladan, madaniyat kunlari, yoshlar forumlarini o‘tkazish, kreativ iqtisodiyot va turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olindi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Uchrashuv davomida bosh vazirlar o‘rinbosarlarining savdo-iqtisodiy kun tartibining dolzarb jihatlari, jumladan, yaqin istiqbolda o‘zaro savdoni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar bo‘yicha hisobotlari eshitildi.
Muzokara yakunida hukumatlarga erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni qabul qilish topshirildi.
Siyosat
Oliy martabali mehmon Buxoro viloyati hokimligi situatsion markazi bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Buxoro viloyati hokimligi situatsion markazi faoliyati bilan tanishdilar.
Mamlakatimizda joylardagi ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini ularni yagona manzilda jamlagan holda tashkil etishga qaratilgan mahalliy davlat boshqaruvining yangi modeli izchil joriy etilmoqda. Bunday yondashuv idoralar faoliyatining o‘zaro muvofiqlashuvini oshirish, qarorlar qabul qilishni tezlashtirish va aholini o‘ylantirayotgan muammolarni yanada samaraliroq hal qilishga xizmat qiladi.
Viloyat boshqaruvining intellektual o‘zagiga aylangan zamonaviy situatsion markaz Buxoroning yangi ma’muriy markazida tashkil etildi. Bu yerda dastlabki bosqichda viloyat va shahar hokimliklari, viloyat prokuraturasi, ichki ishlar boshqarmasi hamda boshqa tuzilmalar joylashgan.
Markazda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan tortib, investitsiya loyihalarini amalga oshirish, kommunal va transport infratuzilmasi, jamoat xavfsizligi holati, fuqarolar murojaatlari bilan ishlashgacha, umuman, viloyat hayotining barcha jabhalari bo‘yicha ma’lumotlar real vaqt rejimida shakllanadi, qayta ishlanadi va tizimli ravishda tahlil qilinadi.
Oliy martabali mehmonga markazning hududlar kesimida vaziyatni kompleks monitoring qilish, muammoli nuqtalarni barvaqt aniqlash, joylardagi ish samaradorligini xolis baholash va belgilangan vazifalarning bajarilishini qat’iy nazorat qilish bo‘yicha imkoniyatlari aniq misollar asosida ko‘rsatib berildi.
Shundan so‘ng yetakchilar hokimlik xodimlari uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdilar. Yangi bino zamonaviy ish joylari, majlislar zallari, raqamli infratuzilma bilan jihozlanib, davlat idoralarining samarali va uyg‘un bo‘lib ishlashi uchun barcha zarur qulayliklar ta’minlangan.
Tashrif davomida Qozog‘iston Prezidentiga noyob arxiv materiallarining nusxalari ham ko‘rsatildi. Bu O‘zbekistonda aniqlangan, Turkistonda joylashgan Xoja Ahmad Yassaviy va Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya Sultonbegim maqbaralariga aloqador 1920–1950 yillarga oid qimmatli hujjatlar, chizmalar va fotomateriallardir.
Qardosh qozoq xalqiga va ikki mamlakatning umumiy tarixiga hurmat belgisi sifatida ushbu arxiv hujjatlarining nusxalari Qozog‘iston tomoniga hadya qilindi.
Hozirgi kunga qadar aksariyati ilmiy muomalaga kiritilmagan bu materiallar katta tarixiy va ilmiy ahamiyatga ega ekani qayd etildi. Noyob me’morchilik yodgorliklari bo‘lgan Ahmad Yassaviy va Robiya Sultonbegim maqbaralari Markaziy Osiyo xalqlarining umumiy tarixiy-madaniy merosida alohida o‘rin tutishi ta’kidlandi.
Siyosat
To‘qayev va Mirziyoyev sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy xakatonga tashrif buyurdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Buxoro shahrining universal sport majmuasida o‘tkazilayotgan «National AI Hackathon» – sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy xakatonga tashrif buyurdilar.
Ushbu tadbir davlatimiz rahbari tashabbusi bilan O‘zbekistonda sun’iy intellekt ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan izchil siyosat doirasida tashkil etildi.
Yetakchilarga raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish borasidagi ishlar natijalari taqdimot qilindi. Xususan, «Raqamli hukumat» tizimi, transport, bojxona, soliq, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoya, energetika, geologiya, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalaridagi yechimlarni o‘z ichiga olgan raqamli transformatsiya jarayonlari haqida axborot berildi.
Mazkur sohalarni raqamlashtirish davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va aholining hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston startaplarini qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish ekotizimi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Davlat rahbarlari «KPI-COM», «OSON», «DATOX» va boshqa istiqbolli startap loyihalari faoliyati bilan tanishdilar hamda ularning tashabbuskorlari bilan muloqot qildilar.
Milliy va xorijiy akseleratorlar, jumladan, «UZUM», «TBC Bank», «Aloqabank», «HUMO», «UZCARD» faoliyati to‘g‘risida ma’lumotlar tinglandi.
Venchur infratuzilmasini yanada rivojlantirish va yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.
Bank sohasining yutuqlari, xususan, raqamli bank xizmatlari va zamonaviy to‘lov yechimlarining rivojiga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbarlariga xakaton o‘tkazish konsepsiyasi va ishtirokchilarning turli sohalardagi dolzarb muammolarni hal qilishga qaratilgan loyihalari taqdim etildi.
Ochiq muloqot davomida yoshlarda mazkur sohaga qiziqishi yuqoriligi, yigit-qizlarning ijodiy salohiyati va sun’iy intellekt texnologiyalarini amaliy qo‘llashga bo‘lgan ishtiyoqi yuqori baholandi.
Tashrif yakunida Prezidentlar xakaton ishtirokchilari va startap hamjamiyati vakillari bilan esdalik uchun suratga tushdilar.
Siyosat
Davlat rahbarlari Ark qo‘rg‘oni, Poi Kalon va Labi Hovuz majmualarini tomosha qildilar
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda qadimiy Buxoroning dunyoga mashhur yodgorliklari – Ark qo‘rg‘oni, Poi Kalon va Labi Hovuz ansambllarini ziyorat qildi.
Oliy martabali mehmonga ushbu noyob yodgorliklarning tarixi, me’morchiligi hamda Sharq ilm-fani, madaniyati va shaharsozligi taraqqiyotida tutgan o‘rni haqida batafsil ma’lumot berildi.
Tashrifning birinchi manzili – ko‘p asrlar davomida Buxoroning siyosiy va ma’muriy markazi bo‘lib xizmat qilgan Ark qal’asi bo‘ldi. Arxeologik va tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, qal’a uzoq vaqt davomida shakllanib kelgan va yaqin tarixdagi davrdan boshlab Buxoro hukmdorlarining qarorgohi bo‘lgan. Bugungi kunda Ark YuNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Buxoro tarixiy markazining asosiy ramzlaridan biri va muhim qismi hisoblanadi.
Shundan so‘ng yetakchilar Markaziy Osiyoning eng ulug‘vor me’moriy majmualaridan biri Poi Kalon ansambliga tashrif buyurdilar. 1127-yilda bunyod etilgan mashhur Kalon minorasi majmuaning eng diqqatga sazovor obidasi bo‘lib, u asrlar davomida nafaqat Buxoro me’morchiligi namunasi, balki shaharning haqiqiy “tashrif qog‘ozi” bo‘lib xizmat qilgan.
Ansambl tarkibiga XVI asr boshlariga oid Kalon masjidi va Mir Arab madrasasi ham kiradi. Ushbu majmua haqli ravishda shayboniylar davridagi Buxoroning durdonalaridan biri hisoblanadi.
Qadimiy hovuz atrofida qurilgan Labi Hovuz majmuasi oliy martabali mehmonda katta taassurot uyg‘otdi. Majmua tarkibiga Ko‘kaldosh madrasasi, Nodir Devonbegi madrasasi va xonaqohi kiradi. Bu joy asrlar davomida mahalliy aholi, sayohatchilar va olimlarni o‘ziga jalb qiluvchi maskan bo‘lib kelgan hamda o‘rta asrlardagi Buxoroning o‘ziga xos muhitini bugungi kungacha saqlab qolgan.
Shuningdek, tashrif davomida xalq hunarmandchiligi va an’anaviy bezak san’ati namunalari, me’moriy obidalardagi naqshlarning o‘ziga xosligi namoyish etildi.
Oliy martabali mehmonga Buxoroning Buyuk ipak yo‘lidagi islom sivilizatsiyasining eng yirik ilm-fan, ta’lim va savdo markazlaridan biri sifatidagi ko‘p asrlik tarixi haqida so‘zlab berildi.
Ta’kidlash joizki, Buxoro butun mintaqa uchun muhim ma’naviy-ma’rifiy makon ham edi. Bu yerda o‘z vaqtida qozoq ziyolilari va ma’rifatparvarlarining ko‘plab taniqli namoyandalari tahsil olgan, bu esa xalqlarimiz umumiy tarixiy-madaniy merosining alohida sahifasini tashkil etadi. Xususan, qozoq adabiyoti, ma’naviyati va ijtimoiy tafakkuri rivojiga sezilarli hissa qo‘shgan Mashhur Jusup Ko‘peyev, Nurjon Naushabayev, Shortanbay Qanay o‘g‘li, Sultonmahmut To‘rayg‘irov va boshqalarning nomlari Buxoro madrasalari bilan bog‘liq.
Siyosat
Prezidentlar Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdi
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgach, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qildi.
Qadimiy Buxorodan 12 kilometr uzoqlikda joylashgan majmua mintaqadagi eng muhim ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. Bu yerda XIV asrning yirik ulamosi — naqshbandiya tariqatining asoschisi Bahouddin Naqshband dafn etilgan.
O‘zbek va qozoq xalqlarining dini, ma’naviy qadriyatlari bir. Yurtimizda yashagan avliyo va allomalar Qozog‘istonda ham e’zozlanadi. Buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband ana shunday siymolardan biridir.
Ansambl asrlar davomida shakllangan bo‘lib, bugungi kunda uning tarkibida maqbara, Abdulazizxon tomonidan ziyoratchilar uchun qurilgan xonaqoh, ikkita masjid, shayboniylar, ashtarxoniylar va mang‘itlar sulolalari amirlari dafn etilgan daxma, shuningdek, so‘fiylik tarixiga bag‘ishlangan muzey o‘rin olgan.
O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan majmua yanada obod qilinib, tarixiy qiyofasi tiklandi. Avvalo, Toqi miyona darvozasidan boruvchi tarixiy yo‘lak qayta ta’mirlandi. Toqi miyona darvozasining ikki yoni boqqa aylantirilgan. Muzey va tahoratxona barpo etilgan. Mang‘itlar sulolasiga mansub bo‘lgan Buxoro otalig‘i Doniyolbiy qurdirgan madrasa ta’mirlanmoqda.
Tashrif davomida Qur’on oyatlari tilovat qilinib, qardosh xalqlarimizga tinchlik va farovonlik tilab, duo o‘qildi.
-
Siyosat5 days agoSaida Mirziyoyevaning Vashingtonga tashrifi chogʻida AQSh Oʻzbekistonning JSTga kirishini qoʻllab-quvvatlashga vaʼda berdi
-
Siyosat4 days agoSenat yashirin iqtisodiyotga chek qoʻyish maqsadida rieltorlik faoliyati toʻgʻrisidagi yangi qonunni maʼqulladi
-
Jamiyat5 days agoNavoiyda xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolalarni kaltakladi
-
Iqtisodiyot4 days agoAmir Temur yubileyiga bag‘ishlangan oltin va kumush tangalar chiqarildi
-
Sport5 days agoO‘zbekistonda krossfit ommalashtiriladi – prezident topshirig‘i
-
Sport4 days agoJavohir Sindorov navbatdagi g‘alaba bilan da’vogarlar turniridagi peshqadamlikni mustahkamladi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev chakana savdoda elektron tijorat ulushini uch baravar oshirishni maqsad qilib qo‘ygan
-
Sport2 days ago
«Real Madrid» chempionlik uchun kurashlardan chiqdimi?
