Iqtisodiyot
Prezident 2026 yilda inflatsiyani 6,5 foiz darajasida saqlab qolish vazifasini belgiladi
Shavkat Mirziyoyev huzurida o‘tgan yig‘ilishda mas’ullarga inflatsiyani jilovlash, sanoat va eksport ko‘rsatkichlarini ta’minlash, investitsiya loyihalarini jadallashtirish, bank tizimi va qurilish dasturlaridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevga 30 mart kuni 2026 yil I choragida iqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini ta’minlash hamda jahon bozoridagi beqaror vaziyatning milliy iqtisodiyotga salbiy ta’sirini kamaytirish yuzasidan axborot berildi.
Inflatsiyani joriy yilda 6-6,5 foiz doirasida saqlab qolish eng muhim vazifalardan biri ekaniga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, jahon bozorida neft narxining keskin qimmatlashi transport va neft-kimyo mahsulotlari tannarxiga ta’sir ko‘rsatayotgani, polietilen va polipropilen narxlarida ham o‘sish kuzatilayotgani aytildi. Shu bois, asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining importi, transport-logistika masalalari va muqobil yo‘laklardan foydalanish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
Bundan tashqari, tadbirkorlarning xomashyo, bozor va kredit bilan bog‘liq muammolarini hozirdan hal etish muhimligi ta’kidlandi.
Eksportchilar tomonidan ko‘tarilayotgan asosiy masalalardan biri transport-logistika ekani, jahonda ro‘y berayotgan voqealar ta’sirida eksport yuk tashishlarida uzilishlar va qimmatlashuv jiddiy xavotir uyg‘otayotgani ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan qo‘shni davlatlar bilan transport va savdo masalalari bo‘yicha yaqin hamkorlikni kuchaytirish, oziq-ovqat mahsulotlarini aviatashuv orqali eksport qilish va tadbirkorlar uchun arzonlashtirilgan tariflarni joriy etish choralarini ko‘rish topshirildi.
Xorijiy investitsiyalar masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Tahlikali xalqaro vaziyat ayrim loyihalar ijrosiga ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi bildirildi. Shu munosabat bilan amalga oshirilayotgan har bir loyihani muntazam tahlil qilib borish va investorlar bilan kunlik muloqot o‘rnatish vazifasi belgilandi.
Bank-moliya sohasida biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilayotgan kreditlar dinamikasi ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda qayd qilinishicha, yilning dastlabki ikki oyida sanoat 7,7 foizga, xizmatlar 15,4 foizga o‘sdi, 3,5 milliard dollarlik eksport amalga oshirildi va 8,3 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilindi.
Yil boshidan 9 ta viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga respublika budjetidan qo‘shimcha 2,3 trillion so‘m va 500 million dollar mablag‘ yo‘naltirildi. “Yangi O‘zbekiston qiyofasi” maqomi berilgan 33 ta tuman va 330 ta mahalla uchun mahalliy budjetlarga 3,9 trillion so‘m ajratildi. Og‘ir toifadagi 37 ta tuman va 903 ta mahallaga jami 3,9 trillion so‘m hamda mahalliy budjetlardan 1,3 trillion so‘m, 283 ta “drayver” loyihalarga birinchi bosqichda 1 trillion so‘m ajratildi.
Yil yakuniga qadar gavjum ko‘chalar, sohilbo‘yi va yo‘lbo‘yi infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun jami 1,2 trillion so‘m, turizm salohiyati yuqori bo‘lgan 150 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilash uchun 450 milliard so‘m, 400 ta mahallada 50 ta mikrosanoat markazlarini tashkil qilish uchun 150 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltiriladi.
Shu bilan birga, qisqa vaqt ichida dunyodagi vaziyat keskin o‘zgarib, iqtisodiyot tarmoqlari barqarorligi, tashqi savdo yo‘laklari va import narxlariga qo‘shimcha bosim yuzaga keltirayotgani ta’kidlandi. Bunday sharoitda har bir tarmoq va hudud rahbari vaziyatni oldindan baholab, turli ssenariylar asosida proaktiv ishlashi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Davlat rahbari joriy raqamlar ijobiy bo‘lishiga qaramasdan, hech bir rahbar xotirjamlikka berilishi mumkin emasligini ta’kidladi. Hozirgi murakkab vaziyatda xavf-xatarlarni oldindan ko‘ra bilish, ularni yumshatish bo‘yicha aniq rejalar bilan ishlash, tarmoqlar va hududlarda muammolarni kutib o‘tirmasdan, ularga tezkor yechim topish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mas’ullarga inflatsiyani jilovlash, sanoat va eksport ko‘rsatkichlarini ta’minlash, investitsiya loyihalarini jadallashtirish, bank tizimi va qurilish dasturlaridagi muammolarni bartaraf etish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyot
Qirg‘iziston ilk bor o‘z milliy valutasini mustaqil chop etishni boshladi
Qirg‘iziston ilk bor milliy valutasini mamlakat ichida chop etishni boshladi. Bungacha som Buyuk Britaniya va Fransiya kompaniyalari tomonidan tayyorlab kelingan. «Avval biz milliy valutamizni chop etish uchun xorijiy davlatlarga buyurtma berishga majbur edik va buning uchun mablag‘ to‘lardik. Endi hammasi o‘zgardi», deya yozdi mamlakat rahbari Sadir Japarov. Ma’lumot uchun, qariyb 30 yildan beri o‘zbek milliy valutasidagi barcha qog‘oz pullar va tangalar Toshkentda tayyorlanadi.
Foto: Qirg‘iziston prezidenti matbuot xizmati
Qirg‘iziston o‘z tarixida ilk bor milliy valutasi – somni mustaqil ravishda chop eta boshladi. Bu haqda mamlakat rahbari Sadir Japarov Facebook’dagi sahifasida e’lon qildi.
«Avval biz milliy valutamizni chop etish uchun xorijiy davlatlarga buyurtma berishga majbur edik va buning uchun mablag‘ to‘lardik. Endi hammasi o‘zgardi: biz shunday darajaga yetdikki, endi o‘zimiz boshqa davlatlar uchun ham buyurtma asosida valuta chop eta olamiz», – deya yozdi Qirg‘iziston prezidenti.
Japarovning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston pul ishlab chiqarishda barcha zarur standart va talablarga muvofiqlikni tasdiqlovchi xalqaro sertifikatni qo‘lga kiritgan. Respublikada allaqachon ID-kartalar, haydovchilik guvohnomalari va boshqa hujjatlar ham chop etilyapti.
Ma’lumot uchun, shu paytgacha Qirg‘izistonning milliy valutasi asosan Buyuk Britaniyaning «De La Rue» hamda Fransiyaning «Oberthur Fiduciaire» kompaniyalarida chop etilgan. Qirg‘izistonning 1993 yilda muomalaga kiritilgan eng birinchi qog‘oz pullari ham aynan Britaniyaning «De La Rue» bosmaxonasida tayyorlangan.
So‘m qayerda chop etiladi?
Mustaqillikning ilk yillarida O‘zbekistonning o‘zida maxsus pul chop etish va zarb qilish quvvatlari hali to‘laqonli shakllanmagandi. Shu sababli dastlabki milliy valuta chet elda tayyorlangan: 1993 yilning noyabrida muomalaga kiritilgan o‘tish valutasi — so‘m-kuponlar Buyuk Britaniyaning «Harrison & Sons» kompaniyasida bosib chiqarilgan.
1994 yil 1 iyulda joriy etilgan milliy valuta – so‘mning ilk qog‘oz banknotalari (1 so‘mdan 100 so‘mgacha bo‘lgan nominaldagi pullar) Germaniyaning «Giesecke & Devrient» kompaniyasi tomonidan tayyorlangan. Hozir bu yerda YeI valutasi — yevro ham chop etiladi. 1994 yildagi dastlabki metall tangalar esa Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida zarb etilgan.
Toshkentdagi «Davlat belgisi» korxonasi 1993 yilda ishga tushirilgan. 1994 yildan boshlab aynan shu fabrikada Britaniyaning «Harrison & Sons» kompaniyasidan keltirilgan uskunalar yordamida qisman mahalliy ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Qog‘oz pullarni to‘liq hajmda, mustaqil ravishda faqat O‘zbekistonda chop etish amaliyoti 1997 yilda muomalaga kiritilgan 200 so‘mlik banknotadan boshlanadi. O‘sha davrdan e’tiboran barcha qog‘oz pullar va tangalar faqat Toshkentda tayyorlanadi. Ayni paytda bu yerda boshqa mamlakatlar milliy valutasi ham bosib chiqariladi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston – Afg‘oniston ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi
Tomonlar iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va o‘zaro savdo hajmini 5 mlrd dollarga yetkazish bo‘yicha chora-tadbirlarni kelishib oldi. Xususan, eksport salohiyatini oshirish, raqamli bojxona tizimlarini joriy etish, moliyaviy va sug‘urta xizmatlarini rivojlantirish hamda savdo jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.
Foto: Savdo-sanoat palatasi
26 mart kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Afg‘oniston Savdo va investitsiya palatasi raisi Muhammad Karim Hoshimiy boshchiligidagi delegatsiya ishtirokida O‘zbekiston–Afg‘oniston Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi va uning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deya xabar berdi SSP matbuot xizmati.
Kengash tarkibiga jami 32 nafar vakil kiritildi. Jumladan, O‘zbekiston tomonidan Savdo-sanoat palatasi rahbariyati va sohaviy uyushmalar vakillari, Afg‘oniston tomonidan esa Savdo va investitsiya palatasi hamda yetakchi xususiy kompaniyalar rahbarlari ishtirok etadi.
Kengash faoliyati doirasida qurilish materiallari, farmatsevtika, oziq-ovqat, to‘qimachilik, elektrotexnika va neft mahsulotlari kabi ustuvor tarmoqlar qamrab olinadi. Bu ikki mamlakat o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va o‘zaro savdoni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar yaratishi kutilyapti.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirish va yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar qisqa muddatda o‘zaro savdo hajmini 5 mlrd dollarga yetkazishni belgilab, bu maqsadga erishish uchun aniq chora-tadbirlar rejasini kelishib oldi. Xususan, eksport salohiyatini kengaytirish, raqamli bojxona tizimlarini joriy etish, moliyaviy va sug‘urta xizmatlarini rivojlantirish hamda savdo jarayonlarida shaffoflikni ta’minlash ustuvor vazifalar sifatida qayd etildi.
Shuningdek, ko‘rgazmalar, biznes-forumlar va B2B uchrashuvlarni muntazam tashkil etish orqali ishbilarmonlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Iqtisodiyot
Raqobat qo‘mitasi propan narxini sun’iy oshirgan 31 ta kompaniyani jarimaga tortdi
Raqobat qo‘mitasining Maxsus komissiyasi mahalliy bozorga propan yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi 31 ta kompaniyaga nisbatan narxlarni asossiz ravishda oshirish holatlari bo‘yicha ish qo‘zg‘atdi. Tekshiruv yakunlariga ko‘ra, qoidabuzar kompaniyalarga 28,9 mlrd so‘m miqdorida jarima tayinlandi. Shuningdek, asossiz olingan 34,1 mlrd so‘m pul mablag‘larini respublika budjetiga qaytarish bo‘yicha qaror qabul qilingan.
2025 yil noyabr-dekabr oylari va joriy yilning yanvar oyida propanning birja savdolaridagi boshlang‘ich narxini asossiz oshirish va hajmlarni sun’iy ravishda birja savdolariga chiqarmaslik holatlari kuzatilgan, deya xabar berdi Raqobat qo‘mitasi axborot xizmati.
Nazorat tadbirlari va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar bilan o‘tkazilgan muhokamalar yakuniga ko‘ra, quyidagi 31 ta kompaniya tomonidan raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilgan deb topildi:
«POYTUG‘ GAZ TO‘LDIRISH KORXONASI» MChJ,
«TARAQQIYOT GAZ SERVIS» MChJ,
«SHIRIN GAZ SERVIS» MChJ,
«OLTINKO‘L HAMKOR RIVOJ» MChJ,
«OSIYO HAMKOR MAKS» MChJ,
«INGINERING GAZAVTO SERVIS» MChJ,
«NAMANGAN-ISTIQLOL BOG‘I» MChJ,
«NASAF TA”MINOT GAZ PRESS» MChJ,
«FRIDAY-EXSTRA» XK,
«SAIDBEK TURABOV» MChJ,
«PLANETA NEFT GAZ INVEST» MChJ,
«GOLD SAMARKAND OIL» MChJ,
«MAROQAND-ENERGY GAZ OIL» MChJ,
«ASATILLO BOBO GAZ INVEST» MChJ,
«UNIT GROUP SIRDARYA» MChJ,
«GAZONE» MChJ,
«CRITICAL MERCHANT» MChJ,
«NAFTON» MChJ,
«FARG‘ONA GAZ TO‘LDIRISH STANSIYASI» MChJ,
«DAVR GLOBAL SYSTEM» MChJ,
«LUTF GAZ OIL» MChJ,
«PRIME ENERGI OIL» MChJ,
«OILCHEM» MChJ,
«SH-Z HANDSOME GROUP» MChJ,
«CRUDE OIL» MChJ,
«TARBATNEFT» MChJ,
«INTERNEFT» MChJ,
«GTL GAZ» MChJ,
«WIMBLEDON OIL» MChJ,
«INTER GAS OIL LPG» MChJ,
«ENERGIE-GROUP» MChJ
Shundan, 12 ta sub’yekt («SHIRIN GAZ SERVIS» MChJ, «NASAF TA’MINOT GAZ PRESS» MChJ, «FRIDAY-EXSTRA» XK, «MAROQAND-ENERGY GAZ OIL» MChJ, «ASATILLO BOBO GAZ INVEST» MChJ, «UNIT GROUP SIRDARYA» MChJ, «GAZONE» MChJ, «FARG‘ONA GAZ TO‘LDIRISH STANSIYASI» MChJ, «OILCHEM» MChJ, «SH-Z HANDSOME GROUP» MChJ, «INTERNEFT» MChJ hamda «GTL GAZ» MChJ) tomonidan birja savdolarida raqobatga zid bo‘lgan muvofiqlashtirilgan harakatlarni amalga oshirganlik holatlari, qolgan holatlarda birja savdolarida boshlang‘ich narxlarni asossiz oshirish, mahsulotni qonunchilikka zid ravishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida sotganlik harakatlari sodir etilganligi aniqlangan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan 31 ta sub’yekt tomonidan «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablari buzilganligi e’tirof etilib, qonunbuzilishi davridagi tovar aylanmasiga nisbatan (28,9 mlrd so‘m) moliyaviy jarima qo‘llash hamda asossiz olingan (34,1 mlrd so‘m) pul mablag‘larini respublika budjetiga yo‘naltirish bo‘yicha qaror qabul qilingan.
Qayd etilishicha, ko‘rilgan tezkor choralar natijasida propan narxi 21 foizgacha arzonlashtirilishiga erishilgan.
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda metallurgiya sanoati yil boshida 2,1 barobarga o‘sdi
O‘zbekistonda metallurgiya sanoati yil boshida 2,1 barobarga o‘sdi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar oyida O‘zbekistonda 29,2 trln so‘mlik metallurgiya sanoati mahsulotlari ishlab chiqarilgan.
Bu ko‘rsatkich 2025-yilning mos davriga nisbatan 2,1 barobarga oshgan.
Yillar kesimida metallurgiya sanoati hajmi quyidagicha (yanvar):
2020- yil – 4,8 mlrd so‘m
2021-yil – 6,8 mlrd so‘m
2022-yil – 7,7 mlrd so‘m
2023-yil – 8,1 mlrd so‘m
2024-yil – 10,4 mlrd so‘m
2025-yil – 14,1 mlrd so‘m
2026-yil – 29,2 mlrd so‘m.
Iqtisodiyot
Issiqxona xo‘jaliklariga yangi imtiyozlar beriladi
Prezident qaroriga muvofiq, aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlash maqsadida issiqxona xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qator yangi imtiyoz va preferensiyalar joriy etildi.
2026 yil 25 martda qabul qilingan “Aholini kuz-qish mavsumlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qaroriga ko‘ra, 2026–2027 yillarda respublikada issiqxonalar faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi.
Jumladan, Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida kamida 940 gektar maydonda zamonaviy issiqxona majmualarini tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, energiya tejamkor va muqobil energiya manbalariga asoslangan isitish tizimlari ulushini kamida 50 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Qarorga muvofiq, Surxondaryo viloyatida “Surxon-Agro” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etiladi. Mazkur hududda faoliyat yurituvchi issiqxona xo‘jaliklariga qator imtiyozlar taqdim etiladi.
Xususan, yer uchastkalari tadbirkorlarga elektron onlayn auksion orqali ijaraga berilganda 5 yil davomida ijara to‘lovining nol stavkasi qo‘llanadi. Shuningdek, issiqxonalarni sug‘orish va texnologik jarayonlar uchun foydalaniladigan oqova hamda yerosti suvlari uchun to‘lovlardan 3 yil muddatga ozod etish belgilangan.
Bundan tashqari, anomal sovuq ob-havo sharoitlarida, ekologik talablarga rioya qilingan holda, istisno tariqasida ko‘mir yoqishga ruxsat beriladi.
Mazkur chora-tadbirlar issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish va aholini yil davomida barqaror ta’minlashga xizmat qiladi.
-
Jamiyat5 days ago
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston ikkita toʻlaqonli islom bankini tashkil etadi, 2030-yilgacha 1 milliard dollar jalb etishni maqsad qilgan
-
Dunyodan4 days ago
Maskat va Toshkent oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyiladi.
-
Dunyodan1 day agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Jamiyat5 days ago
«Ташаббусли бюджет» ғолиблари эълон қилинди
-
Dunyodan2 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Dunyodan3 days ago
Saudiya Arabistoni AQShni urushga chaqirmoqda
-
Iqtisodiyot5 days agoO‘zbekistonda kichik AES qurilishi Rossiya kompaniyalarini 24,7 mlrd dollargacha buyurtmalar bilan ta’minlaydi – Lixachyov
